Senegal terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlangan Afrika Millatlar Kubogida individual sovrinlar sohiblari ma’lum bo‘ldi.
Misrga qarshi final o‘yinida (0:0, 4:2) hal qiluvchi 11 metrlik jarima zarbasini golga aylantirgan senegallik yarim himoyachi Sadio Mane musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. “Liverpul” futbolchisi musobaqa davomida 5 o‘yinida 3 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Senegal termasi posboni Eduar Mendi Misr bilan o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida bitta zarbani qaytargan holda eng yaxshi darvozabon deb topildi. “Chelsi” darvozaboni umumiy hisobda turnirdagi 5 ta o‘yindan 3 tasini “quruq” o‘tkazgan.
Kamerunlik hujumchi Vensan Abubakar esa 8 ta gol bilan musobaqa to‘purari bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Afrika Kubogi 9-yanvar—6-fevral kunlari Kamerunda bo‘lib o‘tdi. G‘oliblikni Senegal finalda Misrni yenggan bo‘lsa, uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Kamerun Burkina-Fasoni (3:3, penaltilar — 5:3) taslim etdi.
Izoh (0)