2020-yilning 9-avgust sanasida Belarusda prezident saylovlari o‘tkazilgandi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, poygada Aleksandr Lukashenko 80 foizdan ortiq ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Biroq natijalar e’lon qilinganidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan namoyishlar boshlanib ketgan. Ularning eng gavjumi (Minskda) yuz minglab odamlar ishtirokida o‘tgan — bunaqasi hali Belarus tarixida bo‘lmagandi. Namoyishlar keng ko‘lamli qatag‘onlarga ulandi, minglab jinoiy ishlar ochildi. “Meduza” namoyishlarda ilk kunlardan boshlab qatnashib kelgan ishtirokchilar bilan hodisalardan avval va keyin suhbat uyushtirgandi. “Daryo” uni o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Anna,ismi o‘zgartirilgan
2020-yil 9-avgustni yaxshi eslayman. Ungacha saylovoldi kampaniyasi bilan bog‘liq barcha bosimlarni boshdan kechirgan bo‘lsak-da, o‘sha kunga katta umid bog‘lagandik. 9-avgustgacha Okrestinada (Minskdagi hibsxonalar majmuasi joylashgan Okrestina ko‘chasi nazarda tutilmoqda — “Daryo” izohi) bo‘lishga ulgurgandim, lekin mahbus sifatida emas, yozgi namoyishlar vaqtida qo‘lga olingan tanishlarimni ko‘rish uchun borgandim.
O‘tgan yilning yozigacha ikkita parallel Belarus davlati borligiga ishonardim. Biri —qahva ichib, dam olish kunlari Vilnyusga borib, u yerdan Yevropaga arzon chiptalarda uchib, keyin esa kim qayerda bo‘lganini hikoya qilib beradigan odatiy mamlakat. Kerak bo‘lsa, (huquq himoyachilari va siyosatchilarga) jonimiz qurbon bo‘sin. Yevropaning eng go‘zal shahrida yashaymiz.
Davlat tizimi o‘z qiyofasini yo‘qotgan boshqa bir Belarus ham bor — byurokratik, murakkab, tashabbusdan nafratlanuvchi. Biz u bilan deyarli to‘qnash kelmagandik va mendagi noroziliklar asosan estetik mazmunga ega ekanligiga ishonardim. To‘g‘ri, erksizlik hissi mavjud edi — u doim bo‘lgan, tushuntirib berish qiyin, ayniqsa, Minskda ko‘chalar qanday ozoda ekanligini-yu qanday farovon yurtda yashayotganimizni og‘zidan bol tomib maqtovchilarga. Lekin, umuman olganda, men bu tuzumga ta’sir o‘tkazib bo‘lmaydi deb hisoblardim. O‘tgan yili ko‘zim ochildi: nimadir qilish mukinligi, zarurligi va bu qonuniy huquqimiz ekanligini angladim.
Saylovga kuch-shijoatga to‘lib keldik. U biz fuqarolar uchun o‘tkazilyapti, degan o‘yda edik. Bu davlatimiz himoya qilishi kerak bo‘lgan huquq va manfaatlarimiz edi. Bu tushuncha juda tez — saylovoldi kompaniyasi vaqtida shakllandi.
Erim ikkimiz erta tongda borib, ovoz berdik. Mustaqil hamjamiyat tavsiya qilgan barcha zaruriy ashyolarni o‘zimiz bilan olib kelgandik. Oq bilakuzukni taqdik, byulletenlarni suratga oldik va ovozni qayd ettirish uchun chatbotga yubordik. Maktabdagi saylov uchastkasidan chiqarib yuborilgan mustaqil kuzatuvchilarga “G‘alaba” ishorasini ko‘rsatdik. Shundan so‘ng natijalarni kutishga ketdik.
Tunda odamlar natijalarni bilish uchun maktabga yig‘ildi. Biroq natijalar chiqmadi. Hovlida uzoq turdik. Erkaklardan biri majlislar zalida nima bo‘layotganini ko‘rish uchun devor ustiga chiqdi. Jarayon davom etayotgani aniq edi, biroq ma’lumotlar nima uchun e’lon qilinmayotgani g‘alati. O‘zimizni qandaydir maxfiy hodisani kuzatayotgan josuslarday his etardik.
Bir payt odamlar yopiq eshiklarni taqillatib, natijalar qachon e’lon qilinishini so‘ray boshladi. Javob uzoqqa cho‘zilmadi.
Oradan roppa-rosa besh daqiqa o‘tib, maktab hovlisiga avtobus kirib keldi va undan bir nechta OMONchilar yugurib tushdi. Shaharda qo‘lga olish jarayonlariga guvoh bo‘lgandik, ammo nima uchundir bu yerda — odamlar qarindosh-urug‘i bilan birga kelgan maktab hovlisida ko‘rib, qo‘rqib ketdim.
Ortga qaramay qochdik. Bir yerda nafas rostlab olish uchun to‘xtab, biz bilan birga qochgan bolalar bilan tanishdik. Ma’lum bo‘lishicha, ular bizning uchastkamizda mustaqil kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan qo‘shnilarimiz ekan. Natijalarni birgalikda kutishga qaror qildik.
O‘sha vaqtda natija chiqmasligini hali anglab yetmagandik. Mustaqil kuzatuvchi bo‘lgan bu yigitlar hukumat kuzatuvchisi sifatida ishlayotgan bir qiz bilan tanishishdi. Uni ovozlarni sanash uchun majlislar zaliga kiritishgan va komissiya raisi uchastkamiz natijalarini aytayotganini diktofonga yozib olgandi. Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozongandi. Ammo o‘sha kuni ham, ertasiga ham natijalarni bilolmadik.
Bu orada shahar markazidan uzuq-yuluq xabarlar kela boshladi. Biz u yerda qandaydir dahshatli narsa sodir bo‘layotganini tushundik. Tongda ma’lum bo‘ldiki, erimning akasi ko‘plab boshqa odamlar singari tunda uyiga qaytmabdi. Uni qidirishga tushdik.Kun bo‘yi kompyuter qarshisidan turmadim — goh kimgadir yozar, goh izolyatorlarga, militsiya bo‘limlariga, sudlarga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilardim. Telefonni deyarli hech kim ko‘tarmas, javob berganlari ham bir-biriga zid ma’lumotlarni aytardi.
Erim shaharni kezib, akasini topishga harakat qildi. Ota-onalar Okrestinadan hech qayoqqa jilmay sutkalab kutdi. U yerda ko‘ngillilar guruhi tashkil etilgan bo‘lib, ismsiz qahramonlar ozod etilgan kishilar uchun qo‘lidan kelgan yordamni ko‘rsatayotgandi. Sillasi qurigan odamlar o‘sha zahoti kiyimini almashtirib, yeb-ichib, chekib, qo‘ng‘iroq qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda edi. Odamlarni kerakli manzilga, shu jumladan, boshqa shaharlarga ham eltib qo‘yishni istagan kishilarning uzundan-uzun navbatlarini eslayman. Tizim mukammal darajada ishlayotgandi va eng ajablanarlisi, u uzoq davom etdi.
