Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan 5-dekabr kuni davlat tashrifi bilan Nur-Sultonga jo‘nab ketgandi. Prezident matbuot xizmati davlat rahbari Nur-Sultonga yetib borganini ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, Nursulton Nazarboyev nomidagi xalqaro aeroportda prezident sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev kutib oldi.
Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilarining qisqa suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 6-dekabrga mo‘ljallangan. Oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish iqtiqbollari muhokama qilinishi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv natijalari bo‘yicha 20 dan ortiq hujjat imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakat nashriga ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari hamda Markaziy Osiyodagi hamkorlikka bag‘ishlangan katta intervyu berdi.
Izoh (0)