Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida bodom gulladi. Yakkabog‘lik bloger Kamil Faxrutdinov gullagan daraxtning 22-dekabr kuni olingan suratlarini taqdim etdi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi meteorologi Erkin Abdulahatov o‘zining Telegram kanalida yozishicha, so‘nggi ikki-uch kunlikda respublikaning katta qismida aprel oyining o‘rtalariga xos iliq, bahoriy havo kuzatilmoqda. Janub viloyatlarda harorat maksimum 20 darajaga ko‘tarildi.
“Bu esa yuqoridagi kabi ertapishar bodom daraxtida gullash holatlarini keltirib chiqargan ko‘rinadi. Bu, tabiyki ommaviy gullash emas, ammo bunaqa issiq kunlar yana 2-3 kun davomiy kuzatilsa, janub va voha hududlarida bodom daraxtlarida gullash hodisalari kuzatilishi ham bor gap. Bu kelasi yil hosili uchun yomon”, — deb qayd etgan meteorolog.
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 23-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida havo o‘zgarib turadi, kechasi va ertalab ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechasi 3-8 daraja iliq, kunduzi 13-18 daraja iliq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning yanvarida O‘zbekistonga Erondan juda iliq havo massalari kirib kelgani sababli Qashqadaryoning bir necha tumanida boychechak gullagandi.
Mavzuga doir: Video: Qashqadaryodagi chang bo‘roni
Izoh (0)