Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2022-yilgi Chempionlar Ligasida ishtirok etadigan klublarning yakuniy tarkibini e’lon qildi, deb yozadi futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev Telegram’dagi kanalida.
Qayd etilishicha, Eronning “Persepolis” va “Istiqlol” klublari OChL litsenziyasidan mahrum qilingan, Iroq hamda Livan klublari ham pley-offdagi o‘z o‘rnidan ayrilgan.
Natijada pley-off bosqichida “Nasaf” bilan o‘ynashi kerak bo‘lgan “Al-G‘arafa” to‘g‘ridan to‘g‘ri guruh bosqichiga yo‘l olgan. Qarshi klubi esa safarda BAAning “Baniyas” klubiga qarshi pley-off o‘yinida maydonga tushadi. Bu o‘yindagi g‘alaba “ajdarlar”ni Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga olib chiqadi.
“Baniyas” — “Nasaf” uchrashuvi 15-mart sanasiga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, “Nasaf” OChL pley-offida O‘zbekiston Kubogi g‘olibi sifatida qatnashmoqda. Agar Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, Superligada 2-o‘rinni egallagan “So‘g‘diyona” OFK Kubogi guruh bosqichida o‘ynaydi.
O‘zbekiston chempioni “Paxtakor” esa OChLdagi ishtirokini to‘g‘ridan to‘g‘ri guruh bosqichidan boshlaydi. Guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)