• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12559.26
    • RUB160.17
    • EUR14413.01
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +27°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    “Nutqi to‘liq rivojlanmagan bolaga bir necha tilni o‘rgatish va turli tilda muloqot to‘g‘ri ish emas”. Bola tilidagi nuqsonlar, kamchiliklar haqida logoped bilan suhbat

    14-noyabr — Xalqaro logopedlar kuni. Bolalikdagi nutqiy buzilishlarga e’tiborsiz qarash gapirishdagi bir umrlik nuqsonlarga sabab bo‘lishi mumkin. Kamchiliklarni to‘g‘ri va samarali usullar bilan bartaraf etish esa logopedlarning zimmasida.

    “Daryo” muxbiri bolalarda uchraydigan nutqiy kamchiliklarga sabab bo‘luvchi omillar, ularni bartaraf etish yo‘llari, farzandlarining gapirishida nuqsonlarni sezgan ota-onalar qanday yo‘l tutishi kerakligi haqida logoped Mavjuda Maxamatova bilan suhbatlashdi.

    Mavjuda Maxamatova dars jarayonida

    Mavjuda Maxamatova dars jarayonida
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Homiladorlik, tug‘uruq va undan keyingi davr. Nutqiy kamchiliklarni paydo qiladigan omillar

    Bolalarda uchraydigan nutq nuqsonlari tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin. Homiladorlikning dastlabki uch oyligida onaning virusli kasalliklar bilan qattiq shamollashi, ularni davolamasdan oyoqda o‘tkazishi, o‘zboshimchalik bilan turli dori-darmonlarni qabul qilishi, ota yoki onaning giyohvand moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishi, radiatsiya, tos suyagining torligi natijasida tug‘uruqda bola miyasining lat yeyishi, kindigiga o‘ralishi, bo‘g‘ilib qolishi, yo‘ldosh ko‘chib qolishi natijasida bolaga kislorod yetib bormaslik holatlari uchraganda bolada nutqiy nuqsonlar kelib chiqishi mumkin.

    Shuningdek, bola tug‘ilgandan to uch yoshga to‘lgunga qadar og‘ir infeksion kasalliklarga chalinishi, turli miya jarohatlarini olishi, bolaning ilk rivojlanish paytidan unga gapirmaslik, so‘zlarni to‘liq va o‘z nomi bilan aytmaslik, tilga kira boshlaganda savollariga javob bermaslik, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilmaslik ham nutqdagi kamchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

    Ota-ona, bobo-buvilar farzandi yo nevarasining har bir harakatidan suyunib, unga “bola tilida” gapirishni xush ko‘radi. Nonni “nana”, mushukni “miyov”, kuchukni “vov-vov” deb aytganda bola ularning nomini shu holda eslab qoladi. Natijada esa bolada nutqning kechikishi kuzatiladi.

    Bulardan tashqari, ota-ona e’tibor berishi kerak bo‘lgan jihatlardan yana biri — bolaning ovqatlanish ratsioni. Tishlari chiqa boshlagandan keyin bo‘tqa va pyurelar, oson yutiladigan ovqatlar qatoriga chaynaladigan taomlar-u meva-sabzavotlarni ham qo‘shish kerak. Ko‘p hollarda ota-onalar bolam qattiq narsani tishlab qiynalib qolmasin deb, mevalarni ham qirg‘ichdan o‘tkazib beradi.

    Ammo doimiy ravishda bunday yo‘l tutish noto‘g‘ri. Bola chaynashni o‘rganolmaydi. Tishning vazifasi chaynash va chiqqandan keyin buni bajarishi kerak. Chaynash tishlar qatorining va jag‘larning to‘g‘ri rivojlanishiga, til harakatchanligi yaxshilanib, bola tovushlarni o‘zining yoshiga mos talaffuz qilishiga yordam beradi.

    Nutq rivojlanishidagi me’yor — ikki yoshda 80 ta, besh yoshdan keyin 3000 ga yaqin so‘z

    Eshitish va miya faoliyati me’yorida bo‘lgan bolalar 1,5-2 oylikdan boshlab “agu-gugu” lashni boshlaydi. Yaqinlari u bilan gaplashganda, bola “agu-gugu” deb javob qaytaradi. 5-6 oylikdan to 8-11 oylikkacha talaffuzi oson bo‘lgan lab-lab tovushlari, lab-til tovushlarini talaffuz qiladi.

    Sog‘lom bola bir yoshida o‘ntacha so‘zni osonlik bilan talaffuz qila olishi kerak. Umuman olganda, bir yosh ruhiy, nutqiy va jismoniy rivojlanishlar parallel holda boshlanadigan payt. Bola bilan ko‘p gaplashish shu davrdan kechikmasligi kerak.

    Masalan, mashinada birga ketayotgan bo‘lsa, “bu mashina, u bizni manzilimizga olib boradi” deb mashina haqida kam bo‘lsa ham tasavvur berish kerak. Yoki bolaga olma kesib berayotganda uning shakli, rangi, ta’mi, qayerdan olib kelingani va foydalari haqida aytib yedirish lozim. Bular bolaning xotirasida o‘rnashib, leksik lug‘at boyligini tobora oshiradi.