Erimning akasini to‘rtinchi kuni topdik. U sudlanib, jazoni (ma’muriy javobgarlik) o‘tash uchun Minsk yaqinidagi Slutsk shahriga yuborilgan ekan. Keyin uni qo‘yib yuborishibdi. Tibbiy ko‘rik bosh-miya jarohati va yumshoq to‘qimalar shikastlanishi borligini ko‘rsatdi.
O‘sha Minsk avgustidagi barcha qo‘rqinchli manzarani Slutskda turmadan chiqib kelayotgan kishilarni uchratgan vaqtda jonli ravishda ko‘rdim, deya olaman. Bunday shafqatsizlikni nima bilan oqlash mumkinligini bilmayman.
Marshlar va hibsga olishlar davom etayotganda ko‘ngillilarga jo‘natmalar uchun uy-ro‘zg‘or buyumlarini yig‘ishda yordam berishga urindim. Tish cho‘tkalari, sovun, prokladkalar – o‘zingni odamday his qilish uchun zarur bo‘lgan eng asosiy buyumlar. Ko‘ngillilar oziq-ovqat, choyshab, bo‘yash uchun qog‘ozlar, skanvordlardan iborat, yirik miqdordagi jo‘natmalarni tayyorlashdi. U mahbuslarga yetib borganmi yoki yo‘q, agar yetib borgan bo‘lsa, unda qanday ko‘rinishda, bilmadim.
Bundan tashqari, har yakshanba shahar bo‘ylab marshlarga chiqardik. Bu – mavjudligimizni ko‘rsatuvchi, qo‘limizdan keladigan yagona usul deb bilardik. Ichimda oila va do‘stlardan ko‘ra kattaroq guruhga mansublik hissi jo‘sh urardi. Sen bilan bir hududda yashovchi va bir xil qadriyatlarni baham ko‘ruvchi odamlarga aloqadorlik tuyg‘usi. Sen ular uchun qo‘rquvni yengib, ko‘chaga chiqishga tayyorsan. Bu juda kuchli hissiyot — qoyilmaqom darajadagi rok-konsertga ham, sevimli jamoangning g‘alaba qozonishiga ham o‘xshamaydi. Agar bu kabi zulmat ichida zarra yorug‘lik topishning imkoni bo‘lsa, unda u o‘sha yerdan topiladi. Atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga qaramay, biz naqadar ko‘pligimizni ko‘rdik, barchamiz birga ekanimizni angladik.
Sodir bo‘layotgan voqealar esa dahshatli edi. Yakshanba kunlari internet o‘chirilardi. Odamlar xavfsiz joyda ekanligi to‘g‘risida faqat uyga yetib olganidan so‘ng xabar bera olardi. Keyin hibsga olinganlar ro‘yxatini tekshirib, orasida tanishlar bor yoki yo‘qligi aniqlanardi. Harakatlar tartibi tez shakllandi: birinchi bo‘lib kimga qo‘ng‘iroq qilish kerak, nima qilish kerak, nimaga e’tibor qaratmaslik kerak. Men qo‘liga advokatlarning telefon raqamini yozib olgan qizlarni ko‘rdim. Juda ko‘plab shunga o‘xshash layfxaklar paydo bo‘ldi.
Yozda va kuz boshlarida ham to‘g‘ri yo‘ldaligimizni his qilib, ilhomlanayotgandik. Ishonchimiz shu qadar aniq va adolatli ediki, pand berishi mumkin emasdi. “To‘siqlar yakson qilinishi” muqarrar edi.
Noyabrga kelib, hammasi o‘zgardi. Yakshanba marshlari kamaydi. Hukumatga qarshi chiqqanlar sud qilina boshlandi. Yirik miqdorda jarimalarga tortilish avjiga chiqdi. Odamlar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Roman Bondarenko o‘ldirildi. Aqlga sig‘dirish o‘ta qiyin bo‘lgan, dahshatli yangiliklarning qora to‘lqini edi bu. Shu alfozda qish ham o‘tdi.
Bahorda befarqlik boshlandi. Navbatdagi odam (turmaga) ketar, qamoq muddati yana uzaytirilardi. Odamlar bu ofatning oxiri yo‘qligiga ko‘nikib qoldi — ertaga ular yana hujum qiladi: davlat ixtiyoriga zid boshqa harakat yo‘qqa chiqariladi, bolalar xospisi (tibbiy-ijtimoiy faoliyat – tarjimon) jarimaga tortiladi, biznes egalari hibsga olinadi va ularga qarshi jinoiy ish ochiladi. Bularning barchasi odamlarning tanobi qattiq, juda qattiq tortib qo‘yilayotganday tasavvur uyg‘otardi. Norozilikning har qanday ko‘rinishi, derazaga oq qog‘oz ilib qo‘yishgacha, jazosiz qolmasdi.
Roman Protasevich qo‘lga olingan paytda ketishim kerakligini tushundim. Hukumat hech narsadan qaytmasligi ayon bo‘ldi. Biz bu kurashda demokratiya, insonparvarlik, vijdon, bilim, axloq tamoyillariga amal qilardik, ammo qarshi tomonga bu tushunchalar yot edi. Ular uchun na qog‘ozga bitilgan qonun, na ichki axloqiy me’yor bor edi.
Hayotim qo‘rquv ichida o‘tib ketayotgani qattiq cho‘chitadi. Ko‘nglim buyurganini qilolmayman. Ta’qiblardan qo‘rqaman. O‘z vatanimda yashash men uchun azob. Lekin nimadir meni ushlab turadi va ko‘ch-ko‘ronimni yig‘ishtirishga qo‘ymaydi. Go‘yo, ketsak, ular g‘alaba qozonadigandek... Biz hech kimga kerak emasmiz. Shu fikr bilan yuzma-yuz qolgim kelmaydi. Yuragimning chuqur yeriga o‘rnashgan Belarus sabab ojizlikni bo‘ynimga olib, chiqib ketolmayman.
Andrey Ostapovichsobiq tergovchi, iste’fodagi Belarus xavfsizlik xizmati kuchlarini birlashtirgan BYPOL harakati asoschisi.
2020-yilning 9-avgustida haliyam tergov qo‘mitasining Minsk shahar bo‘limida ishlayotgandim. Ertalabki sakkizdan bo‘limdagi shaxsiy tarkibning barcha a’zolari “kuch yig‘ish” munosabati bilan ish joyiga to‘plangandi. Shaxsiy tarkib va rahbariyat o‘z xonalarida edi. Tergovchilarni voqea joyiga yuborishga to‘g‘ri kelib qolsa deb, shay turgandik va shu bahona binoni go‘yo qo‘riqlayotgandik. To‘g‘ri, bizda qurol tugul, hatto rezina tayoq ham yo‘q edi, bu ham yetmaganday, shaxsiy tarkibning sal kam 60 foizi — ayollar.
O‘sha kuni birinchi marta VPN va telegram o‘rnatib, Nexta (Telegram kanal)ga a’zo bo‘ldim. Ammo internet, el qatori bizda ham o‘chirilgandi. Tumanimiz chekka hududda joylashgani uchun hammayoq osuda — o‘sha kunning asosiy voqealari boshqa hududlarda bo‘lib o‘tgandi. Ular haqida faqat internet yonganidan keyin xabar topdik. Saylovning o‘ziga kelsak, muddatidan avval ovoz berishga bormadim (nimalar bo‘layotganini yaxshi anglardim), “qo‘shimcha kuchlanish” kunida esa binoni tark etib bo‘lmasdi.
