Navoiyda Matiz haydovchisi avtomobilini jarima maydoniga olib ketayotgan YPX xodimini kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. IIV matbuot xizmati ishbu haydovchi protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiliganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

22-yanvar kuni soat 12:20 larda Navoiy viloyati, Navbahor tumani hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimi Matiz haydovchisini to‘xtatgan. Tekshiruv davomida haydovchi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishi va uning yonida kunlik yo‘l varaqasi mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga olib ketilayotganida haydovchi A.T. (1993-yilda tug‘ilgan) YPX inspektorining xizmat olib borishiga to‘sqinlik qilib, uning qonuniy talablarini bajarmasdan, uni haqoratlab, xodimga nisbatan tajovuz qilgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, YPX inspektorining ko‘z pastki qovog‘ida, bo‘yin orqa sohasi va o‘ng qo‘l to‘rtinchi barmoq-tirnoq falangasi sohalarida shilinmalari kabi tan jarohatlari Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Navoiy filialining 23-yanvardagi ma’lumotnomasiga ko‘ra “yengil tan jarohati” deb topilgan.

Mazkur holat yuzasidan haydovchi A.T.ga nisbatan Navbahor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-modda (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 219-modda (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqea joyidan qochib ketgan fuqaro Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.