Rossiya Qurolli kuchlarining shimoliy floti Arktika ekspeditsiya guruhi bilan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda flot matbuot xizmatiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “TASS”

“Mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun 1200 nafargacha shaxsiy tarkib, 140 ga yaqin harbiy va maxsus texnika, 20 tagacha uchuvchi apparat, 30 tagacha kema, suv osti kemalari va yordamchi kemalar jalb etilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, manyovrlar uchun Arktika ekspeditsiya guruhi tuzilgan. Shimoliy flot kuchlarining asosiy amaliyotlari Barens suv maydonida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarda dengiz poligonlari bilan bir qatorda, Murmansk viloyatidagi qirg‘oq poligonlari ham ishtirok etadi.

Xabarda aytilishicha, mashg‘ulotlar Shimoliy flot qo‘mondoni, admiral Aleksandr Moiseyev boshchiligida Rossiya Qurolli kuchlarining 2022-yilga mo‘ljallangan tayyorgarlik rejasiga muvofiq o‘tkazilmoqda.

“Mashq davomida flotning harbiy qo‘mondonlik darajasi, nazorat organlarining Shimoliy Muz okeani mintaqasida inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlarni rejalashtirish va o‘tkazish, harbiy xavfsizlik va dengiz iqtisodiy faoliyatini ta’minlash muammolarini hal qilish doirasida kuchlar va qo‘shinlarni boshqarish bo‘yicha tayyorgarlik darajasi baholanadi”, — deyiladi Shimoliy flot xabarida.

Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari davomida Arktikada qo‘shma o‘quv va jangovar topshiriqlarni bajarishda kemalarning taktik guruhlari, qirg‘oq qo‘shinlari bo‘linmalari harakatlarining muvofiqligi tekshiriladi; Arktika hududida harbiy-dengiz kuchlarining jangovar va harbiy amaliyotlarini o‘tkazishning taktikasi va usullari ishlab chiqiladi.

“Shimoliy flot harbiy xizmatchilari Shimoliy dengiz yo‘li kommunikatsiyalarini, Shimoliy flot garnizonlarini himoya qilish masalalarini ishlab chiqadi, shartli terrorchilik guruhlariga qarshi kurashish, ularni bloklash va yo‘q qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi”, — deya qo‘shimcha qildi flot matbuot xizmati.

Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy flot kuchlarining Barens suv maydonida olib boriladigan asosiy amaliyotlarda “Admiral Gorshkov” boshqariluvchi raketa fregati (“Sirkon” gipertovushli raketasi sinovlarida qatnashadi), suv osti kemasiga qarshi “Severomorsk” katta kemasi, “Ivan Gren” yirik desant kemasi, suvosti kemalari, yordamchi kemalar, shuningdek, samolyotlar va vertolyotlar Shimoliy flotning havo kuchlari va havo mudofaasi armiyasi ishtirok etadi.

20-yanvar kuni Rossiya Mudofaa vazirligi 140 dan ortiq kemalar, 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirokida Rossiya harbiy-dengiz flotining bir qator manyovrlari boshlanganini xabar qildi.

Harbiylarning ma’lum qilishicha, Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni Nikolay Yevmenovning umumiy nazorati ostida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar Rossiya hududiga tutash dengizlar suvlarini, shuningdek, okeanlarning operativ jihatdan muhim hududlarini qamrab oladi. O‘rta Yer dengizi, Shimoliy, Oxot dengizlari suvlarida, Atlantika okeanining shimoli-sharqiy qismida va Tinch okeanida alohida mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

24-yanvar kuni Boltiq flotining 20 ga yaqin harbiy kemalari, kater va yordamchi kemalari mashg‘ulotlar uchun dengizga jo‘nab ketdi. Ularga samolyot va vertolyotlar hamrohlik qilmoqda.

25-yanvar kuni Rossiyaning G‘arbiy va Janubiy harbiy okruglari bo‘linmalarni poligonlarga, shu jumladan masofaviy qismlarga qayta joylashtirish bilan qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini tekshirish boshlangani to‘g‘risida xabar berdi.

Rossiya va NATO munosabatlaridagi inqiroz fonida boshlangan tekshiruv okruglarning rasmiy hisobotlarida “rejalashtirilgan tekshiruvlar” deb atalmoqda.

Avvalroq Rossiya—Belarus harbiylari o‘rtasidagi qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlar 2022-yilning fevralida o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. 18-yanvar kuni Rossiya Qurolli Kuchlarining “Ittifoqchilik jasorati” qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadigan ilk bo‘linmalari Belarusga yetib keldi.

Shuningdek, Conflict Intelligence Team tergov guruhi rossiyalik desantchilar Ukraina chegarasi yaqiniga tashlanayotganini xabar qildi.