1963-yil 22-noyabr kuni AQShning amaldagi prezidenti Jon Kennedi Texas shtati poytaxti Dallas shahrida o‘z kortejida aholi bilan uchrashish uchun ketayotgan edi. Unga shtat gubernatori, rafiqasi va politsiya hamrohlik qilayotgan bo‘lib, prezident Lincoln Continental kabrioletida xalq oldidan o‘tayotgandi. Kutilmaganda o‘q ovozlari eshitiladi… Prezident og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga olib ketiladi. Butun Amerika xalqi bu suiqasddan shok holatiga tushadi. Mamlakat prezident o‘z kortejida, politsiya hamrohligida shundoqqina odamlar oldida qotil nishoniga aylangandi.
Jon Kennedi qanday prezident edi?
Jon Kennedi AQShning 35-prezidenti bo‘lib, u bu lavozimga 1961-yili demokratlar partiyasidan saylanadi. Ikkinchi jahon urushi faxriysi bo‘lgan Kennedi hokimiyat tepasiga kelgach bir qator ijtimoiy islohotlar o‘tkazadi. Soliqlar kamaytirilib, ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi.Kennedi prezidentligining asosiy voqealari sifatida SSSR bilan koinotni egallash poygasini boshlash, Berlin va Karib inqirozi hamda AQShdagi irqiy kamsitishlarni yo‘qotish uchun jiddiy qadamlar tashlash ko‘rsatib o‘tiladi.
Ijtimoiy sohadagi islohotlar va qora tanli fuqarolar huquqlarini oshirish to‘g‘risidagi qonun o‘ta konservativ kuchlarda Kennediga qarshi kayfiyatni kuchaytiradi. Kennedining raqiblari uni AQShni yo‘q qiladigan “kommunist” deya ataydi. Ammo xalq Kennedini qo‘llab-quvvatlayotgan edi. 1963-yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada 74% amerikaliklar Kennedining ikkinchi marta saylanishiga ovoz beradi.
Kennedi o‘ta liberal yetakchi edi. Garchi u Sovuq urushning cho‘qqisi hisoblanuvchi Karib inqirozi tashkilotchilaridan biri bo‘lsa-da, tinchlik uchun kurashishga tayyor ekanini ko‘p bora ta’kidlaydi. 1963-yil 10-iyundagi ma’ruzasida Kennedi SSSR bilan munosabatlarni yaxshilash haqida to‘xtalib, o‘zining mashhur nutqini so‘zlaydi.
Bizning umumiy jihatimiz shundaki, barchamiz shu sayyora aholisimiz. Bir havodan nafas olamiz. Farzandlarimiz kelajagi uchun yashaymiz. Va biz hammamiz bir kun kelib o‘lamiz.Kennediga aynan qaysi sabab tufayli suiqasd uyushtirilgani uning qotillari aslida kimlar ekanligi to‘la aniq bo‘lmaganligi sababli mavhum. Aytish mumkinki, Kennedining ba’zi qarorlari(xususan, po‘lat sohasidagi qonun) prezident va sanoat monopollari orasida kelishmovchilik keltirib chiqargandi.Jon Kennedi
Dallasga tashrif
Jon Kennedining Texasga borishidan uch asosiy maqsad bor edi: demokratlarning prezidentlik kampaniyasi uchun ko‘proq mablag‘ yig‘ish, 1964-yilgi bo‘lajak saylovlar uchun harakatni boshlash va oldingi saylovda arang g‘alabaga erishgan Texasda (hatto Dallasda mag‘lub bo‘lgan) siyosiy tashviqot o‘tkazish. Shuningdek, Kennedi unga qarshi kurash olib borayotgan Texas Demokratlar partiyasining bir qancha yetakchi a’zolari bilan o‘rtadagi ixtiloflarni yo‘qotishni ham niyat qiladi.Safarda prezidentga ayoli Jaklin Kennedi va vitse-prezident Lindon Jonson hamrohlik qiladi. 21-noyabr kuni Texasga yetib kelgan Kennedi shtatga ikki kunlik tashrifini boshlaydi. Ko‘pchilik Texasda Kennediga qarshi kayfiyat kuchliligini aytsa-da, prezident San-Antonio, Hyuston va Fort-Uertdagi uchrashuvlarda aholi tomonidan iliq kutib olinadi.
