Uzcard va Humo to‘lov tizimlari 2021-yildagi o‘zaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi. Shu tariqa har ikkala tizim terminallarida to‘lovlarni qabul qilish amaliyoti namoyish etildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.
Ilgari terminallarda cheklovlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bitta terminalda ham Uzcard ham Humo kartalariga xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.
“Yaqin kelajakda kassir tomonidan har bir karta uchun turli terminallarning taklif qilinishi shart bo‘lmaydi — savdo va xizmat nuqtalari ikkala to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatadigan bitta apparatga ega bo‘ladi”, — deya ta’kidlanadi xabarda.
Integratsiya memorandumi doirasida Uzcard va Humo quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettiradi:
- karta egalari, banklar, to‘lov tashkilotlari va chakana savdo shoxobchalarining manfaatlarini himoya qilish;
- texnologiyalarni takomillashtirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish infratuzilmasini kengaytirish;
- to‘lov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.
Izoh (0)