3-dekabr — Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kuni. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15 foizini tashkil etadi. Surunkali kasalliklarning kuchayishi va qarilik sabab ularning soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham bunday shaxslar soni kam emas. Ish bilan ta’minlash, jamiyatdagi notenglik muammosi esa har doimgidek dolzarb bo‘lib qolmoqda. “Daryo” muxbiri sana munosabati bilan yurtimizda nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta’minlash tartibi va bu boradagi to‘siq, kamchiliklarni o‘rgandi.
“Bizga baliq bermang, baliq tutishga imkon bering...”
Davlat mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, bugun O‘zbekistonda 750 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar bor, ularning 220 ming nafari yoki 29,4 foizi mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarishga layoqatli hisoblanadi.
“Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy apparat kompleksi bazasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda 27 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar doimiy ish o‘rniga ega. Ushbu ko‘rsatkich mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning 12,3 foizini tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish masalasida qator ishlar qilinayotganiga qaramay, mutaxassislar bu borada kamchiliklar talay ekanini ta’kidlamoqda.
Xususan, “Ishplus.uz” portali menejeri Ulug‘bek Mamatxonovning aytishicha, yillar davomida o‘zbek xalqining ongida shakllanib kelgan stereotiplar tufayli nogironligi bor shaxslarning ko‘pchiligi ish bilan ta’minlanmayapti.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamoatchilik ko‘proq iste’molchi, xayriya obyekti sifatida qabul qiladi. Bizlarni nimagadir qodir, qo‘lidan biror ish keladi, deb o‘ylaydiganlar, afsuski, juda kam.
O‘zbekistonda ularga tibbiy model sifatida ham qaraladi. Yilda bir marta davolanishga order beriladi, oziq-ovqat mahsulotlari topshiriladi, 3-dekabr kuni u yer, bu yerga bayram dasturxoniga chaqirishadi. Bo‘ldi. Shu bilan ko‘plab tashkilot rahbarlari nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlayapmiz, deydi. Ularga aytardimki, bizga baliq bermang, aksincha, baliq tutishimizga imkon bering”.
“Umr bo‘yi jamiyatga begonadek yashayveradi”
Ulug‘bek Mamatxonov yana nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashdagi qator to‘siqlar haqida gapirdi:
“Shtat jadvalida 20 nafardan ortiq xodimi bor tashkilot va muassasalar uch foizgacha ish o‘rnini nogironligi bor shaxslarga berishi kerak. Masalan, bir korxonada 100 nafar ishchi bo‘lsa, shundan uch nafari ishga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lishi lozim. Ushbu tartib ‘Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida’gi Qonunning 43-moddasida belgilab qo‘yilgan. Afsuski, mazkur tartib amaliyotda ishlamaydi. Ish beruvchilarning deyarli hammasi bunday modda borligini bilmaydi.
Ish beruvchilarning aksari bir narsani qabul qila olmaydi, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxsni haftada 36 soatdan ortiq ishlatishi mumkin emas. Bu Mehnat kodeksining 220-moddasida qayd etilgan. Shu bois qonunchilikdan xabardor ish beruvchilar imkoniyati cheklanganlarni ishga qabul qilishni xohlamaydi.
Shuningdek, nogironligi bor shaxslarning ko‘pchiligi nogironligi bo‘lmagan odamlar bilan jamoaviy tarzda ishlash, til topib ketish ko‘nikmalariga ega emas. Bunga sabab O‘zbekistonda inklyuziv ta’limning yo‘qligi, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar maxsus maktablarda faqat nogironligi bor tengdoshlari bilan birga o‘qiydi. Ta’lim muassasasini bitirgach juda ko‘pchi to‘rt muchasi sog‘ odamlar davrasiga qo‘shilolmaydi, Umr bo‘yi jamiyatga begonadek yashayveradi”.
“Uch foizlik kvota eng avval davlat tashkilotlarida qo‘llanilishi kerak”
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov ham “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasi amaliyotda deyarli ishlamasligini tanqid qildi.
