30-yanvar kuni O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning tavallud kuni munosabati bilan uning Rossiya poytaxtidagi haykali poyiga gulchambar qo‘yildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” agentligi.
Marosimda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov, diplomatik missiya xodimlari hamda “Aziya-invest bank” vakillari ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, Moskvada Islom Karimov hotirasiga atalgan haykal 2018-yil, 18-oktabr kuni ochilgan. Yodgorlik O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasidan uncha uzoq bo‘lmagan Islom Karimov nomidagi maydonga o‘rnatilgan.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ygani, Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi viloyat faollari Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara-majmuasida yig‘ilib, uning qabrini ziyorat qilgani, Qashqadaryoda ham viloyat hokimi boshchiligidagi mas’ullar Islom Karimov xotirasini yod etgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)