29-dekabr kuni ertalab Namangan va Andijon aeroportlarida ko‘rish imkoniyati yomonligi sababli samolyotlar uchish va qo‘nishni amalga oshira olmadi. Bu haqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kuchli tuman tufayli — ko‘rish masofasi 50 metr atrofida bo‘lgan — “Ural” aviakompaniyasining Qozondan parvoz qilayotgan SVR2161 reysi soat 08:48 da Namanganga qo‘na olmagan va Toshkentdagi zaxira aerodromiga yo‘naltirilgan.
Yana bir HY9620 reysi ham ob-havo sharoiti noqulayligi tufayli Namanganga qo‘nishni amalga oshira olmagan va Farg‘onadagi zaxira aerodromga yuborilgan.
Andijon aeroportida ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskvadan HY-622/621 qatnovini amalga oshirgan havo kemasi ham soat 10:45 da belgilangan aeroportga qo‘na olmasdan, Farg‘onadagi zaxira aerodromiga uchgan.
Meteorologiya xizmati prognoziga ko‘ra, ushbu aeroportlar ob-havo sharoiti tufayli, taxminan, soat 14:00 gacha yopiq bo‘ladi. Rejalashtirilgan barcha reyslar eng yaqin zaxira aerodromlarga yo‘naltiriladi.
Avvalroq “O‘zgidromet” O‘zbekistonning aksariyat hududlarida 30-dekabr kuni ham tuman tushishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 24-dekabr kuni Toshkentdan uchadigan samolyot tuman tufayli Andijonga qo‘na olmagandi.
Izoh (0)