“Qonunchilikka ko‘ra, agar korxonada 20 dan ortiq xodim ishlasa, o‘sha korxona uch foizlik kvota asosida nogironligi bor shaxslarni ishga olishi shart. Agar bunga amal qilmasa, jarima to‘lashi kerak. Mana shu tartib qabul qilinganidan beri ishlamaydi. Bu tartib ijrosiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ul, ammo nazorat yetarlicha emas. Davlatga pul kerak emasmi? Nima uchun shu qonun bo‘yicha tashkilot va muassasalarni jarimaga tortmayapti?
Jarimadan tushgan pullar nogironligi bor shaxslar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga sarflanishi kerak. Biroq jarima olinayotgani bo‘yicha biror aniq ma’lumot yo‘q.
Biz mazkur tartib ishlashi uchun bir taklif bilan chiqyapmiz. ‘Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida’gi Qonunning 43-moddasi bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olmayotgan tashkilotlar uchun daromad solig‘i stavkasini 1 foizga ko‘tarish kerak. Bu taklif hukumatga tayyorlayotgan loyihamizga kiritilmoqda.
Uch foizlik kvota, avvalo, davlat tashkilotlarida qo‘llanilishi kerak. Shu orqali ular biznes struktura va xususiy sektorga namuna bo‘lardi. Masalan, Janubiy Koreyada davlat xizmatchilarining yetti foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat. Bu ko‘rsatkich Amerikada 30 foiz, Germaniyada 25 foizni tashkil qiladi”, — deydi assotsiatsiya raisi.
“Minglab bitiruvchiga ish o‘rni tayyor emas”
Assotsiatsiyasi raisining qayd etishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash borasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi emas.
“Bizdan keyingi o‘rinda Tojikiston turadi, Turkmanistondagi holat yuzasidan ochiq ma’lumotlar yo‘q. Istardikki, O‘zbekiston bu borada ham qo‘shni davlatlarga ibrat bo‘lib, yetakchilik qilsa.
Yana bir muammo shuki, oliy o‘quv yurtlariga qo‘shimcha ikki foizlik kvota asosida o‘qishga kirgan nogironligi bor ilk bitiruvchilar keyingi 2022-yilda mehnat bozoriga kirib keladi. Davlat ularni grant asosida o‘qitdi. Biroq to‘rt mingga yaqin bitiruvchi uchun ish o‘rni tayyor emas, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha biror mexanizm yo‘q, afsuski.
Ayrim banklarning chekka hududlardagi filiallari yakka tartibda tadbirkorlik qilish niyatidagi nogironligi bor shaxslarga kredit bermaydi, ko‘p sarson qiladi. Ular kreditni qaytarilishiga ishonmaydi. Jamiyatimizda bunday qoliplar juda ko‘p. Markaziy bank bu borada qandaydir mexanizm ishlab chiqishi, ko‘maklashishini xohlardik”.
“Kamsitish holatlari salbiy ta’sir ko‘rsatyapti”
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning ta’kidlashicha, nogironligi bor shaxslar o‘rtasida bandlik ko‘rsatkichi juda past. Ular bilan davlat tashkilotlari emas, balki nodavlat va xalqaro tashkilotlar ko‘proq shug‘ullanmoqda.
“Bir tomondan qaralsa, ularning ishlashi uchun davlat sezilarli harakat qilmaganday ko‘rinadi. Darhaqiqat, biz bu borada juda ko‘p kvotalar ajratyapmiz, o‘quv kurslari va seminarlar tashkil etyapmiz, lekin ko‘pchiligi, asosan, rasmiyatchilik bilan bog‘liq.
Jamiyatda haligacha salbiy stereotiplar: nogironligi bor shaxslarga nisbatan noto‘g‘ri qarashlar, ishonchsizlik bor. Ish beruvchi bunday shaxslarning mehnat ko‘nikmasi oshishi, qobiliyatining rivojlanishiga deyarli ahamiyat bermaydi. Bu — bizning kamchiligimiz.
Nogironligi bo‘lgan shaxsning mehnat jamoasida tez-tez kamsitilishi ish jarayoni va adaptatsiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Aksariyat ish beruvchilar ularni ishga olish, shart-sharoit yaratish va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha korporativ madaniyatga ega emas. Bu, albatta, amaldagi qonunlarimizni inkor etish bilan barobar. Buni ma’muriy jinoyat deb baholash ham mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan. Shuningdek, mehnatga layoqatli nogironligi bor shaxslarning elektron reyestri ham shakllantirilmagan”, — deydi Umrzoqov.
