“Daryo” “Qizlarga maktub” loyihasi doirasida turmush zarbalariga yengilmay, rivojlanishdan to‘xtamagan, hayotda o‘z o‘rnini topayotgan ayollarning maktublarini chop etishda davom etadi.
Bu galgi qahramonimiz — bir farzandi bilan turmushidan ajrashgan taniqli vizajist Muazzam Jo‘rayeva.
Muazzam Jo‘rayeva — xalqaro toifadagi vizajist. 1994-yil Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida tug‘ilgan. Mua Studio asoschisi. 5 yildan beri vizajist bo‘lib ishlaydi. Bir nafar o‘g‘li bor.
Bolaligimda juda qo‘rqoq va uyatchan bo‘lganman
Bolalik paytimni eslasam, negadir ko‘zim yoshlanadi. Oilaning erkasi-yu, lekin juda uyatchan, qo‘rqoq edim. Shungami, har qanday ziddiyat, kelishmovchilikdan cho‘chirdim. Hozir butunlay boshqa odamga aylanganman.
Maktabda a’lochi, faol edim. Jurnalistikaga juda qiziqqanman. Tadbirlarda boshlovchilik qilardim, maqolalar yozardim. Televideniyeda bir muddat muxbir ham bo‘ldim.
O‘rta maktabni tugatib, ikki marta Milliy va Jahon tillari universitetlarining jurnalistika fakultetiga o‘qishga topshirdim, afsuski, kirolmadim. Imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganman, testdan ko‘rsatkichlarim yuqori edi. Biroq ijodiy sinovdan qancha harakat qilmay, negadir bahom past chiqaverardi.
Ikkinchi marta ham o‘qishdan yiqilganimda qattiq tushkunlikka tushib qoldim. Keyin uyimizga tinmay sovchi jo‘natayotgan bir yigitga turmushga chiqishga qaror qildim. O‘sha paytda erga tegish “muammo”dan qutilishning yagona chorasi bo‘lib ko‘ringan. Xullas, 19 yoshimda poytaxtda yashaydigan yigitga uzatildim. Xo‘jayinim jurnalist bo‘lishimni istamadi. Shu bilan bu sohani tark etdim.
Xiyonat yoki zo‘ravonlikning qurboni bo‘lmadim, lekin...
Turmushimda baxtli kunlar, yorqin lahzalar ko‘p bo‘ldi. Erim totuv yashashimiz uchun qattiq harakat qildi. Shular qatori men kutmagan vaziyatlar ham bo‘ldi.
To‘g‘ri, men xiyonat yoki zo‘ravonlik qurboni bo‘lmadim. Ammo biz ikki xil insonlar edik. Maqsadlarimiz ham turlicha edi.
Turmush o‘rtog‘im shunday fe’l-atvorli inson edi: aytganini qilsangiz sizni dunyodagi eng baxtli ayolga aylantirardi, yo‘qsa... Men esa istaklarim hisobga olinishini xohlardim. Orzularimni ro‘yobga chiqarishi uchun boshqacharoq yo‘l tutishim kerakmidi, bilmadim.
Xullas, tug‘ruqdan keyingi depressiya, tinimsiz tortishuv, tushunmovchilik sabab ikkimiz ham sovib boraverdik. Oxiri, umuman, birga yashagimiz kelmay qoldi. Ajrashish eng yaxshi yo‘l bo‘lib ko‘rindi.
Tushundimki, oilalar faqat xiyonatdan yoki zo‘ravonlikdan emas, ikki insonning bir-biriga ruhan, ma’nan to‘g‘ri kelmaganidan ham buzilarkan.
Uch yillik turmushimizdan so‘ng 1 yosh-u 7 oylik chaqalog‘imni olib uydan ketdim.
Erimnikidan ketgan paytim, Milliy universitetda o‘qirdim. Endigina birinchi kursni tugatgandim. Akademik ta’til oldim. O‘shanda ota-onamga aytib, kontraktimni to‘latsam bo‘lardi, lekin bola bilan o‘qishni qanday eplayman deb qo‘rqqanman. Odam qorong‘ilikda “Endi nima bo‘ladi?” deb o‘ylarkan.
Otamnikiga bordim. Dadam qattiq ranjidi. Ularni bu ahvolda ko‘rish og‘ir edi. To‘ng‘ichim deb, eldan ortiq qilib, orzu-havaslar bilan uzatishgandi-da.
