U g‘amgin ko‘rinar va doimo norozi kayfiyatda edi. Uning sokin harakatlarida hech qanday shovqin yo‘q edi. Juda kam gapirardi, faqatgina suhbatdoshini jim bo‘lishga majbur qilish uchungina og‘zini ochardi. Shu bilan birga unda qasddan tajovuzkorlik va soxta shafqatsizlik yo‘q edi. Shunchaki o‘zi va boshqalar uning ustunligini tan olgandi, shuning uchun ortiqcha ko‘rsatmalar shart emasdi.
Uning ishi shirin emas, shunday bo‘lsa-da ijobiy taraflari ham bor edi. U pul uchun odamlarni urardi. Aytish kerakki, buni yaxshi uddalardi. Hech bo‘lmaganda, uning yuziga qarab, noroziligini bildiradiganlar topilmasdi.
Jorj Texas shtatining aholisi yigirma mingga ham yetmaydigan Marshall shaharchasida dunyoga kelgan. Keyinchalik oilasi bilan birga Hyustonga ko‘chib o‘tgan. Bolakay yomon baholar, dahshatli xulqqa ega bo‘lib, qoidalarni buzishga o‘rganib qolgandi. O‘gay otasi ichkilikboz, onasi erta-yu kech ishda bo‘ladigan ko‘p bolali oilada ulg‘ayayotgan qora tanli bola uchun standart holat.
O‘n olti yoshida maktabdan ketgan Forman Amerikaning kam ta’minlangan oilalariga mutaxassislik ko‘nikmalarini o‘rgatish va tegishli joylarga xizmatlarga joylashtirish dasturi — “Ishchi korpus”ga a’zo bo‘ladi. Bu yerda to‘g‘ri yo‘lga o‘tishga qaror qiladi va duradgorlik kasbini o‘zlashtiradi, shu bilan birgalikda boks bilan shug‘ullana boshlaydi. “Oltin qo‘lqop” nomli nufuzli musobaqada debyut ishtirokidayoq g‘alaba qozonish va Olimpiada finalida sovet bokschisi Yonas Chepulis ustidan shafqatsizlarcha g‘alaba qozonishga iste’dodi yetarli edi. Keyingi yiqilish navbati professionallarga keldi.
1968-yilgi Olimpiadadan bir yil o‘tib, professional faoliyatini boshlagan Forman uch yil davomida 37 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozondi. Faqat uch jang oxirigacha davom etgan, qolganlarida Jorj muddatidan avval g‘alaba qozongan.
Katta Jorj 10-yanvar kuni 73 yoshni qarshi oldi. Quyida uning faoliyatidagi eng yorqin janglar yodga olinadi.
Jorj Forman — Jo Freyzer, 22.01.1973
Bunga qadar Formanning juda kam raqiblari uchinchi raundgacha yetib borgan. Jorj va u bilan ringga chiqadigan raqiblarning barchasi butkul boshqa darajadek taassurot qoldirardi.Chempion Freyzer umuman boshqa masala edi, super og‘ir vazn toifasidagilarni hayajonga solgan ushbu “Frankenshteyn” bilan kimdir jang qila olsa, o‘sha aynan Jo edi. Aynan Freyzer dahshatli Alini popugini pasaytirib qo‘ygandi.
Muxlislar murosasiz jangni ko‘rish uchun to‘plandi, lekin eng boshidayoq bu kutilmalar bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Forman Freyzerni kaltakladi va dastlabki uch daqiqani ichida uch marta polga yiqitdi. Ikkinchi raundda ham kaltaklar davom etdi va Joning bir nechta yiqilishidan so‘ng hakam jangni to‘xtatdi.
Freyzerni Formandan ancha zaif deb aytib bo‘lmaydi. Kingstonda bo‘lgan voqealar hamon tushunarsiz. Balki yomon jismoniy holat, balki raqibni yetarlicha baholay olmaslik, balki aqliy charchoq, ehtimol sanab o‘tilganlarning barchasi. Biroq filadelfiyalik barzangi hayotidagi eng muhim jangni yutib bo‘lgandi, u eng o‘sha vaqtning eng kuchli bokschisi (Muhammad Ali) ustidan g‘alaba qozongan edi. Aynan shuning uchun u muvaffaqiyatga u qadar intilmay qo‘ygandi. Ha, u mashhur mayatnikini burab qo‘ydi, lekin g‘oliblik formulasining boshqa tarkibiy qismlari yo‘q edi. Bosim, ringdagi doimiy nazorat, tanaga zarba va yaqin masofalardan chiqib ketishlar yo‘q edi. Balki shu jihat Katta Jorjning o‘zidan oldin, o‘z davrida va undan keyin faoliyat olib borgan afsonaviy bokschilarnikidan farqli zuvaladan tayyorlanganini isbotlar.
