Qurilish vazirligining yana 2 turdagi litsenziyalash sohasidagi davlat xizmati elektronlashtirildi.
license.gov.uz tizimi orqali:
- balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatiga litsenziya;
- ko‘priklar va tonnellarni loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash faoliyatiga litsenziya olish imkoni yaratildi.
Litsenziya QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Shu kunga qadar, Qurilish vazirligi tomonidan 2 turdagi davlat xizmati, ya’ni arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash va qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish elektronlashtirilgan edi.
Tez kunda Qurilish vazirligi tomonidan xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni hamda potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash davlat xizmati ham elektronlashtiriladi va license.gov.uz tizimi orqali murojaatlar qabul qilish to‘liq ishga tushiriladi.
Ma’lumot o‘rnida
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF 6044-son farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi IT-texnologiyalar, telekommunikasiyalar va innovasion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentining chora-tadbirlar rejasida litsenziya va ruxsat berish tusdagi davlat xizmatlarini “Litsenziya” axborot tizimida to‘liq ishga tushirish belgilab qo‘yilgan.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)