Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining shaxsiy shifokori Nikoloz Kipshidze siyosatchining davolanish jarayoni uchun psixolog va psixiatr yordami kerak bo‘lishini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Interfaks”.
“Men psixolog va psixiatrni jalb etish zarur deb hisoblayman”, — deydi Goridagi harbiy shifoxonaga ko‘chirilgan Saakashvilini ko‘zdan kechirgan Kipshidze.
Shuningdek, shifokor Saakashvilining ahvolini baholash uchun xorijdan mutaxassislar jalb etish zarurligini ham istisno etmagan.
“Hozircha xavf mavjud, barchasi ortda qoldi va yaxshi deya olmayman. Nima bo‘lishini kuzatish va ko‘rish kerak… Davolanish davom ettirilmoqda, umumiy holsizlik, bosh og‘rig‘i kuzatilyapti, qon bosimi o‘ynayapti”, — deydi Kipshidze.
Bundan tashqari, u ochlik to‘xtatilganidan keyingi qayta tiklash jarayonining birinchi kuni yaxshi o‘tganini ta’kidlagan, biroq shifokorlar nevrologiyadan xavotirda va yaqin kunlarda nevrologlarning kelishi rejalashtirilmoqda.
“Bilasizki, bu kabi bemorlarda ma’lum va juda murakkab davolash hamda reabilitatsiya talab etadigan posttravmatik sindrom bo‘ladi”, — deydi Kipshidze.
Uning ta’kidlashicha, Saakashvili gospitalda o‘zini qamoqxona shifoxonasidan ko‘ra xotirjamroq his qilmoqda, gospital shifokorlaridan minnatdor, gospital va qamoqxona shifoxonasi o‘rtasidagi farq katta deb hisoblaydi.
Kipshidzening so‘zlariga ko‘ra, palatada yagona muammo deraza bo‘lgan. Saakashvili palataga quyosh nuri tushib turishini va deraza bir santimetrga bo‘lsa ham, ochilishini talab qilgan. Natijada muammo bartaraf etilgan.
19-noyabr kuni 49 kundan beri ochlik saqlab kelayotgan Saakashvili advokati bilan uchrashuv vaqtida yiqilib tushib, hushidan ketgani haqida xabar berilgandi. Yiqilgach, u ko‘zini ochmagan va hech narsani sezmagan. Saakashvilini “nosilka”da olib ketishgan. U qamoqxona shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Keyinroq Saakashvili Gori shahridagi harbiy gospitalga ko‘chirilgan.
Saakashvilining shaxsiy shifokori Nikoloz Kipshidze Gruziya sobiq prezidentining ahvoli keskin yomonlashganini ma’lum qilgan. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, organizmdagi endokrinologik va metabolik o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan teri sarg‘ayishi avvalgi kunlarga nisbatan kuchaygan. Doktor Kipshidze yaqin kunlarda bu o‘zgarishlar tuzatib bo‘lmas holga kelishidan xavotirda edi.
Izoh (0)