Dadam, umuman, kulmay qo‘ydi. Onam ham g‘amga botdi. Ularning bunchalik xafa bo‘lishlarini tasavvur qilmagandim. Qolaversa, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnining ortiqcha gap-so‘zi... Chidolmay, Toshkentdagi xolamnikiga ketdim.
21 yoshimda butunlay yolg‘iz qoldim
Ota-onam o‘ziga to‘q insonlar edi, erim ham. O‘sha paytlari dadam uy, mashina olib beradi, meni pul bilan ta’minlaydi, deb o‘ylardim. Kutganman, kutganman, lekin so‘rolmaganman. Chunki dadam Farg‘onaga borganimda “Eringnikiga qaytib ket, yarash” degandi. Men esa u uyga qaytib borolmasdim.
Alimentga ham ariza bermadim. Erim o‘zi bilib berishi kerak deb o‘ylardim, biroq... O‘sha paytlari hammadan ich-ichimdan qattiq xafa bo‘lganman. Chunki hayotimda nima bo‘layotganini tushunmaydigan darajada yosh edim. 21 yoshimda bolam bilan yolg‘iz qolib ketganman.
Xolam juda ilmli ayol edi. Lekin menga hech qanday moddiy yordam berolmasdi.
Kuta-kuta tillalarimni sotdim. Bor pulim o‘g‘limning bo‘tqasi va tagligiga ketardi. Ko‘p o‘tmay yana boshqa taqinchog‘imni pullardim. Oxiri hech vaqo qolmagach, o‘rnimdan turib harakat qilishni boshladim.
Hali ikki yoshga to‘lmagan bolamni xususiy bog‘chaga berdim. O‘zim ish izlashga tushdim. Hatto idish-tovoq yuvishga ham rozi edim. Muhimi, bolamning ovqati bilan yeb-ichishiga pul topsam bo‘ldi edi. Restoranga ishga kirdim. Birdan boshqaruvchilikka olishdi. Bu sohada tajribam yo‘q edi, hammasini o‘rgatishdi. Har kuni barvaqt ketib, kech qaytganim uchun olti oydan ko‘p ishlolmadim. Bolamning tarbiyasiga vaqt ajrata olmadim. Biroz pul jamg‘ardim-u, bo‘shadim.
O‘qish uchun sarpomdagi idishlarimni sotdim
Boshida stilistlikni o‘rganmoqchi bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im bilan yashagan paytlarim kichkinagina salonni yuritardim. O‘shanda stilistlarim bir kunda 70-80 ming pul topishardi. Men uchun bu katta pul edi. Shunday ishlasam, kunlik xarajatlarim qoplanar, deya o‘qimoqchi bo‘ldim.
Doim boradigan soch turmaklovchim Muhabbat opadan “Qanchaga o‘rgatasiz?” deb so‘radim. Opa o‘rgatish narxini aytib, qo‘shimcha ma’lumot uchun Sartaroshlar assotsiatsiyasi rahbari Farhod akaning raqamini berdi. Farhod aka esa “O‘zbekistondagi mashhur stilistga beradigan pulingizga Sankt-Peterburgga borib, akademiyada o‘qib kela olasiz” dedi.
Chetda o‘qishga rozi bo‘ldim, ammo pul qani? Tillalarimni sotib tugatgandim. Oxiri, ota-onam sovg‘a qilgan idish-tovoq, qimmatbaho servizlarni pullashga qaror qildim. Sobiq erimning uyidan hammasini olib keldim. Chinni bozorga borib, sotuvchilarga taklif qildim. Idishlarim Chexiyaniki edi. Juda qimmatga olingandi. Qaysi sotuvchiga ko‘rsatmay: “Xuddi shunga o‘xshaganini Xitoy ishlab chiqaryapti. Odamlar arzonini so‘raydi” deb olishmasdi. Lekin bir kelin idishlar rasmini ko‘rib: “Men olaman”, dedi. Bor idishimni qariyb ikki ming dollarga sotdim.
Albatta, bu olingan narxidan ancha arzon edi, lekin majbur edim.
Hozirgidek esimda, 563 dollarga Sankt-Peterburgga borib-kelish chiptasini olib, hech kimga aytmay, 2016-yil 18-sentabrda uchib ketganman.
