Farg‘ona viloyatida fuqaroning xorijdagi o‘qishini O‘zbekistondagi OTMlardan biriga ko‘chirib berishni va’da qilib, buning evaziga pul talab qilgan shaxs ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Rishton tuman bo‘limi tomonidan IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida S.T. ismli shaxs Tojikiston davlat universitetida tahsil olayotgan talaba A.ning ishonchiga kirib, uning o‘qishini 1,2 ming dollar evaziga Farg‘ona davlat universitetiga ko‘chirib berishni va’da qilgani aniqlangan. S.T. kelishilgan pulning 500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkentda fuqaroni Qirg‘izistonga o‘qishga kiritib, uni Toshkentdagi farmatsevtika institutiga ko‘chirib berish uchun 3,5 ming dollar so‘ragan shaxs ushlangani, Namanganda fuqaroning Qirg‘izistondagi o‘qishini 6 ming dollar evaziga ko‘chirib berishni va’da qilgan talaba va universitet o‘qituvchilari qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)