Buxoro viloyatining Vobkent tumanida er-xotin o‘z uyida vafot etdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri. Tuman sud tibbiy ekspertiza ekspertining ma’lum qilishicha, ular is gazidan zaharlangan bo‘lishi mumkin.
Tumanning “Chorgaron” mahallasidagi Naymon qishlog‘ida yashovchi 47 yoshli N.M. hamda 45 yoshli D.T.da biologik o‘lim 20-dekabr kuni taxminan soat 09:30 larda qayd etilgan.
“Biz yetib borgunga qadar ularning vafot etganiga qariyb 6 soat bo‘lgani aniqlandi. Ularning tanalari qotib qolgan ahvolda edi. Birinchi o‘rganuv manbasiga ko‘ra, er-xotin is gazidan zaharlangan. Biroq bu hali yakuniy xulosa, degani emas. Ayni paytda ekspertiza harakatlari davom ettirilmoqda”, — deydi Vobkent tuman sud tibbiy ekspertiza eksperti.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rahima Akramovaning bildirishicha, marhum fuqarolarning 3 nafar o‘g‘li bo‘lib, ular uyda yosh kelini hamda kenja o‘g‘li bilan qolgan bo‘lgan.
“Kelinchak avvaliga ertalabki nonushtadan keyin oradan 2-3 soat vaqt o‘tsa-da, qaynona-qaynotasini dam olyapti, deb o‘ylagan va ularni bezovta qilishga tortingan. Biroq 4-5 soat o‘tsa-da, ular uydan chiqmagan. Kelinchak qaynonasining qo‘l telefoniga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilgan. Biroq qo‘ng‘iroqlar javobsiz qolgan. U qaynukasiga o‘ziga noqulay bo‘layotgani, ota-onasidan bir xabar olishini so‘ragan. Ming afsuski, kenja o‘g‘il ota-onasining allaqachon vafot etganiga guvoh bo‘lgan”, — dedi Rahima Akramova.
Ayni paytda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Bundan avval Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi xonadonda noma’lum moddadan zaharlangan fuqaro jasadi topilgandi. Dastlabki surishtiruvda mazkur xonada ko‘mirning chala yonishidan ehtiyotsizlik bilan foydalanilgani aniqlangan.
Viloyatning Past Darg‘om tumanidagi korxonalardan biriga o‘rnatilgan konteyner ichida ikki ishchining jasadi noma’lum moddadan zaharlanish alomatlari bilan topilgandi. Keyinchalik ular is gazidan zaharlanib, vafot etgani ma’lum bo‘lgan.
Farg‘onadagi bog‘chadan esa mavsumiy o‘t yoquvchi vazifasida ishlovchi kishining jasadi topilgandi. Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, is gazidan zaharlangan deb birlamchi xulosa berilgan.
Izoh (0)