6-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida Foreign Languages telekanali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zMTRK xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mediakontent Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosiga muvofiq “Oilaviy” telekanali negizida faoliyatini olib boradi.
Foreign Languages telekanali aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida chet tillarini o‘rganishni ommalashtirish, talabalarga chet tillarini o‘zlashtirishga yordam beradigan ilmiy-ommabop, hujjatli, badiiy filmlar namoyishi, malakali mutaxassislarni jonli til dasturlariga jalb qilish, shuningdek, ular ishtirokida asosiy ko‘rsatuvlar, videolar, o‘yinlar, ko‘ngilochar filmlar yaratish va efirga uzatish bilan shug‘ullanadi.
Ayni vaqtda Foreign Languages telekanali o‘z taqdimot ko‘rsatuvlarini namoyish etmoqda.
Telekanal o‘z dasturlarini bir kecha-kunduzda 24 soat davomida xorijiy tillarda efirga uzatadi, bunda har kuni kamida 3 soat efir vaqti xorijiy tillarni onlayn o‘rgatishga ajratiladi.
Ta’kidlanishicha, bolalar uchun mo‘ljallangan xorijiy tildagi televizion asarlar dublyajsiz, asl tilida, zarur hollarda o‘zbek, ingliz va rus tillarida titrli tarjima qilingan holda efirga uzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida O‘zMTRK tizimida “Hidoyat sari” ilmiy-ma’rifiy onlayn telekanali ish boshlagan edi.
Izoh (0)