Oxirgi pulimga ham upa-elik, bo‘yoq olardim
Rossiyaning eng arzon mehmonxonasida turib, bir oy stilistlikka o‘qidim. Ochig‘i, barini bir boshidan o‘rganish qiyin ekan.
Ikkinchi marta o‘qishimga vizaj qo‘shib ketildi va Toshkentga stilist emas, vizajist bo‘lib qaytdim. Ammo chetda o‘qigan bilan mijoz topilmasa, g‘alati ekan. Zo‘rligingizni birovlar qayerdan biladi? Ishimni ko‘rsatay deb modellarni bo‘yantirib, Telegram guruhlarda tarqata boshladim. Tinmasdim. Oxirgi pulimga ovqat yemasligim mumkin, lekin sinab ko‘rish uchun kosmetika olardim.
Bir kuni Farhod aka telefon qilib: “Uslubingiz boshqacha. Keling, o‘zimiznikilargayam o‘rgating” deb mahorat darsi o‘tishga chaqirdi. Bu gaplar endigina qalam ushlagan odamga katta dalda berardi. Rozi bo‘ldim. Yangiyo‘lga master klassga bordik, uchrashuv yaxshi o‘tdi. Toshkentdagi bir qancha go‘zallik salonlarida uchrashuvlar o‘tkazdik. Keyinroq o‘zim mustaqil bo‘lib, shogirdlar tayyorlashga o‘tdim.
Orada yana Sankt-Peterburgga o‘qishga ketdim. Bir oy mashhur vizajistlardan bo‘yantirishning yangi usullarini o‘rgandim.
Bu safar Toshkentga ishonch bilan qaytdim. Qattiq ishga kirishdim. Kun-u tun ishladim, pul topdim. Qarzlarimni uzdim. Keyinroq mablag‘ yig‘ib, o‘sha yilning o‘zida yana Sochi va Moskvada o‘qidim. Xullas, topgan pulimga o‘qib, yangi texnikalarni o‘rganib boraverdim.
Toshkentga kelib, “Sam sebe vizajist” kursini ochdim. Kelganlarga bor mehrimni berib dars o‘taverdim. Sal o‘tib, o‘quvchilarim soni kutganimdan ham oshib ketdi.
Keyinchalik Instagram’da sahifamni ochdim. Kuzatuvchilarim soni mingdan oshdi. Yaxshigina daromad topa boshladim. Vaqt o‘tib, pul ishonchimni mustahkamlayverdi. Avval mashina, keyin uy sotib oldim. O‘z studiyamga asos soldim.
Inson avval o‘zini topsin ekan...
Har bir ayol ajrashishdan so‘ng, o‘zini qurbon qilib ko‘rsatishni xohlaydi. Agar o‘sha paytda kimdir mendan ering bilan nimaga ajrashding deb so‘raganida: “Erim meni aldadi, va’dalarini bajarmadi” deb yomonlagan bo‘lardim. Menimcha, bu hissiyot har bir ajrashgan ayolda bo‘ladi.
Qiyinchiliklar hech qachon tugamaydi, deb o‘ylardim. Boshida qancha harakat qilmay, hayotimda hech narsa o‘zgarmagan. Sochimning uchidan tovonimgacha tushkunlikda edim. Yurgan yo‘limda ham ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmasdim. Yaxshi kunlar kelishiga, ayol kishi o‘zi bir narsaga erishishiga ishonolmasdim. Hatto o‘shanda menga suyanchiq bo‘ladigan qahramon hayotimga kirib kelishini, unga turmushga chiqib, barcha mas’uliyatdan qutilishni istaganman. Shuning uchun balki yetarlicha harakat qilmagandirman, bilmayman. Keyinroq inson kimnidir izlashi emas, avval o‘zini topib olishi kerakligini tushunganman.
Bolamni o‘qitishim, yedirib-ichirib, yaxshi inson qilib tarbiyalashim kerak, degan fikr menga katta kuch bergan. Hech kimga umid bog‘lamay, harakat qilganimdan so‘ng hammasi o‘zgargan. Mas’uliyatni bo‘ynimga olgach, tugamaydi deb o‘ylagan yo‘llarim o‘zidan o‘zi tugab qolgan.
