AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinda koronavirus aniqlandi. Biroq unda kasallik yengil shaklda kechmoqda. Bu haqda vazirning o‘zi Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Siyosatchi to‘liq emlangani, shuningdek, buster dozani ham olgani sabab kasallik unda emlanmaganlardan ko‘ra “ancha yengil” o‘tmoqda.
Ostinning so‘zlariga ko‘ra, u besh kun davomida o‘zini o‘zi yakkalaydi. Bu vaqt davomida u barcha vakolatlarini saqlab qoladi va muhim uchrashuvlar hamda konsultatsiyalarda “imkon doirasida” virtual ravishda ishtirok etadi. Ostinning aytishicha, u AQSh prezidenti Jo Bayden bilan bevosita 21-dekabr kuni muloqot qilgan — unda koronavirusning dastlabki belgilari paydo bo‘lishidan bir hafta oldin.
Pentagon rahbari kasallikning yengil o‘tayotganini emlanishlar foyda berayotganining isboti deb atagan. “Qayta vaksinatsiyadan o‘tish imkoniga ega barchani undan o‘tishga chaqirishda davom etaman”, — deydi Ostin. AQSh qurolli kuchlarida koronavirusga qarshi emlanish majburiy etib belgilangan.
AQShda ham xuddi Yevropadagi kabi ayni vaqtda koronavirusning “omikron” shtammi keng tarqalmoqda. Pandemiya masalalari bo‘yicha amerikalik yetakchi mutaxassis Entoni Fauchi 2-yanvar kuni COVID-19 bilan kasallanishning yangi holatlarni “qariyb vertikal o‘sish” deb atagandi.
Avvalroq AQSh razvedkasining minglab xodimlari emlanishdan bosh tortgani uchun ishdan bo‘shatilishi mumkinligi, Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki koronavirusga chalingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)