Vashington Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasida so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan voqealardan xavotirda. Bu haqda AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays Twitter’dagi sahifasiga yozib qoldirgan.

Foto: “TASS”

“AQSh Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasida yana yuzaga kelgan zo‘ravonlikdan chuqur xavotirda. Qurbonlar, ularning oilalari va zo‘ravonlik tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘lganlarni o‘ylayapmiz”, — deb yozadi u.

“Biz chegara masalalarini muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga va tinch-totuv yashashga chaqiramiz”, — deya qo‘shimcha qiladi Prays.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmatining ma’lum qilishicha, 29-yanvar holatiga ko‘ra Qirg‘iziston—Tojikiston davlat chegaralaridagi vaziyat barqaror deya baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 27-yanvar kuni Qirg‘iziston chegara xizmati Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasida Botken—Isfana yo‘lining to‘sib qo‘yilishi ortidan ziddiyat yuzaga kelgani haqida xabar berdi. Qirg‘iziston va Tojikiston chegara vakillari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng yo‘lning bir qismi ochildi. Ammo keyin Qirg‘iziston va Tojikiston chegara qo‘shinlari bo‘linmalari o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, otishmada yetti kishi jarohatlangan. Respublikaning Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berishicha, Tojikiston bilan chegaradosh hududdan deyarli 1,5 ming kishi evakuatsiya qilingan.