Jorj Forman – Ken Norton, 26.03.1974
Jangni soppa-sog‘ holatda boshlagan Norton birinchi raund oxirigacha Formanning zarbalarini yetarlicha qabul qildi va ikkinchi raundga yo‘lini zo‘rg‘a topib chiqdi.Ring bo‘ylab muntazam harakatlanish, ikkinchi raqam bo‘lib ishlash va Formanni charchatish rejasi avvaliga uncha ham yomon ko‘rinmagan bo‘lsa-da, dastlabki uch daqiqaning shafqatsizligi va Katta Jorjning metindek jang uslubiga to‘qnashib, sindi. Yigirmanchi asr boshlariga xos do‘pposlash uslubidagi himoyalanish manyovri, kam, lekin og‘ir zarbalar va turli kuchli zarbalar seriyasi, ayniqsa, juft apperkot Nortonning oyoqda turish istagini yo‘qqa chiqardi.
Mukammal jismoniy holat, hissiz va hech narsani anglatmaydigan ko‘zlar, ko‘tarilgan qo‘llar va raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar befarqlik.
Nihoyat 1974-yil oktabrida Jorj Forman hayoti va faoliyatida burilish sodir bo‘ldi. Zair (hozirgi Kongo DR) davlatining poytaxti quyoshli Kinshasada tarixga “O‘rmon shovqini” (so‘z o‘yini – ingliz tilida “Rumble in the jungle”) nomi bilan kirgan jangda favorit bo‘lishiga qaramay Muhammad Aliga mag‘lub bo‘ldi. Bu nafaqat qahramonimiz hayotidagi burilish nuqtasi, balki dunyo madaniyati vektorini o‘zgartirgan asosiy hodisalardan biridir.
Kassius Kley (Alining haqiqiy ismi) buyuklik darajasiga chiqmagan dunyoni shunchaki tasavvur qilib ko‘ring: Atlantadagi Olimpiadada mash’alani boshqa kimdir yoqsa, uning surati tushirilgan futbolkalar sotuvga chiqmasa, pullari bilan maqtanayotgan sportchilar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lar, matbuot anjumanlardagi ahmoqona janjallar minimalga tushar edi. Lekin biz yashayotgan dunyoda Ali baribir “Buyuk”. Shunday qola qolsin, ba’zan Jorj Forman g‘alaba qilgan dunyoni tasavvur qilish qiziq bo‘lsa ham.
Jorj Forman – Ron Layl, 24.01.1976
Ba’zida jismoniy qaydlari mukammal bo‘lgan sentner og‘irligidagi ikki erkak bir-birini do‘pposlashini ko‘rging keladi. Gohida boksdan faqat shuni kutasan. Shunchaki, ortiqcha harakatlarsiz, ayyorona fintlarsiz va yolg‘on manyovrlarsiz. Qattiq frontal pozitsiya va ikki qo‘l bilan ayovsiz jang – pivo bari oldidagi mushtlashishga o‘xshaydi.Forman va Layl vazn me’yorlariga ko‘ra pishiq kombinatsiyalar quradi, bir-biriga qarama-qarshi zarba beradi, dahshatli jeblari va korpusga berilgan aldamchi zarbalar bilan xayoliy himoyani buzadi. Va nihoyat, uch nokdaun va bir nokaut. Har bir zarba zarba emas, hushtaklar bilan eshitiladigan musiqaga o‘xshaydi. Ba’zan zarba xuddi sizga tushgandek ham bo‘ladi. Ayniqsa, Forman qo‘lini tebratib, asta, lekin jahl bilan mohirona zarba berganda. Chunki qo‘lidan keladi-da. Jorjning kuchli zarbasi ochiq va kutilgan bo‘lsa ham, raqiblarga hech qanday imkoniyat qoldirmasdi. Texnika, taktika, tayming, bularning hammasini qo‘yib turing – Jorjning zarbasi balki boks tarixidagi eng kuchli zarba edi va bu g‘alaba uchun yetarli edi.
Shunday qilib, yil oxirigacha Forman Alidan mag‘lub bo‘lganini hazm qilolmaydi va sust jang qiladi. Kuch-quvvati yana to‘rtta jangda g‘alaba qozonishga yetar edi. Keyinchalik u Beverli Hillz va Hyustondagi uylarini, Livermordagi ranchosini, butun qimmat mashinalarini sotadi, ayniqsa uyidagi barcha televizorlarni tashqariga otadi – ular o‘ylashga xalaqit berar edi. Jorj Forman ringdan o‘n yilga ketadi, voiz bo‘lib, o‘zini og‘ir xulqli o‘smirlarni tarbiyalashga bag‘ishlaydi.
Jorj Forman – Evander Holifild, 19.04.1991
O‘rta yashar g‘aroyib bokschining qiziqarli sarguzasht o‘laroq boshlangan hikoyasi ancha daromadli shouga aylanib, kulgili amaki o‘ziga xos tarzda ancha-muncha o‘rtamiyona bokschilarni do‘pposlay boshlaydi. Mo‘tadil sur’atda u yiliga besh nafar yaxshi bokschini mag‘lub qilardi. Jorj barcha uchun kutilmaganda chempionlik maqomi uchun mashhurlik cho‘qqisidagi Evander Holifildga qarshi ringga ko‘tariladi.Qo‘l, oyoq harakatlari, trenajor zalidagi mashqlar – Holifild mehnatkash yigit ekanligi ko‘rinib turardi. Istalgan o‘lchovda qaralsa ham u kuchli. Lekin bu boks borasida shunday. Chunki Forman ko‘rsatayotgan narsa boks tushunchasidan kengroq. Forman boksga qaytgach, o‘z qobiliyatlarini oddiy tasvirlaydi: “Ancha kuchliroq bo‘ldim. Agar o‘ng qo‘l bilan ololmasam, boring ana chap qo‘l bilan ham ololmasam, menda doim qorin bor va albatta, u bilan olaman”. Uning harakatlari mutlaqo nostandart edi. O‘z himoya uslubidan boshlab, imkonsiz pozitsiyalardan juda g‘alati burchak ostidan, har qanday bloklarni chetlab o‘tib, zarba berar edi.
