Madagaskarga Ana tropik sikloni yopirildi, tabiiy ofat oqibatida kuchli yomg‘irlar yog‘di va suv toshqinlari tufayli 34 nafar odam halok bo‘ldi, 64 mingga yaqin odamga talafot yetdi. Bu haqda The Watchers xabar qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Analamanga hududida 58 mingdan ziyod aholi tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan.
Poytaxt Antananarivuda uylar vayronaga aylangan. 17 – 19-yanvar oralig‘ida kamida 10 kishi, 22 – 23-yanvarda esa yana 24 kishi halok bo‘lgan.
6 800 dan ziyod uylarga suv toshgan, ko‘plab binolar suv ostida qolishi yoki qulab tushish xavfi ostida. Qariyb 39 ming odam xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.
Analamanga va boshqa hududlarda maktablardagi darslar 28-yanvargacha vaqtincha to‘xtatilgan.
Avval Malaviga yopirilgan kuchli siklon mamlakat aholisini elektrsiz qoldirgani, suv toshqini va kuchli shamol oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
2021-yil dekabr boshlarida Braziliyada suv toshqini tufayli 7 kishi halok bo‘lgan, minglab odamlar evakuatsiya qilingan edi. Shuningdek, dekabrda Malayziyada yirik suv toshqinlari yuz berib, 25 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Yanvar o‘rtalarida esa Rossiyaning Saxalin viloyatidagi qor sikloni sovuq shamollar va bo‘ron olib kelgan.
Izoh (0)