Toshkentda diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan bir talaba va ikki nafar maktab o‘quvchisi ushlandi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, yigitlardan biri Okford universitetining Toshkent shahridagi filiali talabasi (2001-yilda tug‘ilgan), qolgan ikki nafari Namangandagi maktablardan birining o‘quvchisi (2003-yilda tug‘ilgan) hisoblanadi.
Ular Telegram’da kanal ochib, xalqni jihod qilishga va Suriyada qiynalayotganlarga yordam berishga undagan. Ularning har biri o‘z kanallarida 300 ga yaqin obunachi yig‘gan.
Ayblanuvchilar jihod amallarini bajarayotgan, internetdan topgan tanishidan Suriyaga borish tartibi, yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgangan. O‘zbekiston orqali Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga borish tartibi, chipta narxini so‘raganlari yozishmalari o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud jihodchilikda gumonlangan yigitlarga nisbatan hukm chiqardi. Unga ko‘ra, ulardan biri 5 yil-u 6 oyga, qolgan ikki nafari 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Avvalroq Andijonda “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalari bo‘yicha saboq olayotgan 12 nafar ayol qo‘lga olingani, Samarqandda “Jihodchilar” va “Hizb ut-Tahrir” targ‘ibchilari ushlangani, Farg‘onada 19 yoshli IShID tarafdori qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)