Qotillik
Ertasi kuni ertalab prezident va birinchi xonim Fort-Uertdan Dallasning Lav Fild aeroportiga qisqa parvoz qiladi. Bu yerda ularni Texas gubernatori Jon Konnalli va uning ayoli Nelli Konnalli kutib oladi. Ular prezident va gubernator oilasi uchun maxsus keltirilgan Lincoln Continental kabriolet limuzinida navbatdagi aholi bilan uchrashish joyi — Dallas savdo markazi tomon yo‘l oladi.Kortej Dallas shahrining chekkasidagi Dili Plaza parki bo‘ylab harakatlana boshlaydi. Prezidentni ko‘p sonli politsiya, qo‘riqchilar va aholi vakillari kuzatayotgan edi. Lincoln’ning orqa o‘rindig‘ida prezident va birinchi xonim, o‘rta o‘rindiqda esa gubernator va uning rafiqasi o‘tiradi.
Prezident korteji ko‘p qavatli maktab kitob ombori yonidan o‘ta boshlaydi. Tabassum qilgan prezident kabrioletda odamlarga qo‘l silkitib ketardi. Soat 12:30 larda snayperning o‘q ovozi yangraydi…
Kennediga uch marta o‘q uziladi. Birinchi o‘q uning bo‘ynini teshib o‘tib, oldinda o‘tirgan gubernator Konnollining tizzasini ham yaralaydi. Ikkinchi o‘q prezidentning orqa miya sohasiga yo‘naltiriladi. Prezident Jon Kennedi rafiqasi va Amerika xalqi ko‘z o‘ngida suiqasd qurboniga aylanadi. Havaskorlar kamerasiga tushib qolgan ushbu kadr butun dunyoni larzaga soladi.
Prezident va gubernatorni darhol Parklend kasalxonasiga olib borishadi. Biroq urinishlarga qaramay prezident hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmaydi. Soat 13:00 prezident Kennedining vafot etgani rasman e’lon qilinadi. Gubernator Konnolli esa omon qoladi.
O‘sha kuni zudlik bilan Vashingtonga qaytgan vitse-prezident Lindon Jonson samolyotning o‘zidayoq AQSh harbiy-havo kuchlari oldida prezidentlik qasamyodini qabul qiladi.
Qotilning ham qotillik qurboniga aylanishi
Qotillikdan keyingi bir soat ichida AQSh va dunyo Kennedi o‘limidan xabar topgach, qotilni izlash drammasi boshlanadi. Qotil deb sobiq AQSh dengiz piyoda askari, bir necha yil SSSRda yashagan va kitob omborida bir oydan beri ishlab kelayotgan Li Harvi Osvald gumon qilinadi. O‘q gilzalari kitob omborining oltinchi qavatidan topiladi. Qavatning boshqa yeridan esa miltiq ham topilib, qurol Osvaldga tegishli ekanligi aniqlanadi.Politsiya darhol Osvaldga qidiruv e’lon qiladi. Osvaldni yo‘lda ko‘rib qolgan politsiyachi Tippit uni qo‘lga olishga harakat qiladi. Ammo Osvald uni otib o‘ldiradi. 13:50 da Osvald Texas teatrida yonida qo‘lga olinadi.
Politsiya Osvaldni qisqa so‘roq qiladi, u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi. Shundan so‘ng rasmiylar Osvaldni Dallas politsiya yerto‘lasidan okrug qamoqxonasiga o‘tkazishga qaror qiladi. 24-noyabr kuni prezident qotilining ko‘chirilishini kuzatish uchun ko‘plab olomon va jurnalistlar yetib keladi. Osvaldning olib chiqilishi jonli efirda namoyish qilinadi.
