Eron tomonidan Fors ko‘rfazida o‘tkazilgan harbiy o‘quv mashg‘ulotlari Isroil uchun ogohlantirish hisoblanadi. Bu haqda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondoni, general Husayn Salomiy Tel-Aviv Eron yadro obyektlariga hujum uyushtirishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkinligi borasidagi xatar fonida ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.
“Ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida aniq xabar bor: jiddiy, real… Bu sionist rejim hukumatiga xatar borasida ogohlantirish edi…”, — deydi Salomiy davlat televideniyesi efirida.
Shuningdek, Eron generali Isroilga “xatolardan ehtiyot bo‘lishni” maslahat bergan.
“Ular noto‘g‘ri qadam tashlasa, qo‘llarini kesamiz… Haqiqiy operatsiyalar va harbiy o‘quv mashg‘ulotlari orasida farq — bu raketalarni uchirish burchagini o‘zgartirishda xolos”, — deya qo‘shimcha qilgan Salomiy.
Harbiy mashg‘ulotlar davomida Tehron urush holatida AQSh va boshqa dushmanlariga qarshi muhim to‘xtatuvchi va “qasos oluvchi kuch” deb biladigan ballistik va qanotli raketalar sinovdan o‘tkazilgan. Eron televideniyesi raketalar yordamida tashqi ko‘rinishi Isroilning Dimona shahridagi yadroviy reaktoriga o‘xshash obyektlarning yakson qilinishi namoyish etgan.
Eronning Tasnim axborot agentligi “raketa mashg‘ulotlari davomida sionistik rejimning muhim markaziga hujum muvaffaqiyatli amalga oshirilgani”ni ma’lum qildi. Eron o‘zining ballistik raketalari 2 ming kilometrgacha ucha olishini va Isroil hamda AQSh hududidagi obyektlarni yakson etishga qodirligini bildirgan.
“Buyuk payg‘ambar 17” nomi ostida o‘tkazilgan besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlari Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida 20-dekabr kuni boshlangandi. Unda quruqlikdagi, harbiy dengiz va havo kuchlari ishtirok etdi.
Avvalroq AQSh harbiy dengiz kuchlari Erondan noqonuniy olib kelinayotgan qurollarni qo‘lga olgani, BMT Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokara ishtirokchilarini o‘z sa’y-harakatlarini ikki baravar oshirishga chaqirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)