O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Samarqand viloyatida bo‘lib qaytdi. Tashrif davomida davlat rahbari bir qator obyektlarni borib ko‘rdi, mahallalardagi hokim yordamchilari bilan suhbatda bo‘ldi, viloyat mas’ullari bilan yig‘ilishda 10 nafar rahbarni ishdan oldi. Tashrifni Samarqanddan yoritib borgan “Daryo” muxbirlari o‘z taassurotlari va reportajini havola qiladi.
Tashrifning dastlabki manzili — yiliga 2,5 million, soatiga 800 nafar yo‘lovchiga xizmat qiladigan Samarqand xalqaro aeroporti
Viloyatga yetib kelgan davlat rahbari dastlab Samarqand xalqaro aeroportida yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ushbu aeroport qariyb 83 million dollarlik loyiha evaziga yangidan qurilmoqda. 2021-yili uchish-qo‘nish yo‘lagi qayta qurilgan. Bugungi kunda yangi terminal to‘liq tiklanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yo‘l, avtoturargoh va yoritish ustunlari barpo etilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, terminalda self checking, ya’ni o‘zini-o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi mavjud. Mazkur tizim orqali fuqaro o‘z pasporti orqali maxsus uskunadan chiptani olib, bojxona nazoratiga o‘tadi. Bu yerda ham avtomatlashtirilgan tizim orqali aqlli texnologiyalar fuqaroni tekshiradi.
Ayni vaqtda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilyapti, yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etildi, zamonaviy radiolokatsion tizim, 24 ta samolyot uchun turargoh hamda 700 ta avtomobil uchun avtoturargoh qurildi.
Mazkur aeroport binosi Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobi shaklida barpo etilgan. Terminalning eni 175, balandligi 25 metr. Terminal bir yilda 2,5 million, bir soatda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Aeroportda “ochiq osmon” rejimi qo‘llaniladi, kargo xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Yangi terminal joriy yilning mart oyida foydalanishga topshiriladi.
Navbatdagi manzil — qaytadan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasi
Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Davlat rahbari majmua qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda. Maqbaraning o‘ng tomonida, yer ostida galereya qurilmoqda. Bu yerda ziyoratchilar alloma qabrini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maqbara naqqoshlik va xattotlik san’ati asosida sayqallanadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev hazrati Hizr majmuasidagi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi.
Bo‘stonsaroy ko‘chasida qurilgan galereya uslubidagi ko‘prikni piyoda ko‘zdan kechirgan prezident
Navbatdagi manzil viloyatdagi Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnel bo‘ldi. Tunnelning uzunligi 120, kengligi qariyb 27 metr. Rudakiy ko‘chasida avtomobil va tramvay yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilgan.
Shu yerda prezident yo‘llardagi avariyalar, jamoat transporti tizimi haqida ham gapirib, Samarqandda tramvay bor ekanligini alohida qayd etdi. Shavkat Mirziyoyev Toshkentga ham tramvayni qaytarish haqida ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu bo‘yicha fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
Tunnel qurilishi ko‘zdan kechirilgandan keyin yo‘lga tushgan prezident korteji sal o‘tmay yana to‘xtadi. Shavkat Mirziyoyev mazkur tunnel yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasida qurilgan galereya uslubidagi ko‘prikni piyoda ko‘zdan kechirdi.
Shu paytgacha yo‘lning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi ancha past bo‘lib, yog‘ingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirib kelgan. Shu bois yo‘l 23 metrgacha ko‘tarilib, eni 31 metrgacha kengaytirilgan. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatilgan. Piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan.
Prezident Samarqanddagi ko‘zi ojizlar maktab-internatining to‘rt o‘quvchisini OTMlarga imtihonsiz qabul qildi
Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi 59-son ko‘zi ojizlar maktab-internatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida prezident ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun oliygohni tugatganlaridan keyin har bir davlat idorasida ish o‘rni bo‘lishi kerakligini aytdi.
Davlat rahbari ushbu maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘lib, u yerda o‘qiydigan ikki nafar qizga oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga kirishi bo‘yicha qarorga imzo chekishini aytdi.
“Men sizlarning maktablaringiz haqida ko‘p eshitdim, Odinaxon va Mahbubaxonlar shaxmat-shashka bo‘yicha O‘zbekiston va Jahon chempionlari ekan. Bu sizlarning matonalatlaringiz. Ikkingiz ham xohlagan oliygohlaringizga imtihonsiz qabul qilinasiz. Sizlar bugundan boshlab o‘zlaringizni studentman deb hisoblashingiz mumkin”, — dedi prezident.