“Shahar infratuzilmasi ham asosiy to‘siqlardan...”
Ulug‘bek Mamatxonovning qayd etishicha, “Ishplus.uz” portali BMTning O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani yaxshilash bo‘yicha qo‘shma dasturining grant ko‘magi bilan 2020-yil dekabrda faoliyatini boshlagan.
Ushbu portal nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarini topish hamda ularni inklyuziv ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi. Portalda besh nafar xodim faoliyat yuritadi (to‘rt kishi nogironligi bo‘lgan shaxs). Ammo bu juda oz. Chunki murojaatlar ko‘p, jismonan ulgurmaymiz.
Portalimizning “@ishplus_uz” Telegram kanalida 1,2 ming nafar a’zo bor. “OLX.uz”, “Rabota.uz” kabi platformalarni muntazam kuzatamiz. Ularda bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilgan tashkilot va muassasalar bilan bog‘lanamiz. Ish beruvchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olishga rozilik bildirsagina, bo‘sh ish o‘rni to‘g‘risidagi e’lonni tahrirlab, to‘ldiramiz va Telegram kanalimizda ommaga havola qilamiz. Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlariga mosini tanlab, bizga aloqaga chiqadi va ularning ism-sharifi, bog‘lanish raqamlarini yozib olamiz. Biroz vaqt o‘tib, nogironlik holati, iqtidoridan kelib chiqib, ma’lum ishga yo‘naltiramiz.
2021-yilning o‘tgan davrida portalimiz orqali 417 ta bo‘sh ish o‘rni e’lon qilindi. 30 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, ayni paytda daromad topyapti. Kamida 40–50 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs bir hafta yoki o‘n kun ishlab, bo‘shab ketgan. Buning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, ular orasida yuqorida aytganimdek, jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lmaganlar juda ko‘p. Shuningdek, Toshkent shahar infratuzilmasi ham to‘siq bo‘lmoqda. Masalan, Yunusobodda yashaydigan ishchi Sergeliga har kuni qatnashi qiyin. Chunki metro va boshqa jamoat transportidan mustaqil foydalana olmaydi. Taksiga esa puli yetmaydi. Shu bois qisqa vaqt ishlab, ketib qolayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular uydan turib bajaradigan ish so‘raydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilayotgan ish beruvchilar hech ikkilanmay ularni ishga olishini istardik. Biz ish beruvchilarning tashkilotiga borib, u yerdagi xodimlarga ham, rahbariyatga ham treninglar o‘tib kelamiz.
Nogironlikdan hech kim himoyalanmagan. Inson qanday lavozimda ishlashi va sog‘lom bo‘lishidan qat’i nazar, bir necha soniyada nogironga aylanishi mumkin. ‘Men ham shu nogironligi bor shaxslar orasida bo‘lib qolishim mumkin-ku’, degan yondashuv bilan hamkorlik qilsa, yordamlashsa xursand bo‘lardik”, — deydi Ulug‘bek Mamatxonov.
“2022-yilgacha yangi qaror qabul qilinadi”
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov bu boradagi mavjud muammolar hisobga olingan holda, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
“2021-yil yakunigacha qabul qilinishi kutilayotgan mazkur qaror o‘z mehnati orqali daromad topish istagidagi nogironligi bor shaxslar uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Qaror loyihasida quyidagi yangiliklar o‘z aksini topishi kutilmoqda:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchiga har bir xodimi uchun 6 oy davomida bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi;
- kasb-hunar kollejlari va texnikumlarda kamida ikkitadan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kasb-hunarga o‘qitishga mo‘ljallangan qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi;
- 2022-yildan boshlab ‘Ishga marhamat’ monomarkazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, shuningdek, xorijiy til va tadbirkorlik bo‘yicha ham maxsus kurslar yo‘lga qo‘yiladi;
- nogironligi bor shaxslar ishlayotgan korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi;
- tajriba tariqasida Nukus va Toshkent shaharlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ilmiy, madaniy, san’at, sport va kasb-hunarga oid tashabbuslari hamda qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlovchi ‘Imkoniyatlar markazi’ni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati har tomonlama chuqur tahlil qilinadi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning faoliyatiga moslashtirilgan ijtimoiy korxonalar tashkil etiladi;
- har yili 50 nafargacha nogironligi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish va xarajatlarini davlat budjetidan qoplash masalasi ham hukumat oldiga qo‘yilmoqda”, — deydi Bahodir Umrzoqov.
