Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtaqoracha dovoni 6-fevral kuni soat 11:00 dan yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qisqa muddatga yopilgan yo‘l yana ochilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tinimsiz qor yog‘ishi oqibatida yo‘lning yuza qismida muzlamalar hosil bo‘lganligi bois avtomobillar harakati uchun qisqa muddatga yopilgan yo‘l 6-fevral kuni soat 11:53 da qayta ochilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati barcha haydovchilardan tezlik me’yorini oshirmasdan, oraliq masofani saqlab harakatlanishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” yakshanba kuni tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkinligini, tog‘li avtomobil yo‘llarda qor uyumlari va ko‘rinish yomonlashishi kutilayotganini xabar bergandi.
Izoh (0)