O‘zbekistonga koronavirusning omikron shtammi kirib kelishi va u bilan kasallanishlar soni ortib borayotgani jamoatchilikni xavotirga solmoqda. “Daryo” internet-nashri koronavirusga qarshi kurashish uchun tashkil etilgan Zangiota-2 maxsus shifoxonasida bo‘lib, bemorlar holati va omikron shtammi haqida mutaxassislardan izoh oldi.

Shifoxona direktori Doniyor Mirazimovning aytishicha, 2022-yil 4-yanvardan beri koronavirus bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda. COVID bilan bog‘liq kunlik murojaatlar avval 30-40 ta bo‘lsa, hozir 450-500 taga yetgan. Har kuni o‘ta og‘ir ahvoldagi 15-20 nafar bemor reanimatsiyaga yotqizilyapti.

Doniyor Mirazimov

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

O‘tgan to‘lqindagi delta shtammi hozir keng tarqala boshlagan omikrondan ancha farq qiladi. Ilgari bizga murojaat qilgan kasallardan 80 foizining ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun shifoxonaga yotqizar edik. Ularda pnevmoniya va boshqa asoratlar uchrardi. Bugungi kunda 40 foiz kasal shifoxonaga yotqizilyapti. 60 foiz bemor esa kasallikni yengil darajada o‘tkazmoqda. Uyda 4-5 kun davolanganlar ham sog‘ayib ketmoqda. Ya’ni delta shtammi og‘irroq, omikron shtammi yengilroq kechmoqda.

Doniyor Mirazimov, Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori

Ma’lumot uchun, 2022-yilning dastlabki 4 kunida kunlik kasallanish holatlari soni 100 taga yetmayotgandi. 7-yanvar kuni esa O‘zbekistonda omikron shtammi aniqlandi. Shundan so‘ng kunlik koronavirus yuqtirish ko‘rsatkichi keskin oshdi va bir necha marta antirekord yangilandi. 18-yanvardan buyon kunlik kasallanishlar soni 1000 tadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Mamlakat bo‘yicha pandemiya boshidan buyon koronavirusga chalinganlar soni 218 477 nafarga yetib, ulardan 1551 nafari vafot etgan.

Doniyor Mirazimovning ma’lum qilishicha, kasalxona 2000 koykaga mo‘ljallangan va hozir zaxirada 900 ga yaqin joy bor.

“Yotqizilayotgan kasallarning asosiy qismi yoshi kattalar, qo‘shimcha surunkali kasalligi borlar va og‘ir vaznli bemorlar hisoblanadi. Avval bizda davolanishga o‘rtacha 8-9 kun ketardi, hozir kasallar 4-5 kun ichida sog‘aymoqda. Rossiyada 60 foiz bemorlar omikron bilan, 40 foizi esa delta shtammi bilan kasallanmoqda. Bizda ham kasallanishlar soni shu raqamlarga yaqin bo‘lishi mumkin”, — dedi shifoxona rahbari.

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Doniyor Mirazimovning so‘zlariga ko‘ra, gripp va omikron belgilari bir-biriga o‘xshab ketadi. Koronavirusning delta shtammi yuqqan bemorlarda ta’m va hid bilish yo‘qolar edi. Omikronda esa bu alomatlar kuzatilmayapti. Yana bir farqi delta yuqtirgan kasallarda ko‘pincha o‘pka zararlanib, pnevmoniya bo‘ladi. Omikron bilan kasallangan bemorlarni aksariyat hollarda tomoq va burun bezovta qilmoqda.

Kasallikni o‘pkaga tushish holatlari kam. Omikron asosiy xavf guruhi bo‘lgan katta yoshlilar, ayniqsa, vaksina olmaganlar, surunkali kasalliklari bor va immuniteti past bemorlarga og‘ir ta’sir qiladi.

Doniyor Mirazimov, Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori

“Ularning ko‘pchiligi vaksina olmagan”

Zangiota-2 maxsus kasalxonasi bo‘lim mudiri Nozima A’zamxo‘jayeva koronavirusga qarshi emlangan va emlanmagan bemorlar bo‘yicha doimiy statistika yuritilishini ma’lum qildi. Bildirilishicha, vaksina olganlar ichida og‘irlashish holatlari juda kam uchramoqda.

