Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xalq deputatlari kengashi sessiyasida murojaat yo‘lladi. Unda Toshkentda rejalashtirilgan yangi loyihalar haqida ma’lumot berdi.
“Toshkent shahrida xizmatlar sohasi jadal rivojlanib borayotgani hech kimga sir emas. Bu borada davlatimiz rahbari oldimizga qator dolzarb vazifalarni belgilab berganlar.
Topshiriqlar ijrosini sifatli ta’minlash hamda xizmatlar sohasini poytaxtimizda asosiy drayverga aylantirish maqsadida 300 nafar yoshlarni Fransiya va Shveysariya davlatlarida ushbu sohada o‘qitib, malakasini oshirishga jo‘natish choralarini ko‘ramiz”, — deydi shahar hokimi.
Ortiqxo‘jayev, shuningdek, poytaxtda Intellektual o‘yinlar shaharchasi barpo etilishini ta’kidladi.
“Yoshlarning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, hurmatli prezidentimiz tashabbuslariga asosan, ‘Yangi O‘zbekiston’ bog‘i atrofida ‘Zakovat’ klubining binosi hamda Intellektual o‘yinlar shaharchasi barpo etiladi.
Shaharchada ‘Dunyo yoshlari poytaxti — Toshkent’ nomli zamonaviy sayohat, sport, IT, moda, kino, san’at, festivallari tashkil etiladi”, — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Bundan tashqari, poytaxt hokimi Toshkentda zamonaviy, kun-u tun faoliyat olib boradigan Uchinchi renessans avlodlari nomli kutubxona barpo etilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)