Turmush o‘rtog‘imdan kechirim so‘raganman
O‘tgan hayotimdan afsuslanmayman. Biroq ko‘p tahlil qilaman. Chunki sinovlar insonga saboq uchun beriladi. Agar to‘g‘ri xulosa chiqarmasangiz, u boshqa shaklda qaytib kelaveradi.
To‘rt yil oldin o‘zimni haq deb o‘ylagan vaziyatlarim bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tib, xatolarimni tushunib, ulardan kechirim so‘raganman. U ham mendan kechirim so‘ragan. Shu bilan ko‘nglimdagi bor alamlar chiqib ketgan. Yengil tortganman.
Hozir turmush o‘rtog‘imdan minnatdorman. Chunki u bo‘lmaganida Toshkentga kelmasdim, bugungi Muazzam bo‘lolmasdim. O‘zimga qanday baxt so‘rasam, unga ham shuni tilayman.
Ayol kishi hayotda qanday bo‘lishi kerak?
Avvalambor, ayol bo‘lish kerak. Ming kuchli iroda egasi bo‘ling, baribir, ayolsiz. O‘zi kuchli bo‘lmasin, hamrohi kuchli bo‘lsin. Har bir kuniga shukr qilish kerak. Shukrona sabab ne’matlar ham o‘z-o‘zidan kelaveradi, yashash osonlashadi. Eng muhimi, ayol o‘zini-o‘zi tanib olsin. Agar o‘z ustida ishlay boshlasa, atrofdagilarga qiziqmaydiyam. Birovni ayblamaydi, ranjimaydi. O‘tib ketgan voqealar, xatolar uchun siqilmaslik kerak. Boisi, u vaqtdagi bilimingiz, dunyoqarashingiz shu darajada bo‘lgan. Bularni yengishga yetmagan.
Oilasi ajrim yoqasida turgan opa-singillarim yaxshilab o‘ylang. Bu bilan nimaga erishmoqchisiz?
Ajrashishga hamisha ulgurish mumkin. To‘g‘ri, ichingizda isyonlar qo‘zg‘aladi. Lekin g‘ururni chetga surib, eringiz bilan gaplashing. Til-zaboni bo‘lmasa, yozma gaplashing. Yoki bir muddat alohida yashab ko‘ring. Rishtalarni uzish oson, biroq tiklash juda qiyin. Yana qayta oila qurgani qo‘rqib qolasiz.
Turmushidan ajrashgan yolg‘iz opa-singillarimizga esa maslahatim — ajrashish fojia emas. Alloh sabriga yarasha baxtni ham beradi. Vaqti-soati bilan tugunlar yechiladi. Kunlar o‘tadi.
Taqdiringiz uchun hech kimni ayblamang. Oppoq qog‘ozga yangidan maqsadlar yozing. O‘qing, o‘rganing, harakat qiling. Agar ishtiyoq topolmayotgan bo‘lsangiz, shu yo‘llarni bosib o‘tgan ayollarning hayotini o‘qing, iloji bo‘lsa maxsus darslarga qatnashing.
Biroq yomon o‘y-xayollarga taslim bo‘lmang. Iymoningizga xilof ish qilmang. Shunday kunlar bo‘lgan, pulim yo‘qligidan “Do‘stlik“ metrosidan Ko‘kchagacha ishga piyoda borib kelardim.
Bugun maqsad-u niyatlarim katta. Studiyalarimning har bir viloyatda filiallarini kengaytirmoqchiman. Ayollarimiz bo‘yanishni emas, o‘zlarini sevishni o‘rgansinlar.
Kurslarimni psixologik usulda olib boraman, balki qatnashuvchilar shunga ko‘pdir. Mening holatimga tushgan qizlarga ruhan dalda berib, dardlashgim keladi.
Shaxsiy hayotimga kelsak, sevimli turmush o‘rtog‘im, katta oilam bo‘lishini, nafaqat u, balki uning yaqinlari tomonidan ham sevilishni niyat qilaman. Eng muhimi, o‘zim bilan o‘zim muvozanatda yashashni, farzandlarimga sevimli ona, ularga bolaliklarini bera oladigan inson bo‘lishni xohlayman.
Mavzuga doir:
Loyihada ishtirok etishni istaganlar Telegram’dagi @daryomuxbiri’ga murojaat qilishlari mumkin.
Izoh (0)