Osvald politsiya mahkamasidan olib chiqilgan paytda, Dallasdagi tungi klub egasi, uyushgan jinoyatchilik bilan aloqalarga ega bo‘lgan Jek Rubi olomon orasidan chiqib unga qarata o‘q uzadi. Bu voqeani butun Amerika va jahon xalqi jonli efirda kuzatib turadi. Robi so‘roq paytida bu harakatni Kennedi o‘limidan qattiq hayajonda ekani sabab sodir etganini iddao qiladi. Sud uni o‘lim jazosiga mahkum etgan.
Osvald ikki kun oldin prezident Kennedi vafot etgan Parklend kasalxonasiga olib kelinadi va shu yerda u ham hayot bila vidolashadi. Shu tariqa prezident o‘limining yagona gumonlanuvchisi yo‘qotiladi (yoki yo‘q qilinadi).
Deyarli hech kim ishonmagan Uorren hisoboti
AQShda ko‘pchilik Kennedining o‘limida SSSR va Kubaning qo‘li borligini taxmin qiladi. Bunga asosiy sabab Osvaldning Moskvada yashagani va qotillikdan biroz oldin AQShga qaytib kelgani edi.Qotillikni tergov qilish uchun Kongress qarori bilan yangi prezident Lindon Jonson tomonidan komissiya tuziladi. Komissiya unga boshchilik qilgan Oliy sud raisi sudya Erl Uorren ismi sabab “Uorren komissiyasi” nomini oladi. Uorren komissiyasi 1964-yil 24-sentabrda prezident Kennedi qotilligi bo‘yicha 888 betlik yakuniy hisobotni Lindon Jonsonga topshiradi. Hisobot oradan uch kun o‘tgach matbuotda e’lon qilinadi.
Hisobotda prezident qotili Osvald mutlaq bir o‘zi harakat qilgan degan xulosaga kelinadi. Osvald qotili Robi ham yolg‘iz harakat qilgan deya aytiladi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, o‘lgan odamga nisbatan jinoiy ish ochib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da Osvald prezidentning yagona qotili deb topiladi va sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
AQShda ham, boshqa dunyo davlatlarida deyarli hech kim bu hisobotga ishonmaydi. Chunki AQShdek davlat prezidentiga qarshi faqat bir kishi fitna uyushtirishi imkonsiz edi. Keyinchalik bu suiqasd haqida turli nazariyalar paydo bo‘ladi. Ularda gumondor sifatida Kennedi bilan munosabatlari yomon bo‘lgan Amerika monopolistlari, shuningdek, Kennedi bilan ziddiyatda bo‘lgan Texas gubernatori Konnolli va hatto prezidentlik saylovida partiya yetakchiligini Kennediga boy bergan vitse-prezident Lindon Jonson ham ko‘rsatiladi.
Kennedi xotirasi
Amerika aholisi Jon Kennedini AQShning eng buyuk o‘n prezidentidan biri deb hisoblaydi. AQShdagi ko‘plab ko‘cha va binolarga Kennedi nomi berilgan. Shuningdek Nyu-Yorkdagi xalqaro aeroportlardan biri ham Jon Kennedi nomi bilan ataladi.Kennedi va uning o‘limi haqida bir necha filmlar olingan. Uning tasviri 50 sentlik tangalarga tushirilgan. Harvard universitetining fakultetlaridan biriga ham Kennedi nomi berilgan.
Kennedining keyinchalik ikki tarafdan kelgan o‘qdan jarohat olgani haqida faktlar paydo bo‘ladi, ammo bugungi kunga qadar Kennediga suiqasdni aynan kimlar uyushtirgani noma’lumligicha qolmoqda. Suiqasdning yagona gumondori yoxud a’zosi Li Harvi Osvald esa hech qanday ma’lumotlarni ochiqlamasdan hayot bilan vidolashdi.
Izoh (0)