Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat xalqiga murojaati yo‘llab respublika Xavfsizlik kengashiga rahbarlik qilishini bildirdi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Avval mazkur lavozimda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev faoliyat olib borardi va u umrining oxirigacha mazkur lavozim vakolatlariga ega edi. To‘qayev bu haqda Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qilgan.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar ortida “moliyaviy jihatdan motivlarga ega kimsalar” turibdi va ularning bu borada “puxta ishlab chiqilgan rejasi” bor.
“Shuning uchun davlat rahbari sifatida bugunning o‘zida Xavfsizlik kengashi rahbarligini qabul qilaman”, — deya ta’kidlagan To‘qayev.
Shuningdek, u o‘zining mamlakatdan qochib ketganligi haqidagi xabarlarni inkor qilgan.
“Nima bo‘lishidan qat’i nazar, poytaxtda qolaman. Tez orada Qozog‘istonda yangi siyosiy transformatsiyani amalga oshirish yuzasidan o‘z takliflarim bilan chiqish qilaman. Bosqichma-bosqich islohotlarni davom ettirish bo‘yicha o‘z pozitsiyamda qolaman”, — degan Qozog‘iston prezidenti.
Nursulton Nazarboyev 2019-yilda Qozog‘iston prezidentligidan ketib, Xavfsizlik kengashi rahbariga aylangandi.
“Bu Nazarboyevda rahbarlik vakolatini saqlab turgan oxirgi lavozim edi. Endi To‘qayev Qozog‘istonda rasman barcha asosiy tuzilmalar boshqaruv vakolatlariga ega”, — deya qayd etgan “RBK” eksperti, Moskva davlat universiteti Sobiq ittifoq davlatlarida ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori Daryo Chijova.
2021-yil aprelida Nazarboyev Qozog‘iston xalq assambleyasi rahbarligidan, o‘sha yili noyabr oyida esa “Nur Otan” partiyasi rahbarligidan ketgan.
Izoh (0)