16-avgustgacha har kuni ishga qatnab turdim. Yana “qo‘shimcha kuchlanish” boshlangandi, ammo birinchi navbatda (norozilik harakatlarini bartaraf qilishga) OMON va militsiya jalb etilgandi. Bizni, hatto, yakshanbadanam ertaroq qo‘yib yuboradigan bo‘lishdi. Shu tufayli kechki mitinglarga qatnasha olardim.
15–16-avgust kunlari sutkalik navbatchiligim bor edi. Xavfsizlik kuchlari o‘sha paytda tuzum qulashi mumkinligidan qo‘rqardi. OMONchilar jinoyatlari izini tozalab, videokameralardagi yozuvlarni o‘chirib, voqea joyiga kela boshladi. Odamlar yurak yutib, (xavfsizlik kuchlari tomonidan) yetkazilgan moliyaviy zarar va tan jarohatlari to‘g‘risida bayonotlar yoza boshladi.
Men ham voqea joyiga shunday bayonot bilan keldim. Yigitning ota-onasi o‘sha yerda edi, o‘zi esa kasalxonaga yotqizilgandi. Shinalari teshilib, oynalari sindirilgan mashinani ko‘zdan kechiraman — avtomobil kuzovi qonga belangan. 15 daqiqadan so‘ng fuqarolik kiyimidagi odam kelib: “Men general falonchi nomidan keldim, jabrlanganlar bilan gaplashishga buyruq olganman”, — deydi. Jabrlanganlar bilan suhbatlasha boshlaydi: “Siz ko‘rgan barcha zararni qoplab beramiz, ariza yozmang”. Shu bilan muammo hal bo‘ladi. Sen esa nima qilishni bilmaysan. Boshliqqa hisobot berasan va u: “Men nima qilishni bilmayman. Istasang, tasvirga olishing mumkin”, — deydi.
Kechki yettida safardan qaytib keldim. To‘pponchamni yechib, seyfga qo‘ydim va bir qarorga kelishim kerakligini tushundim.
Yakshanba, 16-avgustda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi miting bo‘lishi kerak edi. Vayberdagi ishchi guruhda bizning borishimiz kerakligi haqida yozishdi. Ro‘yxat tuzilgach, boshliqqa mitingga borishim haqida aytdim, lekin unisiga emas, balki kechroq bo‘ladiganiga (ya’ni, norozilik namoyishiga). U meni hazillashyapti deb o‘yladi va uyga ketishimga ruxsat berdi, chunki bir sutkadan beri ishda edim. Ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizani kabinetimda qoldirib, (hukumatga qarshi) mitingga yo‘l oldim.
Ertasi kuni Rossiyadagi tanishlarim yoniga ketdim – bir necha kun o‘ylanib yurdim (xavfsizlik kuchlari Andreyni Rossiyadan Belarusga qaytarib olib kelgan, keyin u Polshaga qochib ketgan, — “Meduza” izohi). O‘shanda g‘alaba muqarrarday ko‘rinardi. Bu g‘alabaga mening ham hissam qo‘shilishini istagandim, asosiy oruyim esa tuzum jinoyatlariga sherik bo‘lmaslik edi.
Qochib yurgan paytimda eng qiyini 27 soatlik (Belarusdan Polshaga) o‘tish bo‘ldi. Masofa kichik emas, adashib qoldim. Holdan toydim. Yo‘lning yarmi ortda qolgandi, butun tanam sirqirab og‘rirdi. Ichim g‘azabga to‘lib ketib borar, menga shunday munosabatda bo‘lgan tuzumdan, qo‘pol qilib aytganda, qanday qasos olishim haqida xayolan rejalar tuzib, mushaklardagi og‘riqdan chalg‘ishga urinardim. Keyinchalik o‘sha g‘oyalarni qisman amalga oshirishning uddasidan chiqdim.
Men begona mamlakatdaman, tilini bilmayman. Nima qilish kerak? “Belarus birdamlik markazi”ga ko‘ngilli sifatida bordim va BYPOL ham o‘sha yerda shakllana boshladi. Qochishga majbur bo‘lgan yana bir xavfsizlik xodimi markazga murojaat qilgan ekan. U bilan gaplashdim, lekin u tashabbusga ishonmadi va ketdi. Lekin unga o‘xshaganlardan yana bo‘lishi mumkinligini sezdim. Matbuot anjumani o‘tkazdik va bir necha kishi javob qaytardi. Hali tizimda ishlayotgan va ketish yo ketmaslik haqida ikkilanayotgan organ xodimlarini yoki allaqachon ketib, ta’qibga tushgan kishilarni bir yerga jamlovchi tashkilot tuzdik.
Jamoa asta-sekin shakllandi. Keyin bizga (xizmatdagi xavfsizlik kuchlaridan) ma’lumotlar kela boshladi, telegramda kanal ochib, ularni o‘sha yerga joylab bordik. Bundan tashqari, namoyishlar ham avjiga mindi. Odamlar g‘alaba qozonishni istardi – shu jumladan, xavsizlik xizmati blokidagilar ham. Ma’lumotlar ko‘p edi va ular yordamida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan tergov ishlarini olib borishning uddasidan chiqdik. Bondarenko, Taraykovskiyning o‘ldirilishi bizni mashhur qildi. Mening o‘tmishim ham boshda tashkilotimizni targ‘ib qilishda yordam berdi.
Qishning boshlariga borib (2021-yil) o‘tish davri boshlandi. Qatag‘onlar va jinoiy ta’qiblarning faol bosqichlari, hammani birvarakayiga hisoblab chiqishlar hali boshlanmagandi. Hukumat namoyishlarni endi-endi bartaraf qilayotgandi. Ular nafasini rostlab olishi kerak edi. BYPOL bu vaziyatdan yaxshi foydalanib qoldi. Audioyozuvlar, tergov ishlari kuchaydi. Bu harakatlar tuzumni bahorgacha bosim ostida ushlab turdi. Hukumat keyin, saylovgacha bo‘lgan tinchlikni qaytarish uchun ma’joziy qilib aytganda, mushtlarini siqa boshladi.
Ilojsizlik ularni (hukumatni) g‘azabga keltiradi va ular xatolarga yo‘l qo‘ya boshlaydi — Protasevich, olimpiada va hokazo. O‘ylaymanki, tuzum o‘zini o‘zi cho‘ktiradi. U o‘z ahamiyatini va obro‘sini yo‘qotgan. Uni hech kim tan olmaydi. Hatto hozir qo‘llab-quvvatlayotganlar ham ertami-kech uning barham topishini tushunadi.
Men BYPOLdan ketdim. 17 yoshimdan beri pogon taqaman. Avval IIV akademiyasida o‘qidim — bu nafaqat oliy ma’lumot olishni, balki harbiy xizmatni ham anglatadi. Shundan so‘ng tergov qo‘mitasida besh yil ishdan boshqa hech narsani ko‘rmadim. Nihoyat, erkinlikka erishganingda hech qanday buyruq seni ortiq o‘rningdan qo‘zg‘atolmaydi. Ziddiyatlar yuzaga kelib, (harakatning boshqa a’zolari bilan) ba’zi fikrlar bo‘yicha kelishmovchiliklarga bora boshlaganimiz zahoti o‘zim yaratgan tizimni tashlab ketdim. Tashkilot samara beryapti, harakat o‘z ishida davom etyapti, qonli tuzumga qarshi kurashyapti. Rulda kim ekanligi muhim emas, asosiysi – natija. BYPOL g‘alabaga katta hissa qo‘shishi mumkin.