Nozima A’zamxo‘jayeva

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Reanimatsion bemorlar statistikasini ko‘radigan bo‘lsak, vaksina olmaganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Omikron bilan og‘rigan aksariyat bemorlarda tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, holsizlik, tanada og‘riqlar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Lekin vaksina olganlarda bu belgilar tez yo‘qoladi. Bemorlar o‘rta og‘ir ahvolda kelganda, qand kasali bo‘lganda, xirurgik muammolar va koronavirus aniqlanganda kasalxonaga yotqiziladi. Xususan, o‘rta og‘ir darajada baholangan nafas yetishmovchiligi bor, bir necha kundan beri harorati tushmayotgan yoki o‘pkada o‘zgarishlar sababli pnevmoniya yuzaga kelgan kasallar shifoxonada davolanadi. Shifoxonamizda kasallik og‘ir darajada kechayotgan bemorlar ham mavjud. Ularning ko‘pchiligi vaksina olmagan yoki shamollash vaqtida emlangan.

Nozima A’zamxo‘jayeva,  Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bo‘lim mudiri

Bemor Ma’mura Tursunova kasallik o‘zida ancha yengil kechganini aytdi.

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

“Kasalxonaga kelganimda isitma va yo‘tal bor edi. 3 kun ichida ahvolim ancha yaxshilandi. Nonushta, tushlik va kechki ovqat berishyapti. Dorilar ham kasalxona hisobidan ekan. Vaksina olganman. Qand kasalim bor”, — dedi Ma’mura Tursunova.

Ilhom Mamayusupov.

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Reanimatsiya bo‘limi mudiri Ilhom Mamayusupovning aytishicha, bo‘limda 34 nafar bemor davolanyapti.

Bo‘lim 36 nafar og‘ir reanimatsion kasallarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Hozirda bo‘lim bemorlar bilan deyarli to‘lgan. Ularning asosiy qismi og‘ir va o‘ta og‘ir bo‘lgan, reanimatsiya chora-tadbirlariga muhtoj bemorlar hisoblanadi. Bemorlarning ko‘pchiligida koronavirus infeksiyasidan tashqari, ularning ahvollarini og‘ir bo‘lib qolishiga surunkali kasalliklar, har xil o‘sma kasalliklari, insult, jigar sirrozi, yoshga bog‘liq bo‘lgan boshqa kasalliklar sabab bo‘lmoqda.

Ilhom Mamayusupov, Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limi mudiri

Uning qo‘shimcha qilishicha, vaksina olmagan bemorlarning ko‘pchiligi emlanish foyda berishiga ishonmagan. Ayni vaqtda esa ular bundan afsusda.

“Meni o‘ladi deyishgan edi”

Reanimatsiya bo‘limida bir haftadan beri muolaja olayotgan Muhabbat Nishonboyeva koronavirus unda og‘ir kechgani, ahvoli yomonligidan hatto o‘lishi haqida ogohlantirishganini aytdi.

Xudoga shukr! Kelganimdagi holatimdan 100 chandon yaxshiman. Meni o‘ladi deyishgan edi. Uyga ham javob berib yuborishgandi. Odamlar vaksina yomonligini aytib, meni rosa qo‘rqitishgan. Shu sababli vaksina olmaganman. Biz tomonida koronavirusni moxov kasaliga o‘xshatishadi. Bu kasalga chalingan odam bo‘lsa, moxov deb bilishadi. Qarindosh-urug‘ ham kasal odamni ko‘rgani kelmaydi, xabar ham olmaydi.

Muhabbat Nishonboyeva, bemor

Shifokorlar aholiga murojaat qilib, ortiqcha vahimaga o‘rin yo‘qligi, vaksina olmaganlar emlanishlari kerakligi, barcha insonlar gigiyena qoidalariga muntazam amal qilishi zarurligini ta’kidladi. Yaxshi ovqatlanish, niqob taqish, antiseptik vositalardan foydalanish, odamlar gavjum joylardan uzoqda bo‘lish koronavirus yuqishidan saqlovchi muhim omillar ekanini aytdi.

Mualliflar: Musulmonbek Ibrohimov, Islombek Umaraliyev

Operatorlar: Ma’murjon Obrahmatov, Dilruh Isomiddinova