Kongo Demokratik Respublikasida harbiy tribunal 2017-yilning mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki xodimini o‘ldirganlikda ayblangan 51 kishini o‘limga hukm qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Ish yuzasidan jami 54 kishi sudlangan. Ulardan biri 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi, yana ikki nafari oqlandi. Ayblanuvchilarning bir qismi ularni hibsga olishning imkoni bo‘lmagani yoki hibsdan qochib ketgani uchun sirtdan hukm qilindi.
Kongoda 2003-yildan beri o‘lim jazosiga moratoriy kiritilgan, shuning uchun hukm qilinganlar umrbod qamoq jazosini o‘taydi.
2017-yilda BMT ekspertlari — Shvetsiya fuqarosi Zayda Katalan va AQSh fuqarosi Maykl Sharp markaziy Kasay mintaqasida hukumat qo‘shinlari va xalq lashkari o‘rtasidagi mojaroni o‘rganayotgan paytda bedarak yo‘qolgan.
Ikki hafta o‘tgach, ularning jasadi topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, qurolli shaxslar tashkilot xodimlarining yo‘lini to‘sgan va dalaga olib chiqib, qatl qilgan.
Izoh (0)