Qonun buzilish holatlari haqida
Davlat mehnat inspeksiyasining “Daryo”ga bildirishicha, 2021-yilning 11 oyida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida korxona-muassasa va tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga mehnat sharoitlari yaratilmaganligi holati bo‘yicha 81 ta qonunbuzilish holati aniqlangan.
“Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida, kvota bo‘yicha ish o‘rni tashkil qilish yoki qonunchilik bilan belgilangan tartibda ma’lumotlar taqdim etish borasida 319 ta qonun buzilish holati aniqlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 50-moddasi 1-qismi bo‘yicha 450 million 685 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.
‘Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida’gi Qonunning 23-moddasi talabi ijrosi ta’minlanganligini o‘rganish maqsadida, 11 oy mobaynida nogironligi bo‘lgan shaxslarning biror obyektga kirishi uchun sharoitlar yaratilgani yuzasidan 2345 ta binoda monitoring va 698 ta tashkilotda tekshirishlar o‘tkazildi. Natijada, 47 holatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektga kirishi uchun sharoit yaratish zarurligi, ammo belgilangan kungacha sharoitlar yaratilmagani ma’lum bo‘ldi.
Tekshirish chog‘i byektlarning 47 tasi yoki 23,1 foiziga yozma ko‘rsatmalar berildi va pandus qurish uchun muddatlar belgilandi. Maxsus sharoitlar hozirlanmagani uchun davlat mehnat inspektorlari tomonidan 2021-yilda sud organlariga 14 ta holat bo‘yicha da’vo a’rizalari kiritildi”, — deyiladi Davlat mehnat inspeksiyasi axborotida.
“Ular biznes uchun ‘ortiqcha yuk’ emas...”
Buyuk Britaniyadagi Sasseks universitetining Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti Dilmurod Yusupovga ko‘ra, O‘zbekistonning nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta’minlash maqtashga arzigulik emas.
“Hukumat birinchi navbatda nogirongligi bo‘lgan shaxslarni bandlik bilan ta’minlanish darajasini aniqlash uchun keng ko‘lamli va doimiy tadqiqotlari olib borishi kerak.
Mehnatga doir yillik yoki chorak tadqiqotlar va so‘rovnomalarda nogironlik komponenti ham kiritilib, aniq ko‘rsatkichlarni olishimiz kerak. Asosli statistik ma’lumotlar keyinchalik bu sohada samarali ijtimoiy va iqtisodiy siyosat olib borishga zamin bo‘ladi. Afuski, bunday ma’lumotlar hozircha yetishmaydi va muammo ko‘lamini aniq bilmaymiz.
Mahalliy biznes vakillarida nogironligi bor shaxslar uchun ish joylarini ochishni majburlay olmaymiz. Ularga motivatsiya berish kerak, bu borada avvalo, targ‘ibot ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz shart. Nogironligi bo‘lgan shaxslar biznes uchun ‘ortiqcha yuk’ emas, balki iqtidor sohiblari va potensial ishchi kuchi, mehnat bozorining muhim qismini ham tashkil etadi”, — deydi tadqiqotchi.
Dunyo tajribasi qanday?
Qirg‘izistonda nogironligi bor shaxslar uchun maxsus kvota tizimi mavjud bo‘lib, bu ularning ish topish imkoniyatini tartibga soladi. Misol uchun, agar kompaniyada ishchilar soni kamida 20 kishi bo‘lsa, u holda nogironlar uchun besh foiz, ya’ni kamida bitta ish bilan ta’minlanishi kerak.