Men endi oddiy hayotga qaytdim. Ehtimol, 17 yoshimdan beri ilk bor. Nimalar bilan bandligimni hech kim bilmasligi meni qoniqtiradi. Na eski tanishlarim, na yangilari. Bu menga muxolifatchilarni ovlashga kirishgan hukumat qarshisida ustunlik hissini beradi. Ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan paytimda shunday tashkilot paydo bo‘lishi va men bir muddat OAV yulduziga aylanishim hech kimning xayoliga kelmagan. Lekin shunday bo‘ldi: qayerdadir taslim bo‘lmadim, qayerdadir qo‘limdan kelganicha harakat qildim, qayerdadir bizning diaspora va boshqalarning kulfatiga befarq bo‘lmagan kishilar yordam qo‘lini cho‘zdi. Keyin, OAVda dovrug‘imiz oshishi bilan tashkilot tuzishga imkon topildi: odamlar biz tomon intila boshladi, chunki biz chinakam xavfsizlik xizmatining halol mehnatini namoyish qildik.
O‘zimni siyosatdan ketganday his qilmayapman. Siyosatda hech qachon bo‘lmaganman. Unga kirishga aytarli darajada harakat ham qilmaganman. Bu tuzumni yoqlamaydigan har bir odam shaxsiy manfaatlarini ozroq chetga surib, qo‘lidan kelgan ishning hech yo‘qsa bir qismini amalga oshirganida, o‘ylaymanki, allaqachon g‘alaba qozongan bo‘lardik. Bu gap, ayniqsa, xavfsizlik kuchlariga tegishli. Ularning orasida tuzumni yoqlamaydiganlar ko‘p edi, lekin ular shunchaki tomoshabin bo‘lishni ma’qul ko‘rdi yoki o‘zini bu jinoyatlarga aralashmayotgandek oqladi, ammo bu qimmatga tushishi mumkin.
Inna Zaysevasaylov kuzatuvchisi, namoyishlarning faol ishtrokchisi
Men saylov uchastkamizda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil kuzatuvchi edim. O‘z maktabimda — Minsk shahrining Sokol mikrorayonida kuzatuvchilik qildim. U yerdagi hammani tanirdim. Barchalari men bilan iliq munosabatda bo‘lishdi, hech kim xafa qilishga yoki chetlatishga urinmadi. Ular saylovga kelganlar sonini ko‘paytirib yozmas, barchasini kuzatuvim ostida tekshirishardi. Asosiy saylov kunigacha hammasi ajoyib bo‘ldi.
O‘sha kuni saylov komissiyasi raisi ovozlarni hisoblashda qatnashmasligimni aytdi. Unga: “Axir, uchastkangizdagi yagona mustaqil kuzatuvchiman. Qolganlarning hammasi maktab o‘qituvchilari. Ayni damda meni bu yerdan chiqarib yuborishingiz aholi orasida siz hisoblab chiqqan natijalarga nisbatan ishonchsizlikni tug‘dirishini bilasiz. O‘zingizni juda yaxshi tutdingiz, sizni faqat maqtashim mumkin”, – dedim. Ayol buning ahamiyati yo‘qligini aytdi.
Shunda hamma ish biz istagandek yoqimli bo‘lavermasligini tushundik. Bizni kechki sakkizda quvib chiqarishdi. Maktab eshiklari yoniga fuqarolar yig‘ildi, 400 nafarcha chiqadi. Maktab atrofida aylanar, natijalarni kutar, derazalardan mo‘ralardik. Lekin hisob-kitob olib borilayotgan jadval nariga surib qo‘yilgandi. Komissiya a’zolari million dollar o‘g‘irlab, so‘ngra uni bo‘lishib olayotgan kishilarga o‘xshardi.
Qonunga ko‘ra, saylov natijalari ko‘zga ko‘rinadigan joyga ilinishi shart edi. Ular buni paysalga solardi. Biz: “Natijani ko‘rsating!” — deb shovqin soldik. Tablo ilindi. Biz avval: “Yashasin! Tixanovskaya yutdi!” — dedik. Keyin yaxshiroq qarasak, 50 ta ovoz farq bilan? xolos. Shoshmang-chi! Saylovchilarning 90 foizi oq kiyimda, oq bilakuzukda chiqqan bo‘lsa! Lukashenko qanday qilib 50% ovoz to‘play olishi mumkin?
G‘alayon ko‘tardik, ular maktabni yopib qo‘yishdi. Shu orada komissiya raisi ularni qo‘riqlayotgan politsiyachi hamrohligida orqa eshikdan chiqib, byulletenlarimiz bilan mashinaga sakrab chiqdi va ketdi. Biz lol qoldik. Axir, hammasi o‘zimiz tanigan o‘qituvchilar. Mana bu “ment”lar ham Sokolda yashaydi. Bizni rosa ahmoq qilishdi.
Bu adolatsizlikdan norozi kayfiyatda tarqaldik. “Bechora” o‘qituvchilar faqat shundan so‘nggina maktabdan chiqa oldi. Ularning qarshisida marginallar to‘dasi emas, balki bolalarini yetaklab olgan oddiy odamlar turgan bo‘lsa-da, bizdan qattiq qo‘rqishardi.
O‘sha vaqtda shaharga borishga madorim qolmagandi. Biz boshqa uchastkadagi mustaqil saylovchilar bilan biroz suhbatlashib, so‘ng uxlagani ketdik. Ertasi kuni internet o‘chirilib, mish-mishlarga barham berilgan, izolyatsiyalangan mamlakatda uyg‘ondik. Hamma bir-biriga qo‘ng‘iroq qilib: “Kaltaklashdi, urishdi, otishdi”, — deydi. Saylovgacha biz Lukashenkoning quvg‘in qilishi yoki qilmasligi ustida bahslashgandik. Keyin bilsak, u quvg‘in qilish bilan cheklanmas ekan, balki o‘ldirarkan ham.
10-avgustda markazda bo‘lib, hammasini ko‘rdim, boshqalar bilan birga (xavfsizlik kuchlaridan) qochdim. Ertasiga shahar aylanib, ko‘zyosh to‘kdik — shu bilan norozilik namoyishi ham tugayotgandek edi. Minsk bo‘m-bo‘sh edi, butkul tozalab tashlangan. Odamlar uyidan tashqariga chiqishga qo‘rqardi.
Birinchi yakshanba marshi e’lon qilinganda undan arzirli biror nima kutmay, qatnashishga chiqdik. Shu payt metroda oq tasmalilar juda ko‘pligini payqab qoldik. Metrodan chiqib, ketyapmiz. Atrofdagilar xursand, kimdir halitdan baqira boshladi: “Yashasin, Belarus!”. To‘satdan oq kiyimdagi, milliy bayroq ko‘targan odamlar ummoniga ko‘zimiz tushdi.
