Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi oshxonada 19-dekabr kuni portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 14:20 da tumanning “Navro‘z” mahallasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan “Lazzat” oshxonasida chaqnash sodir bo‘lgan. Voqea joyida 2 ta propan gaz balloni bo‘lgan.
Chaqnash oqibatida oshxonaning taxminan 40 kvadrat metr maydonida shift qismi va jihozlar yongan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 nafar fuqaro tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga olib borilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:23 da hodisa joyiga yetib borib, 14:29 da yong‘in hududini qurshab olgan va soat 14:54 da holat bartaraf etilgan.
Voqea joyiga viloyat hamda tuman FVB rahbar xodimlari, IIB, prokuratura, tibbiyot, gaz xizmatlari xodimlari va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.
“Sodir bo‘lgan holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda 2021-yil boshidan buyon is gazidan zaharlanish va gaz portlashidan vafot etganlar soni ma’lum qilindi
- Denovdagi portlash yuzasidan 3 kishi qamoqqa olindi
- Toshkent davlat texnika universiteti yonidagi oshxonada yong‘in yuz berdi (video)
- Samarqandda sham yoqib dars qilayotgan bola uxlab qolishi oqibatida ko‘p qavatli xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi
Izoh (0)