Davlat bandlik xizmati organlari har bir kalendar yili boshlanishidan uch oy oldin ish beruvchini ushbu normalar to‘g‘risida xabardor qilishi shart. Xususiy biznes uchun bunday qoidalar faqat maslahat xarakteriga ega. Hatto davlat tashkilotlarida ham kamdan kam hollarda kvota kuzatiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxs ko‘pincha ish beruvchi tomonidan kamsitishlarga duch keladi. Mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga ko‘p jihatdan nodavlat notijorat tashkilotlari, jamg‘armalar va jamoat birlashmalari ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun muvaffaqiyatli ishga joylashish holatlaridan biri Bishkek shahridagi Solomon Sandwiches inklyuziv kafesidir. Muassasa 2020-yilda Daun sindromli bolalarning ota-onalarini birlashtirgan Sunterra jamg‘armasi rahbariyati tomonidan ochilgan. Kafeda miya falajiga chalingan nogironligi bor shaxslar aravachasida ofitsiantlar va Daun sindromi, eshitish qobiliyati zaif boshqa xodimlar ishlaydi. Ishni boshlashdan oldin barcha xodimlar o‘qitiladi.
Qirg‘izistonda nogironligi bor shaxslar bandligini ta’minlash maqsadida turli loyihalar mavjudligiga qaramay, bunday insonlar soni yil sayin ortib bormoqda. Ayni paytda mamlakatda 190 mingdan ortiq nogironligi bor shaxs ro‘yxatga olingan, ularning 80 foizi ishsizdir. Ikki ko‘rsatkich yil sayin yuqorilamoqda.
Ammo Buyuk Britaniyada bu boradagi ishlar biroz quvonarli. 2021-yil holatiga ko‘ra, mamlakatda 4,4 million nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ish bilan ta’minlangan. Bu mehnat yoshidagi (16–65 yosh) nogironligi bo‘lgan shaxslarning 52,7 foizi band degani. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa 50,6 foiz nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qiladi.
Mamlakatda ish beruvchilarning nogironlik holati tufayli ish izlovchilarni ishga qabul qilmaslik va kamsitishi 2010-yilda qabul qilingan Tenglik akti bilan taqiqlangan. Ishga ariza topshirish va qabul qilish davomidagi suhbat, mehnat sharoitlari, jumladan, ish haqi, ishdan bo‘shatish jarayonida nogironligi bo‘lgan ishchilarni kamsitish qonun bo‘yicha mumkin emas.
Shuningdek, Buyuk Britaniyada davlat nafaqat nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarni qo‘llab-quvvatlaydi, balki inklyuziv mehnat amaliyotlarini tatbiq etayotgan ish beruvchilarni ham rag‘batlantiradi. Masalan, “Nogironlar uchun ishonchli ish beruvchi” dasturi 2016-yildan beri ishlaydi. Bu dasturda hozirgi paytda 18 mingdan ortiq ish beruvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uchta toifaga bo‘lingan: majburiyat olgan, ishonchli va yetakchi. Dasturning maqsadi — nogironligi bor shaxslarni ishga jalb etganlarni rag‘batlantirishdan iborat. Dastur orqali 2027-yilgacha yana 1 million nogironligi bo‘lgan shaxsni xususiy sektorda ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Fransiyada 20 va undan ortiq ishchisi bo‘lgan korxonalarda ish o‘rinlarining 6 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi. Ish beruvchining xodimlari orasida nogironligi bo‘lgan ishchilar bo‘lishi foydalidir. Chunki bunday korxonalarga imtiyozli soliq rejimi qo‘llaniladi yoki davlat subsidiyalar to‘laydi.
Boshqa bir qator Yevropa mamlakatlarida davlat tomonidan ish topishda yordam berishdan tashqari, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi ham mavjud bo‘lib, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatiladi. Misol uchun, Germaniya qonunchiligi bir necha soat davomida shaxsiy yordamchining xizmatlaridan bepul foydalanish imkonini beradi. Bu kundalik hayotda yordam berishi mumkin bo‘lgan yoki, masalan, bankka hisob-kitoblarni to‘lash uchun to‘lashga boradigan odam.
Dunyo tajribasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatdan uzoqlashtirmaslik, barcha sog‘lom insonlar qatori ularga ham ishlash, ijtimoiylashish imkonini berish asosiy masalalardan biridir. Bizda ham ushbu muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, ularning huquq va imtiyozlarini qonunda belgilangan tartibda amalga tatbiq etish fursati allaqachon yetgan. Inson qadri hammasidan baland ekan, O‘zbekistonda yashayotgan bunday insonlarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat sharoiti yaratish, o‘zimizga begona tutmaslik to‘g‘ri qarorlardan bo‘ladi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)