Keyingi bosqich — g‘oliblik nash’asi. G‘alaba qozonganimizga amin edik. Bir yoqadan bosh chiqargan shuncha odamni yengib bo‘lmaydi, deb o‘ylardik. Mana, hozir Grigorich (Lukashenko) televizorga chiqib, taslim bo‘lganini aytadi. Hokimiyatni ortiq egallab turolmasligini tan oladi va juftakni rostlaydi. Shunday xayollarga bordik.
Lukashenkoning ketish niyati yo‘qligini tez orada tushundik. Ammo atrofidagilardan kimdir unga shunday talab qo‘yishini kutdik. Boshi bilan urushib qolmaganlar unga: “Grigorich, sen ko‘p o‘tirib qolding”, — deydi. Noroziligimizni bildirish barobarida shuni kutardik. Ijtimoiy tarmoqlarda yozdik, oq kiyim kiydik, mitinglarda qatnashdik va qandaydir o‘zgarish bo‘lishini kutdik.
Biroq Lukashenko o‘zini tobora jangovor odamlar bilan o‘rab olayotgandi. Ular (norozilikni bostirishdan) boshqa chorasi yo‘qligini tushunardi. Yer yuzida ularga doimiy yashash uchun boradigan joy yo‘q. Shu bois, hech biri ketmadi.
Men esa kelinchaklarday oq-qizil-oq to‘y ko‘ylagida namoyishlarga chiqishda davom etdim. Bu amaldagi hukumatga qarshiligimni ko‘rsatishning ajoyib usuliday bo‘lib ko‘rindi. Aksiyalarda qatnashayotgan ekanman, boshimga tayoq bilan urishlari yoki bir sutkaga qamab qo‘yishlari mumkin ekan, demak, shuncha harakatlarim bejiz ketmasligi kerak, deb o‘ylardim.
Marshlar sahnalashtirilgan bosqichdan o‘tib, rostakamiga xavfli tus olgan vaqtda “shaxs sifatida ulg‘aydim”. Ustimdan zar sochsa ham, ko‘ylagimni yechmaslikka qaror qildim. Atrofida nimalar sodir bo‘layotganiga qaramay, bir narsaga haqli bo‘lgan insonning qat’iy ishonchi edi bu. Qanday kiyimda yurishni istasam, shunda yurishimni, hech kim buni menga taqiqlay olmasligini baralla aytdim.
Shundan so‘ng meni hibsga olishdi. Sharoitlari ajoyib VSI (vaqtinchalik saqlash izolyatori)da uch kun yashadim. Organ kuchlari hamdardlik bilan munosabatda bo‘ldi. Ular meni pushti VIP-kameraga joylashtirib, har ikki soatda chektirdi, yaxshi ovqatlantirdi, doim muloyim ohangda gaplashdi va hatto qo‘shimcha sigaret ham berdi.
Oq-qizil-oq ko‘ylakli kelin nafaqat namoyishchilarga, balki qarshi tomondagi hamdard yuraklarga ham ma’qul kelganini tushundim. Lekin ko‘ylagimni suratga olish kerak degan bahona bilan olib qo‘yishdi. Keyin qaytarib berishmadi. Oxir, VSI’dan yalang‘och tanamga leggins (losinya) va ballonli kurtka kiyib chiqdim. Birinchi ko‘ylak hikoyasi shu bilan tugadi.
Ammo o‘jarligim qo‘ymadi. Ikkinchisini sotib oldim, uni ham xuddi o‘shandek rangga bo‘yab, yurishda davom etdim — tuman marshlarida qatnashardim asosan. Chunki katta marshlarga chek qo‘yilgandi. Jasur militsiyachilarimiz menga protokol tuzishdan charchaguniga qadar yurishdan to‘xtamadim. To‘qqizta protokol tuzildi va uch marta sudlandim. Ular qat’iyatimdan hayratlanmay qo‘ydilar va buning uchun mendan gina qila boshladilar.
Erim ikkimizning Minsk yaqinida ham uyimiz bor edi, uyda oq-qizil-oq rangli bayroq ilingandi. Uyning butun fasadiga katta qilib “Men/biz 97 %” deb yozib qo‘yilgan. Bu ishni kim qilganini aytishdan bosh tortdik — o‘zimiz va yaqin qarindoshlarimizga qarshi guvohlik bermaslikka haqlimiz. Bu o‘yin ularning (xavfsizlik kuchlarining) ham joniga tegdi, bizni militsiya bo‘limiga chaqirishdi. Erim sumkasini ilib, tayyor turardi. Uni darhol Okrestina (tergov hibsxonasi)ga yuborishdi, menga esa ochiqchasiga bolalarimga enaga topishlarini aytishdi: “Inna Olegovna, biz sizga rahmdillik qilishdan charchadik, o‘zingizni bosib ololmayapsiz. Siz yo jim bo‘lasiz, yo ovozingiz tinib, eringizning ortidan jo‘naysiz”.
Erim bilan bu borada bir qarorga kelgandik, shuning uchun bolalarimni olib, to‘rt kundan keyin mamlakatdan chiqib ketdim. Baxtli yulduz ostida tug‘ilganimga ishonch bilan yangi yilni Kiyevda kutib oldim. Hammasi silliq kechdi: bo‘lib o‘tayotgan voqealarga nisbatan noroziligimni baralla aytishga va ayni damda sog‘ligimni hamб ozodligimni ham saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldim. Belarusdagi isyonchilarning hammasi ham bunga erisha olmadi. Lekin, aslini olganda, ular istamagan kiyimni kiyganim uchungina meni uyimdan mahrum qilishdi.
Ketganimdan so‘ng oilamiz bilan butunlay aloqa uzildi. Garchi noroziligimni davom ettirayotgan bo‘lsam-da, kordon (harbiy soqchilar otryadi – tarjimon) tufayli endi ovozim u qadar baland chiqmayapti.
Ukrainadagi bir qishloqdan bejirimgina uy sotib oldik. Butunlay ko‘chib keldik. Shunda ham, kelgusi yilda reabilitatsiya qilinishga erishishimiz kerak degan qarorga keldik. Natijasi ko‘zga ko‘rinadigan nimadir qilish zarur. Axir, norozilik namoyishlariga juda katta kuch sarflandi, turmush tirikchiliklarini butunlay chetga surib qo‘ydik. Olti oy namoyishlarda qatnashdim. Bu o‘z farzandalarim va ona yurtim oldidagi burchim ekanligiga ishondim — qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim. Ukrainaga o‘tganimdan so‘ng olti oy davomida antidepressantlar ichib, davolanib yurishimga to‘g‘ri keldi – dunyoga yana kulib boqa olish uchun.
Pyotrismi o‘zgartirilgan
2020-yil 9-avgustda omadim chopdi. Saylov uchastkamizda natijalar e’lon qilinganidan so‘ng (go‘yo Lukashenkoga qarshi bor-yo‘g‘i 30 nafar odam ovoz beribdi), biz mashinalarda Minsk shahri markaziga kelib, u yerdan soat ikki yo uchlarda ketdik. Ko‘p tanishlarim uyiga piyoda qaytayotib qama-qamalarning birinchi to‘lqiniga tushibdi.
