Tinch okeanining Meksika sohillari yaqinida harbiylar katta partiyada kokain olib ketayotgan ikkita qayiqni tutib oldi. Bu haqda Meksika harbiy-dengiz kuchlari vazirligiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Qayiqlarni tekshirish chog‘ida jami 1,6 tonna kokain topilgan. Giyohvand moddalarni tashishda ishtirok etayotgan 7 nafar Meksika fuqarosi qo‘lga olinib, prokurorlarga topshirilgan. Tez orada ularga nisbatan ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kokain tashuvini meksikalik narkokartellardan biri tashkillashtirgan.
Avvalroq Kolumbiyada qiymati 300 million dollardan ortiq bo‘lgan 10 tonna kokain musodara qilingandi. Bu yil boshidan buyon qo‘lga olingan eng yirik partiya, uning qiymati 300 million dollardan ko‘proqqa baholangan. Bundan tashqari, giyohvandlikka qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikkita narkolaboratoriyaning faoliyati tugatilgan.
Oktabr oxirida Dark HunTor maxsus operatsiyasi davomida AQSh va Yevropada noqonuniy qurol va giyohvand moddalar sotuvchi 150 ga yaqin kishi hibsga olingandi. Shunigdek, naqd pul va kriptovalyuta shaklidagi 30 million dollardan ortiq mablag‘ va 230 kilogramm narkotik musodara qilingan.
Izoh (0)