Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon noma’lum snaryadni uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
Kyodo agentligi Yaponiyaning Sohil xizmatiga tayanib yozishicha, snaryad ballistik raketa bo‘lishi mumkin. Mazkur raketa dengizga qulagani taxmin qilinmoqda. Yomiuri gazetasi mamlakat Sohil xizmati reysda bo‘lgan kemalardan dengizga qulagan barcha predmetlar haqida xabar berishni so‘rayotgani to‘g‘risida yozgan.
Yonhap’ning qayd etishicha, bu KXDR tomonidan “kuchlarini namoyish etish”ga bo‘lgan to‘rtinchi urinish: Shimoliy Koreya 2022-yildagi birinchi raketasini 5-yanvar kuni, ikkinchisini — 11-yanvarda va uchinchisini 14-yanvarda uchirgan edi.
Avvalroq Shimoliy Koreya AQSh Pxenyanga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etgach, “yanada kuchli va aniq javob” qaytarishga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirgandi. “Agarda AQSh shu kabi kontrfrontal pozitsiyani egallashni davom etsa, KXDR bunga yanada kuchli va aniq javob qaytarishga majbur bo‘ladi”, — deyiladi Shimoliy Koreya TIV vakilining bayonotida.
Izoh (0)