Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida yerusti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Norma.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Loyiha O‘zbekiston prezidentining 2017-yilgi “Toshkent shahrida yerusti halqa metro liniyalarining qurilishi loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, transport infratuzilmasidan yanada samarali foydalanishni tashkil etish, Toshkent metropolitenining avtobus shohbekatlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 354,36 million dollarni tashkil etadi. Xususan:

  • Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar — 208,398 million dollar;
  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti — 108,390 million dollar;
  • Xitoyning “Eksimbank”i krediti — 500 ming dollar.

Kapital qo‘yilmalar qiymati 317,288 million dollarni tashkil etib, ular mashina va uskunalar xarid qilishga, qurilish-montaj ishlari, investitsiya davridagi moliyaviy xarajatlarga yo‘naltiriladi.

Xitoyning “Eksimbank”i tomonidan ajratilgan kredit 5 yillik imtiyozli davrga ega 20 yil muddatga mo‘ljallangan. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti — 4 yillik imtiyozli davrga ega 15 yil muddatga mo‘ljallangan.

Avvalroq ushbu qarorga ko‘ra, Toshkent metropoliteni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidan chiqarilishi, Toshkentdagi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 2020-yil Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi bitkazilgan edi. Uni loyihalashtirish 2017-yilda boshlangan. Qurilishning borishi davlat rahbarining e’tiborida bo‘lgan. Avgust oyining oxirida ushbu yerusti halqa metrosining birinchi bosqichi bitkazilib, prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, jamoatchilik bilan birga poyezdda yurgan edi. Shu yilning 26-dekabr kuni yerusti metrosining yana bir muhim bo‘g‘ini – Sergeli yo‘nalishi ishga tushirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu transport obyektini borib ko‘rdi. Shu yerda davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot bo‘ldi.