Qirg‘iziston sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekovning qudasi, mamlakat parlamentining sobiq deputati Aliyarbek Abjaliyev hibsga olindi, deb xabar beradi “24.kg”.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq deputat firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Abjaliyevning ushlangani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlagan. Biroq tergov siri sabab gumonlanuvchining ismini oshkor etmagan.
“Tadbirkor A.A. ismli fuqaro parlament deputati bo‘lgan vaqtida firibgarlik harakatlarini sodir etib, 2 million dollar miqdorida zarar yetkazgani bo‘yicha MXDQga ariza bilan murojaat qilgan. Jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarori bilan tergov muddati davomida unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash belgilangan”, — deyiladi idora xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning avgustida Qirg‘iziston sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov Qumtor konini qazish bo‘yicha loyihadagi korrupsiya holatlari yuzasidan so‘roq qilingandi. Sobiq prezidentning ukasi, Jogorku Kenesh deputati Asilbek Jeenbekov avvalroq “Qumtor” ishi bo‘yicha qo‘lga olingan bo‘lib, ayni paytda MXDQ izolyatorida saqlanmoqda.
Izoh (0)