10-avgustda yana bir holat yuz berdi. Bangalor maydonida katta tirbandlik yuzaga kelgandi. Odamlar o‘rnidan turib, g‘ala-g‘ovur ko‘tarmoqda edi. Keyin OMONchilar yetib keldi. Kimdir qochib qolishga ulgurdi, men esa ulgurolmadim: mashinamni pachoqlashdi. Lekin yana omadim keldi. Kaltaklashdi, xolos — hibsga olishmadi. “Yo‘qol bu yerdan, iflos demokrat!” — dedi ular. “Demokrat” so‘zining ma’lum doiralarda qo‘pol ma’no kasb etishini birinchi marta o‘shanda ko‘rdim.
Marshlardan birida bu voqeani tanishlarimga aytib berayotgandim, bir odam men bilan yonma-yon ketayotgandi. U: “Mashinang pachoqlandi, xolosmi? Unda, yuz dollar topib oldim deyaver!”, – dedi. Menga o‘shanda ko‘pchilik yordam berdi.
Endi tushunyapman, agar o‘shanda (ma’muriy javobgarlikda) o‘tirib chiqqanimda, katta ehtimol bilan, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lardim. Hozircha bunga uncha ehtiyoj yo‘q. Ammo, Belarusning boshqa fuqarolari kabi men ham shu haqida o‘ylab yuribman. Faqat kechikmasak bo‘lgani. 1933–1934-yillari yahudiylar ham shunday o‘ylagan: balki, Germaniyadan ketishimiz kerakdir? Ketganlar to‘g‘ri qilgandi.
Bunga bir baxya qolgan bo‘lsa ham, o‘shandan beri biror marta xavfsizlik kuchlarining qo‘liga tushmadim. O‘sha voqeadan keyin o‘zimni qanday tutishim kerakligini bilmayman. Bir tanishim qo‘lga tushib, shundan so‘ng hech nimaga qatnashmaslikka, bor e’tiborini oilasiga qaratishga qaror qildi. Uni ayblolmayman, chunki boshidan nimalar kechgani menga qorong‘i. U ko‘pincha: “Buni hech kimga ravo ko‘rmayman”, — deydi.
Hozir Belarusda norozilik harakatlari eng sust darajada: stikerlar yopishtirish, daraxtga bayroq ilish, bir-birimizni qo‘llash kabilar, xolos. Stavkalar oshirildi. Ammo qo‘lni yuvib, qo‘ltiqqa urish ham yaramaydi — nima, bu murosaga kelganimizni anglatadimi? Adolatsizlik, zo‘rlik va xorliklarga chidashga mahkummizmi? Yaxshi insonlar va halollik haqida o‘qigan kitoblarimiz qayoqda qoldi?
Postlar yozish, stikerlar yopishtirish xavfli — barmoq izi tushib qolmasligi uchun faqat qo‘lqop bilan yopishtirish mumkin. Bayroq ilish xavfli. Boshqa tomondan, oq fitnes-treker va oq soatlarda yurgan odamlarga ko‘zim ko‘p tushyapti. Hech bo‘lmaganda, bizda qandaydir norozilik ramzlari qoldi. Mabodo, bir oydan keyin oq “bilakuzuklar”ni yo‘qotish kerak degan qarorga kelishsa, biz bu bilakuzuklarni boshqa ranglarga o‘zgartiramiz.Umuman olganda, odamlarning ta’bi sust. Garchi, vaqt hammasini ko‘rsatishi aniq bo‘lsa-da. Tizim qulayapti, uning belgilari ko‘zga tobora aniqroq tashlanmoqda. Barqarorlik yo‘q. Baribir qandaydir o‘zgarish bo‘ladi. Bunga ishonch bor. Savol tug‘iladi: bo‘sh kelmaslikka matonatimiz yetadimi? Hozircha bo‘sh kelmayapman, hozircha shu yerdaman, hozircha ozodman.
Ojizlik hissi ruhimni ezyapti. Nimadir qilishni istayman. Men u hisni birlik marshlarida tuygandim. Ajoyib edi. G‘oliblik hissi. Xalq bilan hamnafaslik hissi. O‘zgarishlar istiqbolidagi hayajon. Yangi Belarusda hayotimiz qanday go‘zal kechishi haqida bir-birimizga to‘lqinlanib so‘zlab bergandik. Hayotni o‘zgartirish uchun bor kuchimizni beramiz. Vatanni himoya qilish uchun kurashga oq gul ko‘tarib chiqqan ayollar haqida afsona va asotirlar yaraladi. Ammo hozircha Belarusning kuni qora to‘qmoqli yungdor alvastilarga qoldi.
Olga(ismi o‘zgartirilgan)
Shunday kunlar bo‘ladiki, mayda-chuyda tafsilotigacha yodingizda qoladi. Men 9-avgustni shunday eslayman.
Uyim markazda joylashgan, lekin ovoz berish uchun Minsk shahri chekkasiga borishim kerak edi. Podyezdda velosipedimni bo‘shatolmadim: qulfi ochilmadi. Shu payt liftdan mast desantchi chiqib keldi (klassik urfdagi, eski turar-joyda binosida yashaymiz, podyezd qorong‘i, devorlari nurab ketgan) va yordam berishni taklif qildi. Uyiga kirib, bolg‘a olib chiqdi va qulfni sindirdi. Shundan so‘ng qayerga ketayotganimni so‘radi. Men: “Ovoz berishga”, — dedim. Keyin u: “Men ham ovoz berib keldim”, — dedi. Shundan so‘ng ko‘zimga savol nazari bilan tikildi: kimga ovoz berasan? Axir, men u kimga ovoz berganini bilmayman! Mayka kiygan tatuirovkali erkak ahmoqday ko‘rinardi. Men javob berdim: “Tixanovskayaga”. U esa: “Ofarin, o‘zingga yaxshi qulf sotib ol”, – dedi. Uning tuppa-tuzuk odamligini keyin bildim, lekin o‘sha kuni uni shunaqa yovvoyi qiyofada ko‘rgan ekanman.
Suxarevoni (saylovimiz o‘tgan tuman) uncha yoqtirmasdim. U yer zerikarliday tuyulardi. Ammo o‘sha kun u haqidagi fikrimni o‘zgartirdi.
Suxarevoga “pogonya” gerbi tushirilgan futbolkada keldim. Maktablar yonidagi navbatni ko‘rganimda men bilan bir vaqtning o‘zida qancha odam kelganini tushundim. Ko‘zimga yosh to‘ldi.
Uchastkamni topdim. Gerb tushirilgan futbolkada borar ekanman, mendan hamma xursandligini va tabassum ulashayotganini sezaman. Kashtali ko‘ylak, oq-qizil-oq yoki ramzli kiyimlarda kelgan odamlar ko‘p edi. Ajoyib manzara. Bunday birdamlikni birinchi marta ko‘rayotgandim.
Ovoz berib, uyga qaytdim. Beixtiyor miyamga bir fikr keldi: “Dollarni yechib olish kerak!” Birorta bankomatda dollar yo‘q edi — odamlar hozirlik ko‘rayotgandi.
Yonimdan o‘tib ketayotgan otaxon “G‘alaba” ishorasini qildi. Oq-qizil-oq bayroq tutib olgan, 50–60 odamdan iborat motosiklchilarning uzun kolonnasiga ko‘zim tushdi. Ularga “G‘alaba” ishorasini qildim, ular bunga javoban signal chalishdi. Keyin yaqin bir odamimni uchratdim, u yonimda bo‘lsa, hech narsadan qo‘rqmasdim — bizni nima kutayotganini hisobga olsak, bu ayni muddao edi.