Holifild barcha raundlar davomida aniq seriyalar yog‘dirib, deyarli har bir epizodni yutib chiqqani bilan, Formanning noyob zarbalari anchagina kuchliroq zarar yetkazar edi. Hattoki blokka tushsa ham bu zarbalar hujum qiluvchining yoshiga qaramay, raqibni titratadi. Evander ochkolarga ko‘ra yutayotgan bo‘lsa ham so‘nggi ikki raundda zo‘rg‘a tik turishi, muntazam klinchga kirishishi va juda xavfli harakat qilishini boshqachasiga izohlab bo‘lmaydi.
Ha, Katta Jorj oldingidek vahimali ko‘rinmasligi, oldingidek harakatchan bo‘lmasligi, oldingidan ko‘rimsiz bo‘lishi mumkin – baqbaqasi o‘ynab yotgan, boshi bilyard toshidek silliq, shortigini kindigigacha ko‘tarib olgan.
Jorjning o‘zi Holifildning qobiliyatlarini yuqori baholagan edi: “Ron Layl men to‘qnashgan kishilarning eng kuchlisi edi. Shennonn Briggs kabi yigitlar menda taassurot qoldirmasdi, chunki oddiy sportchi edi. Ular menda hayrat uyg‘ota olmagan, shunchaki kaltaklardim. 70-yillarda jang qilganlarim 80 va 90-yillarda to‘qnashganlarimdan jasurroq edi, Evander Holifilddan tashqari. Evander istalgan davrda raqobatlasha olardi”.
Jorj Forman — Maykl Myurer, 05.11.1994
Yana bir imkoniyat. Oson raqib deb bo‘lmaydi, kamiga Jorj ham yosh emas. Uch yil avvalgi Holifild bilan jangga o‘xshab chempionlik kamarini qo‘lga kiritishga harakat qilgan. U yosh bolalar ertagidagi ayiqni eslatardi — ko‘rinishidan beso‘naqay va oqko‘ngil, lekin bo‘ri va tulki undan uzoqroq turgani ma’qul.
Maykl Myurer o‘sha tulki. Ayyor, hisoblashiladigan bokschi. Holifild bosim, tezlik va doimiy pressing bilan olgan bo‘lsa, Myurer doim ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan. Myurer Formanga shoshmasdan hujumga o‘tib, tartib bilan chetga o‘tgan holda raqibining o‘ng qo‘l zarbasidan o‘zini olib qochar va raunddan raundga ochko yig‘ib borardi. To‘g‘ri, u bu ishni borgan sari oldingisidan ishonchsizroq amalga oshirardi.
Myurerning tetikligi 8 raundga yetdi, to‘qqizinchi raundda Jorjning erinchoq ikkilik zarbalariga diqqatini qarata olmay qoldi. O‘ninchi raundda Mayklning zarbalarga munosabat bildirishni xohlamagani yakkakurashlar tarixidagi sensatsion natijalardan biri yuz berishiga olib keldi — 44 yoshli Jorj Forman jag‘ga berilgan aniq zarba bilan yengilmas chempionni chuqur nokautga uchratdi va oradan 21 yil o‘tib, yana bir bor kamarni qo‘lga kiritdi.
Ha, u yigirma yil avvalgidek yagona emasdi. Ammo o‘sha damda Jorj g‘alabadan so‘ng ring burchagida cho‘kkaladi, nihoyat baxt unga kulib boqqan edi. Unga qadar bo‘lgan yo‘lda burchaklarni kesib o‘tmadi, o‘z ideallaridan voz kechmadi, o‘z reputatsiyasiga putur yetkazmadi, mamlakati va boksga sodiq qoldi. 44 yoshida super og‘ir vazn toifasida eng yoshi katta chempionga aylanib, Amerikaning sevimlilar panteoniga kirishga loyiq edi.
Mavzuga doir
- “U kazinoda millionlab dollar yutqazar va o‘zini dunyoni ushlab qo‘ygandek tutardi”. Qimor, ichkilik va ko‘ngilxushlik girdobidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan Menni Pakyao hikoyasi
- Ringda raqiblar, sudda esa hukumat bilan kurashgan, sport tarixidagi eng buyuk shaxs — Muhammad Ali
- Jinoyat olamini tark etib, boks afsonasiga aylangan baltimorlik “qoya”. Hasim Rahmon faoliyatiga nazar
Izoh (0)