28-dekabr kuni Tojikiston rahbari Emomali Rahmon to‘rtinchi bor mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti etib saylandi, deb xabar beradi Asia-Plus.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Abdullo Rahmonzoda va Dilshod Nazarov qo‘mitaning vitse-prezidentlari etib saylangan, Muhammadsho Abdullozoda esa bosh kotibi sifatida qolgan.
Mamlakatning MOQ ijroiya qo‘mitasi tarkibidan Yekaterina Izmaylova, Shohida Qalandarova, Abdullo Mahmadalizoda, Husaynjon Saidov va Nigina Xayrulloyeva o‘rin olgan.
Bosh assambleya yig‘ilishi ishtirokchilari, shuningdek, Tojikiston Milliy olimpiya qo‘mitasining 2017—2021-yillardagi faoliyatiga oid hisobotni eshitgan. Ta’kidlanishicha, o‘tgan davr mobaynida 28 nafar sportchi moliyaviy ko‘mak olgan — Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarida ushbu dasturning umumiy qiymati 278,8 ming dollarni tashkil etgan.
Sportchilarning turli xalqaro turnirlardagi ishtiroki haqida so‘z borar ekan, hisobot davrida tojikistonliklar Islom birdamlik o‘yinlarida 3 ta bronza, Yopiq binolarda va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida 51 ta (3 ta oltin, 14 ta kumush, 34 ta bronza), shuningdek, Osiyo o‘yinlarida 7 ta (4 ta kumush, 3 ta bronza) medallarni qo‘lga kiritgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Emomali Rahmon 2020-yilning 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan respublika rahbarligiga saylovlarda ovozlarning 90,92 foizini to‘plagan edi. Oktabr oxirida esa beshinchi marta Tojikiston prezidenti etib saylangan Emomali Rahmon konstitutsiyaga va mamlakat xalqiga sodiqlikka qasamyod qilgandi.
Izoh (0)