Qozog‘iston koronavirusning yangi “omikron” shtammi sabab 3-dekabrdan boshlab Afrikaning bir nechta mamlakati va Gonkongdan keladigan fuqarolarning mamlakatga kirishini cheklaydi. Shuningdek, COVID-19 ning yangi varianti aniqlangan boshqa mamlakat fuqarolarining kirish tartiblarini kuchaytiriladi. Bu haqda Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Shoranovga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Shoranovning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR), Botsvana, Lesoto, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Esvatini, Malavi, Tanzaniya va Gonkong fuqarolarining Qozog‘iston hududiga kirishi cheklanadi. Bundan tashqari, Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Misr, Isroil, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Chexiyadan keluvchilar PZR testning ijobiy natijasini taqdim etishi shart. Ushbu mamlakat fuqarolari, shuningdek, yetti kunlik karantinga yuboriladi.

Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin “vaksinatsiya va qayta emlash ko‘lamini tegishlicha ta’minlashga” chaqirgan. “Mamlakat ichidagi epidemiologik vaziyat nazorati ham doimiy bo‘lishi, binolar va transportda niqobda yurish, ijtimoiy masofalanishga rioya qilish amaliyotini davom ettirish kerak”, — deydi bosh vazir.

Koronavirusning ko‘p sonli mutatsiyaga ega yangi “omikron” (B.1.1.529) shtammi birinchi marta noyabr oyida Janubiy Afrikada topilgandi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, B.1.1.529 virusi organizmdagi protein tarkibiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Amaldagi vaksinalar bu kabi o‘zgarishlarga yetarlicha samarador bo‘lmasligi aytilmoqda. Janubiy Afrikadan tashqari, “omikron” allaqachon GonkongAvstraliya va bir qator G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ham qayd etilgan. Isroil ushbu shtammning tarqalishini oldini olish maqsadida dunyoda birinch bo‘lib chet el fuqarolari uchun o‘z chegaralarini yopib qo‘ydi.