Qatarda koronavirus infeksiyasi natijasida yuzaga kelgan asoratlar oqibatida uch haftalik chaqaloq vafot etdi. Bu haqda amirlik Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi chuqur qayg‘u bilan uch haftalik chaqaloq COVID-19 ga bog‘liq infeksiya oqibatida vafot etganini ma’lum qiladi. Chaqaloqning boshqa, xususan, irsiy kasalliklari bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, idoraning qayd etishicha, bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon koronavirus oqibatida halok bo‘lgan ikkinchi chaqaloq hisoblanadi.
Hukumatning ma’lumotlariga ko‘ra, Qatarda so‘nggi kunlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari ortgan, shu sababli barcha fuqarolar, jumladan, homilador ayollar ham COVID-19 ga qarshi uch marta emlanishga chaqirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, aholisi 2,7 million bo‘lgan Qatarda qariyb 300 ming kishida koronavirus tasdiqlangan bo‘lib, ularning 258 mingdan ortig‘i sog‘aygan, 626 nafari vafot etgan. Shu bilan birga, amirlikda aholini emlash kampaniyasi faol davom etmoqda. 2020-yilning dekabridan buyon mamlakatda koronavirusga qarshi 5,4 million dozadan vaksina qo‘llanilgan. Aholining bir qismi buster doza bilan ham emlangan.
Avvalroq AQShda qonida koronavirusdan himoyalovchi antitana mavjud bo‘lgan chaqaloq dunyoga kelgani haqida xabar berilgandi. Florida shtatining Boka-Raton shahri pediatrlari Pol Gilbert va Ched Rudnikning aytishicha, bolaning onasi, tibbiyot xodimi bo‘lgan ayol yanvar oyida homiladorlikning 36-haftasida Moderna vaksinasi bilan emlangan. Uch hafta o‘tib esa ayol tetik va sog‘lom qizaloqni dunyoga keltirgan.
Izoh (0)