Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida yashovchi Alijon Ro‘ziboyev bugungi kunda dang‘illama hovli, ko‘rkam ofis va Captiva mashinasiga ega. Ularni ko‘rib, qahramonimiz bundan atigi uch yil avval xorijda oddiy ishchi bo‘lib yurganiga ishonish qiyin. Bunga qanday erishganini uning o‘zidan bilib olamiz.
Oliy ma’lumotli muhojir
Namangan muhandislik-texnologiya institutini tamomlaganman, ma’lumotim bo‘yicha muhandisman. Paxta zavodi, melioratsiya tizimida ishladim, lekin birim ikki bo‘lmadi. Oxiri Rossiyaga ketdim, 10 yildan oshiq o‘sha yerlarda yurdim. Texnikani, temirni yaxshi tushunganim uchun ko‘proq payvand ishlari bilan shug‘ullanardim. Keyin Turkiyaga ketdim. Hayotimni butkul o‘zgartirib yuborgan voqea ham o‘sha yerda yuz berdi.Issiqxonada ishlayotgandik. Turklar pomidor va bodring ko‘chatlarini qandaydir mayin o‘g‘it bilan parvarishlayotganini ko‘rib qoldim. Nima ekanligini so‘radim. Biogumus ekanligini aytishdi. Shundan keyin internetni titkilab, O‘zbekistonda kimlar bu ish bilan shug‘ullanishiga qiziqdim. Eng kattasi andijonlik Rustam Usmonov, xalq tili bilan aytganda, “Rustambank” ekan. Vatanga qaytgach, to‘g‘ri u kishining oldiga o‘tdim. Maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlarini oldim. Yaxshi biznesga o‘xshadi. Tavakkal yetti million so‘mga yetti yashik Kaliforniya chuvalchangini xarid qilib, uyga qaytdim.
To‘polonning kattasi uyda bo‘ldi. Xotin “Yetti millionga ham chuvalchang oladimi, esingizni yeb qo‘yibsiz” deb toza xunob qildi. Chuvalchanglarni ko‘paytirish uchun mashinada go‘ng olib kelib, uydagi tomorqaga to‘kayotganimni ko‘rgan oshna-og‘aynilar ham “qilgani boshqa ish yo‘qmi, yig‘ishtir” deb hazil-huzul qilishdi. O‘shanda qayerdan bunday ishonch bo‘lganini bilmayman. “Hozir senlar kulaver, ikki yildan so‘ng Captiva olib minaman” degandim va aytgan gapimning uddasidan chiqdim.
Tarqoq va dangasa o‘zbek hamda uyaparvar va serpusht Kaliforniya chuvalchanglari
Andijondan olib kelgan chuvalchanglarni 10 kvadrat metr maydonga tashladim, 2,5 oyda ko‘paydi. Keyin 50, undan so‘ng 100 kvadrat. Hozir 1,500 kvadrat metr maydonda chuvalchang yetishtirib, biogumus olaman. O‘zi biogumus nima, uning qanday foydasi bor deysizmi?Xudoyim ekinlar uchun tuproqni, uni yashartirish va hosildorligini oshirish uchun chuvalchanglarni yaratgan. Chuvalchanglarning ichagida gumin kislotasi bor. Undan o‘tgan go‘ng shu kislota bilan to‘yinib, o‘simliklar uchun ona sutidek ta’sir qiladigan eng zo‘r o‘g‘itga aylanadi. U oddiy o‘g‘itga qaraganda kamida 10 baravar kuchli va tabiiy bo‘ladi.
Bahorda uyimdan 20–30 tonna biogumus olib ketganlar bo‘ldi. Chunki undan oldingi yili xarid qilgan dehqonlarda hosildorlik yaxshi bo‘lgan, mevalar, qovun-tarvuzlarning yetilishi ham kamida 15 kunga ilgarilagan. O‘g‘itdan solingan ko‘chatlarning immuniteti baquvvat bo‘ladi, kasallikka chalinmaydi.
Barcha ekinlar, xususan, gullar, sitrus mevalar, pomidor-bodring va poliz ekinlari uchun nafi katta. Andijonda tajriba tariqasida bug‘doy dalalariga ham sepishibdi, natijasini kutyapmiz.
Hozir kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalar o‘zini tiklab olishi uchun ko‘mak berish haqida ko‘p gapirilyapti. Masalan, biz olib borayotgan biznes katta xarajatni talab qilmaydi. Bir marta sarmoya tikasiz. Bo‘ldi, shu bir umr sizni hatto farzand va nabiralaringizni ham boqadi.
Keragi — yer, suv, go‘ng va chuvalchanglar. Go‘ng qishloq sharoitida muammo emas. Zovur yoki zakan suvi yetadi. Bino yoki katta dastgoh, qimmat uskunalar shart emas. Uy sharoitida boshlasa ham bo‘ladi. Hozir mahallamizda 50 kishi shu ish bilan shug‘ullanyapti. Ularning orasida bir paytlar miyig‘ida kulganlar ham bor.
