Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink internet sun’iy yo‘ldoshlari Xitoyda tanqidlarga uchradi, deb yozmoqda Reuters.
Xitoy hukumati SpaceX tomonidan uchirilgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari bilan to‘qnashuvning oldini olish uchun Xitoy kosmik stansiyasining trayektoriyasini o‘zgartirishga majbur bo‘lganidan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkilotining koinot masalalari bo‘yicha boshqarmasiga shikoyat bilan murojaat qilgan.
Xabarga ko‘ra, shikoyat ko‘rib chiqish bosqichida. Pekin bayonotiga ko‘ra, kosmik stansiya Starlink sun’iy yo‘ldoshlari bilan kamida ikki marta “to‘qnashib ketay degan”. Hodisalar 1-iyul va 21-oktabr kunlari sodir bo‘lgan. Xitoy o‘z murojaatida Koinot shartnomasining barcha ishtirokchilariga davlat va nodavlat tashkilotlarining koinotdagi faoliyati uchun xalqaro mas’uliyatlarini zimmasiga olishi kerakligini eslatishni so‘ragan.
Shikoyatni topshirgandan so‘ng, Xitoyning Twitter’ga o‘xshash Weibo mikrobloglar servisi foydalanuvchilaridan ayrimlari Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini “bir uyum kosmik chiqindilar” deb atagan bo‘lsa, boshqalari “Amerika kosmik quroli” deb ta’riflagan.
“Starlink’ning xavfli jihatlari asta-sekin oshkor bo‘lmoqda, butun insoniyat o‘z ish faoliyati uchun haq to‘laydi”, — deb yozdi Weibo foydalanuvchi Chen Xayin.
Ma’lum qilinishicha, SpaceX allaqachon Starlink tarmog‘i doirasida 1,9 mingga yaqin sun’iy yo‘ldoshni uchirdi. Olimlar bir necha bor koinotdagi to‘qnashuvlar xavfidan xavotir bildirib, dunyo mamlakatlari hukumatlarini Yer atrofida aylanib yuruvchi 30 000 ga yaqin sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik qoldiqlar haqida ma’lumot almashishga chaqirgan.
Izoh (0)