Prezidentning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, endilikda 25 yoshgacha bo‘lgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan, qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchiligi bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va o‘sish gormoni) bilan bepul ta’minlanadi.
Shuningdek, 25 yoshdan oshgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan bemorlar metformin dori vositasi bilan bepul ta’minlanadi. Bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda xarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.
Bundan tashqari, tibbiyot brigadalari glyukometrlar bilan ta’minlanadi. 2022-yil 1-aprelga qadar:
- zarur glyukometr, maxsus test yaproqchalari hamda ignalar markazlashgan tartibda xarid qilinadi va tibbiyot brigadalariga yetkaziladi;
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida belgilangan standartlarga muvofiq jihozlangan shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etiladi;
- tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi endokrinolog shifokor xonalari zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.
Izoh (0)