Metro ishlamayotgandi. Piyoda yo‘lga tushdik. Ko‘chalar bo‘sh, mashina deyarli yo‘q. Ko‘plab odamlar, nazarimda, ko‘proq erkaklar markazga qarab piyoda ketardi. Do‘stlarimiz bilan ko‘rishdik, yo‘laklar orqali yodgorlik tomonga chiqib bordik (shahar markazidagi “Minsk — qahramon shahar” yodgorligi —“Meduza” izohi). U yer allaqachon qurshab olingandi.
Bir payt biz kelgan yo‘l bo‘yida ko‘plab dovyurak kishilar paydo bo‘ldi. Odamlar telefon chiroqlarini yoqdi. Go‘yo chiroqlar dengiziga tushib qolgandik.
Hamma natijalarni kutardi. Internet kunduzi o‘chgandi, kimdir VPN orqali ulandi. “Minskda OMON qalqonlarni yerga tashladi” qabilidagi xabarlar kela boshladi va butun olomon bir ovozdan: “Yashasin!” — deb yubordi. Biz bu yerda ham shunday bo‘lishini kutib turardik. Kimdir OMONchilarga yaqinlashib, ulardan xalq tomonga o‘tishni so‘radi. Keyin otishma boshlandi, siquvga ola boshlashdi, ammo biz juda ko‘p edik. Qo‘rquv emas, ko‘tarinki kayfiyat hukmron edi.
Ular bizni quvib, to‘zg‘ita boshlaganda ortga chekindik. Qo‘rqib ketdim, olomon ichida adashib qolgandim. Hamrohim nima bo‘lganini tushundi va qo‘limdan tortdi.
Bizni KGB binosigacha haydab borib, ortga qaytarishdi va biz tuzoqqa tushdik. Bitta ko‘chadan tashqari hammasi yopiq — o‘sha ko‘chadan chiqib ketyapmiz, u yerda esa (xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘llanilayotgan, ko‘zdan yosh oqizuvchi) gaz. Qochayotganimizda yiqilib tushdim, tovonim og‘riy boshladi. Lekin kuchli hayajonda bunga e’tibor qilmadim. Oxiri qutulib ketdik.
Hozir bizga nima xavf solayotganini bilganimizda, balki yaqin atrofdagi podyezdlardan biriga borib, tong otguncha o‘sha yerda o‘tirgan bo‘larmidik. Biroq o‘shanda (men haydab kelgan) velosipedni olishga bordik! Axir, u OMONchilar g‘ich-g‘ich qaynab yotgan yodgorlikdan sal nariroqda turgandi. Biz uni oldik. Atrofda tartibsizlik, soat tungi ikki. Bir amallab uyga yetib olishimiz kerak. Bu ajoyib va g‘ayritabiiy sayohat edi.
Velosipedda ketyapman-u, velosiped yo‘lagida OMONchilar turibdi, yon tomonda esa avtozak. O‘zimni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsam ham, qo‘ng‘iroqchani chaldim, ular yo‘l bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Hammoyoq to‘sib tashlangandi, biz arang o‘tib oldik.
Kashtali ko‘ylakda qonga belangan, juda kelishgan yigitni uchratdik — u jilmayardi. Undan hol-ahvol so‘radik. U qandaydir g‘alati javob qildi — boshi lat yeganmikan, deb o‘ylab qoldik. Ma’lum bo‘lishicha, u belarus tilida gaplasha oladigan fransuz ekan. O‘q parchasi tegibdi, lekin allaqachon ko‘rikdan o‘tkazilibdi.
U yog‘iga yolg‘iz o‘zim ketdim. OMONda hamma narsa bor edi, qator-qator texnikalar. Ketyapman-u, orqamga chiroq nuri tushyapti. Dahshatli edi — go‘yo harbiy zonaga kirib borayotganday.
Uyning deyarli yonginasida OMONchilar odamlarni urib, avtozakka yuklayotgandi. Bir erkakning boshiga shu qadar qattiq tepishdiki, undan chiqqan tovush butun chorrahaga eshitildi. Boshqa bir OMONchi qizga baqirdi. Men qandaydir trans holatida to‘g‘ri u tomonga qarab boryapman, shu payt yonimga yo‘l patrul xizmati mashinasi kelib to‘xtadi va yo‘l patrul xizmati xodimi qichqirib: “Ahmoq, bor uyingga!”, – dedi. Shundoq avtozak yonidan hovliga qayrilaman; uyni aylanib o‘tgunimcha OMONchi ko‘rinmay qoladi. Ular hammani avtozakka yukladi — tungi chiroq ostida ko‘ngilxushlik qilayotgan oddiy shirakayf odamlar bo‘lsa ham.
Men bir qizning yoniga bordim, sal avvalroq unga birov qichqirgandi. U qaltirab ketdi. Boshdan-oyoq oppoq kiyinib olgandi. Mast edi va tinmay yig‘lardi. Undan hol so‘rab, uyiga ketishni maslahat berdim. Keyin o‘zim ham ketdim. Juda kech bo‘lib qolgandi.
Tumanimizda rostakam odam ovi bo‘lib o‘tganini keyin bildik. Hammani olib ketishibdi. Odamlar butalar ostiga, podyezdlarga, shovurma sotiladigan tungi do‘konchalarga yashirinibdi. Qo‘riqchi farishtalar o‘shanda sherigim ikkimizni qattiq himoya qilganiga haligacha ishonamiz — rosa omadimiz chopgandi.
Ertasi kuni telefonning tinimsiz jiringlashidan uyg‘onib ketdim. Qarindoshlarim ahvolim yaxshiligi va ishim bilan qiziqishayotgandi — ishim internet bilan bog‘liq, internet esa o‘chiq.
Tovonim og‘riyotgandi, lekin tunda yana markazga bordik. Hozir eslash kulgili, biroq o‘shanda xuddi o‘qdan himoya qiladiganday, tizzaband va sayyohlik ko‘rpachalarini sotib olgandik.
Bir vaqt ortiq yura olmasligimni tushundim, oyog‘im qattiq og‘riyotgandi. Bu juda qo‘rqinchli edi: otishmalar, tirbandliklar, zirhli mashinalardagi askarlar, gaz. Oxiri “Mortal kombat”dagi Shan Sunga o‘xshab ketadigan, ellik yoshli erkak bilan tanishdik, u dugonam ikkimizni ham do‘stlarimizni ham u yerdan olib ketdi.
Yo‘lda OMONchilar odamlarni qanday kaltaklab, qo‘lga olayotganini ko‘rdik. Ust-boshimizda hali ham ramzlarni ko‘tarib yurar, buning uchun bizni chala o‘lik qilishlari mumkinligini bilmasdik. Oq bilakuzukni o‘zimizga yedirishlari mumkin edi.
Markazda odam o‘ldirilganini kelasi kuni bildik. Kechqurun hech qayerga bormadim, chunki qo‘rqardim, boz ustiga, sillam qurigandi. Namoyish bostirilganday edi. Esimda, tungi 11 da chiqindi tashlagani chiqmoqchi bo‘lib derazadan tashqariga qaradim – OMON odamlarni quvib yurardi.
