O‘zbekistonda oktabr oyida ikkilamchi bozordan mashina olganlar yangisini olganlar sonidan qariyb ikki baravar ortiq bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, oktabr oyida 70,7 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa shundan 50,1 ming donasi (sentabrda sotilganidan 24,3 foizga ko‘p) ikkilamchi bozorda, 20,6 ming donasi (sentabrda sotilganidan 58,5 foizga ko‘p) esa birlamchi bozorda sotilgan.
Mutaxassislar buni koronavirus pandemiyasi oqibatida mikrochiplarning global taqchilligi sababli avtomobil sanoatida ishlab chiqarish rivojlanishi to‘xtab turgani bilan izohlamoqda. Shu sababli ikkilamchi bozorda savdo hajmi o‘sgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (60,4 foiz), Navoiy (55,9 foiz), Buxoro (53,4 foiz) va Toshkent (50,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda eski avtomobillarning narxiga qanday omillar ta’sir qilishi o‘rganib chiqildi
Ekspertlarning ta’kidlashicha, chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi sentabr oyiga (2 343 dona) nisbatan biroz kamaygan, avgust oyiga (1 021 dona) nisbatan esa 38,2 foizga oshgan.
Bu davrda chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p Toshkent shahri (5 209 dona), Farg‘ona (1 610 dona), Toshkent (834 dona) va Samarqand (505 dona) viloyatlarida sotilgan.
Mahalliy avtomobil bozorida talab miqdori 2020-yil oktabr oyi bilan taqqoslaganda 10 foizga oshgan.
Izoh (0)