Senat kengashining 28-dekabrdagi qaroriga muvofiq Farhod Arziyev O‘zbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farhod Arziyev diplomatiya sohasida 2002-yildan buyon ishlab keladi. Vazirlik markaziy apparati hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida katta tajriba to‘plagan.
Xususan, 2014—2017 yillarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi maslahatchi, 2017—2020-yillarda O‘zbekistonning Hindiston va Bangladeshdagi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Dehli shahrida), 2020—2021-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Rus, ingliz va nemis tillarini biladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Xitoydagi sobiq elchisi Baxtiyor Saidov 17-noyabr kuni xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan edi.
Izoh (0)