Ertasi kuni juda tushkun kayfiyatda uyg‘ondim va ko‘chaga to‘satdan oq kiyimdagi, gul ko‘targan ayollar chiqqani haqida o‘qidim. Bu juda ta’sirli, muhim va o‘z vaqtida qilingan ish edi. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun darhol o‘sha yoqqa yugurdim. Bu navbatdagi norozilikning boshlanish nuqtasi edi. O‘shanda biz g‘alaba qila boshlaganday edik. Keyingi ikki kun mutlaqo takrorlanmas va ajoyib o‘tdi. Shahar shovqin-suronga to‘ldi.
Shundan so‘ng unutilmas oylar o‘tdi — bir vaqtning o‘zida ham quvonchli, ham qayg‘uli. Men faol ishtirok etdim, marshlarga bordim va hokazo (biroq kovid tufayli oxirgi katta marshlarni o‘tkazib yubordim). Shundan so‘ng tuman marshlari boshlandi, lekin vaqt o‘tishi bilan ular ham tinchidi.
O‘sha kunlari qo‘limda juda ko‘p hikoyalar yig‘ildi. Bir safar ayollar marshida meni ham qo‘lga olishlariga oz qoldi. Ayollar quroli bo‘lmish qichqiriqdan unumli foydalandim. Juda qattiq qichqirdim, militsiya esa fuqarolik kiyimidagi ikki yoqimsiz amaki edi. U payt odamlar hali hech nimadan qo‘rqmasdi.
Aftidan amakilar hovlida ikki qizni tortqilab ketishayotgandi. Munkillab qolgan 80 yoshli buvi yugurib kelib, bizga podyezd eshigini ochdi. Hovli bo‘shday ko‘rinar, ammo qichqirishim bilan odamlar chopib chiqdi. Hozir bunday qilmish uchun barcha qatnashuvchilar javobgarlikka tortilgan bo‘lardi.
Uchinchi marshlardan so‘ng odamlarni keng miqyosda qo‘lga olish boshlandi. Hibsga olinmagan biror kun yo‘q. Yakshanba kuni uyg‘onasan, marshga borish kerakligani bilasan. Bir-ikki soat uyg‘oq yotsang ham, o‘rningdan turolmaysan. Qo‘rquv karavotga mixlab qo‘ygan. Ammo tashqariga chiqishing bilan qo‘rquv seni tark etadi.
Hozir qo‘rquv yo‘q yoki biz unga o‘rganib qoldik. Achinarlisi, vaqti-vaqti bilan yaqinlarimiz qamalganida, tashvishga tushib turamiz. Keyingisi sen bo‘lishing mukinligini his etasan. Ilgari biz “pogonya” gerbi tushirilgan futbolkalarda yurardik, qo‘lda bayroqlar bilan shahar kezardik. Endi bularning bari taqiqlangan. Lekin o‘zingnikilarni hali ham taniy olasan. Ko‘zlaridan, tinglaydigan qo‘shiqlaridan, hukumat sezmaydigan juda ko‘p belgilar orqali. Buni nazorat qilib bo‘lmaydi.
Menimcha, ahvolimiz davlat mulozimlarinikidan ko‘ra ancha yaxshi. Shaharga chiqishdan ham, buni hamkasblarim va do‘stlarim bilan muhokama qilishdan ham qo‘rqmayman. Ular esa telefon suhbatlaridan qo‘rqadi, qamoqqa olishlaridan cho‘chiydi. Agar kimdir xavfsizlik kuchlaridan ketsa, uni darhol omma oldida obro‘sizlantirish boshlanadi. Jamiyat qo‘rquv ichida, ammo biz yaqinlarimizga ikkiyuzlamachilik qila olmaymiz. Bizning ishongan odamlarimiz bor, ularda esa yo‘q.
Haligacha har qanday fuqarolik harakati katta kuch bag‘ishlaydi. Har qanday mardona harakat, hatto arzimasgina belgi ham ruhimizga quvvat beradi. Chunki xavf haddan tashqari yuqori ekanini tushunasan.
Ular endi bizni karaxtlik va umidsizlikka solib qo‘yishga harakat qilmoqda. Istagancha yurdik, shataloq otdik — endi go‘yo hisob-kitob qilishmoqchi. Lekin asli bunday emas, shu hisni singdirmoqchi bo‘lishyapti. Biz avgustda kelajakni, chinakam qiyofamizni ko‘rdik, so‘ngra bizni yana o‘tmishga qaytarib uloqtirishdi. Ular kelajakdan qochib bo‘lmasligini anglamayapti.
Ruhshunos dugonam bor. Uning aytishicha, ilgari odamlar kelib, ota-onasi va turmush o‘rtog‘i bilan oralaridagi munosabat haqida gapirgan ekan. Endi ular yomon tushlar haqida gapira boshlabdi. Ko‘pi TSSB (travmadan keyingi stressli buzilish)dan aziyat chekmoqda.
O‘zimning ham hushim boshimdan uchdi. Munosabatlarga darz ketdi, ishimdan unum qochdi. Gohida xavotirga, gohida tushkunlikka tushib qolardim. Hali ham men ruhiy jihatdan ancha sog‘lomman — na vahima hurujlariga, na uyqusizlik kasaliga chalinganman. Bu paytda hamma uyqusizlik, vasvasa kasaliga chalingandi. Bir dugonam turmada o‘tirib chiqdi, keyin uch oy, har kecha tushida turmani ko‘ribdi — eshikning g‘iyqillashi, chinqiriqlar.
Tanigan odamingni qamab qo‘yishsa, tinimsiz yig‘laysan. Men o‘sha yili butun umr to‘kkanimdan ham ko‘ra ko‘proq yosh to‘kdim. Bunga, axir, jimgina bardosh berib bo‘lmasdi-da.
So‘nggi yilda atrofimdagi muhit keskin o‘zgarib ketdi. Ajoyib, dovyurak insonlarni uchratdim, ammo do‘stlarimning ko‘pi yurtni tark etishga majbur bo‘ldi, ayrimlari qamoqxonada. Sen yillar davomida bunyod etgan muhit ko‘z o‘ngingda g‘oyib bo‘ladi. Shahar bo‘shab bormoqda, undan hayotni va ushbu qaynoq hayotni yaratgan insonlarni siqib chiqarmoqdalar. Albatta, bu qiyinchiliklarni sen bilan birga boshdan kechirgan insonlarni yanada ko‘proq qadrlay boshlaysan. Avval tasavvuringga ham sig‘dirolmagan odamlardan bir dunyo ilhom olasan.
Barcha marshlardan keyin Minskda men uchun norozilik namoyishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan birorta joy qolmadi. Bu yerdan marsh payti do‘stim bilan yurib o‘tgandik. Mana bu yerga berkingandik. Mana bu yerga gul ko‘tarib kelgandik, bu yerda konsert tinglagandik. Butun shahar og‘riqli nuqtalarda jam — sen shu shaharning bir qismisan. Uni qanday tashlab ketasan? Bularning hammasi uchun tishni-tishga qo‘yasan. Og‘riq, ishtiyoq, sevgi va ishonch uchun, chunki haqiqat biz tomonda.
Izoh (0)