Bundan tashqari, prezident shashka bo‘yicha olti karra O‘zbekiston chempioni bo‘lib, 2022-yilda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga chiqqan qizga ham oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz qabul qilinishini aytdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev maktabning o‘qituvchilaridan biri bilan suhbatda bo‘lgan va uning qiziga pianino sovg‘a qilishini aytdi. Bundan tashqari, prezident u qizga ham oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi bo‘yicha qarorga imzo chekishini ta’kidladi.
Keyingi manzil — qiymati 381 million dollarni tashkil etadigan Silk road Samarkand turizm markazi qurilishi bo‘ldi
Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida qiymati Silk road Samarkand turizm markazi qurilishini borib ko‘rdi.
Ushbu majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida barpo etilmoqda. Bugungi kunda 8 ta mehmonxona, kongress holl, “Abadiy shahar” karvonsaroyi qurilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi.
Davlat rahbari bizda turistlar kelib tomosha qiladigan bino va obidalar ko‘pligi, lekin xizmatlar turi kam, sifati past ekanligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga turizm sohasida o‘qiyotgan talabalar shu yerga kelib, amaliyot o‘tashi zarurligini aytdi.
Shuningdek, prezident “Abadiy shahar” karvonsaroyini ham kirib ko‘rdi.
“Bu yerda tariximiz, madaniyatimiz namoyon bo‘ladi, odamlar bolalari bilan kelib ko‘radi. Shuning uchun binolardagi bezaklar, ranglar me’yorida, milliyligimizga xos bo‘lishi kerak. Karvonsaroy hovlisida hunarmandlar rastasi tashkil qilish ham mumkin”, — dedi prezident.
“Bitta mahallani tinchitgan odam — u jamiyatning quyi pog‘onasidagi vaziyatni bilgan odam”. Prezident Jomboy tumanidagi 38 ta mahallaga tayinlangan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan suhbatda bo‘ldi
Tashrifning navbatdagi manzili esa Jomboy tumani “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘iniga bordi. Mazkur hududda davlat rahbari 38 ta mahallaga tayinlangan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan suhbatda bo‘ldi.
“Biz marrani juda katta oldik. Samarqandda qiladigan ishlarimiz shu kungacha qilgan ishlarimizdan besh karra ko‘p desak to‘g‘ri bo‘ladi. Mahallalarda yo‘llar, svet, gaz yo‘q, ishsizlik mavjud, odamlar maktablaridan norozi. Hali maktabgacha ta’limimiz hamma qishloqda yo‘q. Xalqqa yaqin bo‘lgan davlat barcha jabhada yutadi. Ota-bobomizdan qolgan mahallani biz qanotsiz, qo‘lsiz, bilimsiz, pulsiz qilib qo‘ygandik. Men hokim yordamchilariga katta imkon yarataman. Chunki bitta mahallani tinchitgan odam — u jamiyatning quyi pog‘onasidagi vaziyatni bilgan odam”, — deydi prezident.
Shavkat Mirziyoyev hokim yordamchilaridan biri bilan suhbatda bo‘lib, undan mahallasida qancha ishsiz fuqaro borligini va buning uchun qanday yechim borligini so‘radi. Ta’kidlanishicha, bir mahallada 112 nafar ishsiz mavjud va ular tomorqasi bor bo‘lgan xonadonlarga 10 nafardan biriktirilyapti.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda 10 nafar rahbar ishdan olindi — prezident tashrif yakunida Samarqand viloyati hokimlar va sektor rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shahar va tumanlardagi dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim hokimlar poraxo‘rlik, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ygan, odamlar dardiga bee’tibor bo‘lganligi aytildi. Zarur mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, ichimlik suvi, issiqlik va elektr ta’minotini yaxshilash ishlari sust tashkil etilgani ta’kidlandi.
Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun ajratilgan subsidiya mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan. Viloyat banklarida muammoli kreditlar hajmi ortgan, kreditlarni noto‘g‘ri ajratish, imtiyozli kreditlarga mo‘ljallangan mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Yo‘l-transport hodisalari, jinoyatlar soni oshgan.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish davomida 10 nafar rahbarni ishdan oldi. Davlat rahbari bundan hamma xulosa qilish kerakligini aytdi.
“Biz islohotlar qilyapmiz. Insonlar hayotini yaxshilash uchun qarorlar chiqarilyapti. Biz xalqimiz oldida, xalqaro hamjamiyat oldida ochiqlik, erkinlikni ta’minlash uchun harakat qilyapmiz. Insonlarni rozi qilish haqida gapirib turganimda rahbarlarning o‘zini o‘ylab, nopok ishlar qilishiga yo‘l qo‘ymayman”, — dedi prezident.
Shunday qilib 10-fevral kuni kechqurun davlat rahbarining Samarqand viloyatiga qilgan tashrifi yakunlandi.
Izoh (0)