Ko‘pchilik “Nega o‘zimizning chuvalchanglardan biogumus olib bo‘lmaydi?”, deb so‘raydi. Gap shundaki, Kaliforniya chuvalchangida uyasini tashlab ketish instinkti yo‘q, serpusht, tez tuxumlaydi va ko‘payadi. Tasavvur qilishingiz uchun aytaman: bir yilda bitta Kaliforniya chuvalchangi 1,5 mingtagacha ko‘payadi. Issiq-sovuq demaydi, qishin-yozin ishlaydi.
Bizning mahalliy chuvalchanglar esa, birinchidan, dangasa. Ikkinchidan, tarqoq. Bir joyga to‘plab qo‘ysangiz, hech qancha o‘tmay tarqalib, qochib ketadi...
Gul do‘koni, chorva va qishda pishadigan qulupnay
Tomorqaga sig‘may qolgach, hokimlikdan yer so‘radim. “Bo‘sh ekin maydoni yo‘q, lekin eplolsangiz cho‘l hududida tashlandiq joylarimiz bor”, deyishdi. Bordim, ko‘rdim. Kengligi yoqdi, katta avtomobillar ham bemalol boraveradi.1,3 kilometr masofaga elektr tarmog‘i tortdim, 60 metr chuqurlikdan suv chiqarib, uchta quduq kavladim. Biogumusni mayin ko‘rinishga keltirish uchun biz “separator” deb nomlaydigan qurilmani o‘rnatdik. Mayin o‘g‘it qimmatbaho gullarni yetishtiradigan gulchilar uchun kerak, ularning talabini inobatga oldik.
Mingbuloq tumani markazida o‘zimiz ham gul do‘koni ochdik. Biogumusni o‘zini sotsangiz, ko‘pchilikni jalb qilmasligi mumkin. Shuning uchun bir tomonga gullar, ikkinchi tomonga esa qadoqlangan o‘g‘itlarni joylashtirdik.
Dalada qoplab, do‘konda esa kilolab sotyapmiz. Bir paytlar meni rosa koyigan ayolim endi kelin bilan birga shu yerda gul va o‘g‘it sotib o‘tiribdi.
Faqat biogumus emas, balki baliq ovi ishqibozlariga chuvalchanglar ham sotamiz. Xaltachaga 60–70 ta chuvalchangni bir siqim go‘ng bilan solamiz va do‘konlarga tarqatamiz. Baliq xo‘ragi uchun olishadi. Xaltachasi 5 ming so‘m, bir kunda 100 ta sotsak, yarim million bundan ham daromad.
Go‘ng o‘zimizdan chiqsin deb chorvani ko‘paytirdik. Hozir 15 tacha molimiz bor.
O‘g‘lim biogumus sotish uchun Qirg‘iziston bilan chegaradosh chekka qishloqqa borganida qulupnayning sovuqqa chidamli “Qora shahzoda” degan naviga qiziqib qolgan ekan. Shundan olib kelib, tuvaklarda ko‘paytirdi. Noyabr oxiriga kelib ular ular ham asta-sekin yetilyapti. Yaxshilab o‘rganib olib, keyin issiqxonaga olib o‘tamiz.
Yana bir o‘g‘lim faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqda targ‘ib qilish bilan band. Hozir YouTube’dagi kanalimizga chuvalchanglarni parvarishlash va biogumus olish bilan bog‘liq ellikdan ortiq video joylaganmiz. Xullas, tinmayapmiz.
“O‘zbekistonga arab shayxlarining pullarini olib kelamiz”
Mehnatning rohatini ko‘radigan paytlar kelyapti. Chuvalchanglarning ortidan uyni yangiladik, mashina oldik, to‘y qildik. Hozir tayyorlayotganimiz — 100 tonna biogumus. Bu yiliga kamida 150 million so‘m degani. Yana chuvalchanglarni sotish orqali 50 million so‘m ishlab topish mumkin. Hisoblab ko‘rsam, 2,5 yilda 500 million so‘mga yaqin daromad olibman. Endi faoliyatimni yanada kengaytirib, shu summani ikki barobar ko‘paytirmoqchiman.Raqobatdan qo‘rqmayman — bu ishga qo‘l urganlarning ko‘pchiligi shogirdlar yoki hamkorlar. Xaridor esa doimo topiladi, chunki dunyoda, xususan, Yevropa va Amerikada tabiiy usulda yetishtirilgan organik mahsulotlarga talab juda yuqori.
O‘zbekistonning barcha viloyatlariga o‘g‘it yetkazib beryapmiz. Endi eksportni ham yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor. Chunki bizda bir kilogramm biogumus 1,5–2 ming so‘m bo‘lsa, xorijda 1–2 dollar. Arab davlatlari, xususan, Dubay tomonlarda biogumusga katta ehtiyoj bor. Ular shaharlarga yopirilayotgan qum bo‘ronlarini bartaraf etish uchun yashil hudud barpo etmoqchi. Buning uchun esa ko‘chatlar hamda tabiiy va arzon o‘g‘it kerak.
Buyurtmalar bo‘ldi ham. Ularni talabini qondirish uchun firma, omborxonalar va qadoqlash uskunalari kerak. Firma ochdik, qadoqlashni yo‘lga qo‘ydik, endi omborxonaga harakat. Xullas, O‘zbekistonga arab shayxlarining pullarini olib kelamiz nasib...
Izoh (0)