    Mavjuda Maxamatova maktabdagi mashg‘ulotda

    Mavjuda Maxamatova maktabdagi mashg‘ulotda
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Bir yosh-u sakkiz oylik — ikki yoshda bola sodda gaplarni tuza oladi. Sababi bu davrda uning nutqida fe’llar paydo bo‘la boshlaydi. Ikki yoshgacha bola ishlata oladigan so‘zlar miqdori 60-80 taga yetishi kerak. Ana shundan keyin u x, y tovushlarini ayta boshlaydi. Bu paytda u hali r, sh, j, l, ch kabi ayrim tovushlarni aytmasligi mumkin va bu me’yor sanaladi.

    Umuman olganda, ikki yoshligida bolaning nutqida tovush talaffuzidan ham oldin gapirish muhim o‘rinda turadi. Ya’ni tovushlar talaffuzida kamchiliklar bo‘lishi mumkin, ammo bo‘g‘inlar, so‘zlar, sodda gaplarni gapira olishi kerak.

    Ikki yoshga to‘lganda ham gapirmasligi tashvishlantiradigan holat. Bunga yuqorida sanab o‘tgan omillardan tashqari, nevrologik, eshitish organlaridagi kasalliklar ham sabab bo‘lishi mumkin. Shunda bolani logopedga olib borish zarur. U esa qayerida muammo borligini tekshirib, audiolog, nevropotolog, psixonevrolog, lor kabi mutaxassislarga yo‘naltiradi.

    Bola uch yoshdan to‘rt yoshgacha — 1000 ta, to‘rt yoshdan besh yoshgacha — 2000 ta, besh yoshdan oshganda esa 3000 ga yaqin so‘zni bilsa va qo‘llay olsa, uning nutqiy rivojlanishi me’yor darajasida bo‘ladi. Besh yoshli bolada barcha tovushlar talaffuzi shakllangan bo‘lib, u rasm asosida biror hikoyani qayta gapirib bera oladi.

    Haftada uch kun, 45 daqiqadan. Logoped mashg‘uloti maktab darslariga xalal bermaydi

    Nutqdagi kamchiliklarni bartaraf etish bolalik davrida nisbatan osonroq kechadi. Shuning uchun nutqida ma’lum nuqsoni bor bola bilan bog‘cha va maktablardagi logopedik shoxobchada mutaxassis tomonidan mashg‘ulotlar olib boriladi.

    Logoped O‘zbekiston bo‘yicha hamma maktabda bor yoki yo‘qligini bilmayman, ammo Toshkent shahridagi deyarli barcha maktablarda bo‘lishi kerak.

    Logopedik dars jarayoni.

    Logopedik dars jarayoni.
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Ma’lumot o‘rnida: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining “Daryo” ga ma’lum qilishicha, 2015-yildan beri har yili tumanlarda bitta, viloyatlar markazida esa ikkitadan logopedik shoxobchalar tashkil qilib kelinmoqda. 2021/2022-yilgi o‘quv mavsumidagi logopedik shoxobchalar soni 894 tani tashkil etmoqda.

    Bu shoxobchalar 27 732 sinfni qamrab olgan bo‘lib, unda 1016 nafar logoped 46 304 nafar bola bilan mashg‘ulot olib borishi ko‘zda tutilgan. Qayd etilishicha, bitta shoxobchaga yaqin joylashgan bir nechta maktab biriktirilgan va ehtiyojdan kelib chiqib bu raqamlar ortib boradi.

    Har o‘quv yili boshlanishi oldidan maktab direktori boshchiligida shifokor, ruhshunos, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan tanlab olingan kotiba va maktab logopedidan tashkil topadigan besh kishilik maxsus ishchi guruh tuziladi. Sentabrning dastlabki ikki haftasida logoped maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining nutqiy rivojlanishini tekshiradi va maxsus guruh buni tasdiqlab, kamchiligi mavjud bo‘lganlar ro‘yxatini shakllantiradi.

    Aslida nutqiy kamchiliklar bog‘chada — bola birinchi sinfga chiqqunga qadar bartaraf etilishi kerak. Ammo ota-ona farzandini bog‘chaga bermasligi yoki logopedik mashg‘ulotlarga olib bormasligi natijasida bu jarayon maktabda ham davom etishi mumkin.

    Nutqiy rivojlanishdagi kamchiliklar aksar hollarda birinchi sinfga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarda sezilsa, ba’zan 2-, 3- va hatto 4-sinf o‘quvchilari orasida ham uchrab turadi. Odatda ular ham birinchi sinfligida logopedi bo‘lmagan maktabda o‘qigan va boshqa turli sabablar bilan kamchiligi qolib ketgan o‘quvchilar bo‘ladi. Lekin shu davrda ular mashg‘ulotlarni kanda qilmasa, boshlang‘ich sinflik paytidayoq kamchiliklarni bartaraf etish mumkin.

    Mana bu yili o‘zim ishlaydigan 209-maktabda jami 44 nafar, 211a-maktabda esa 39 nafar bolaning nutqida turli darajadagi kamchiliklarni aniqladim. O‘quvchilarning ota-onalari bilan majlis qilib, farzandlarining logopedik mashg‘ulotlarga qatnashi kerakligi, darslar qay tartibda, qachon va qancha muddatga olib borilishini tushuntirdim.

    Logopedik mashg‘ulot jarayoni

    Logopedik mashg‘ulot jarayoni
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Hozircha 209-maktabdagi 44 bolaning yigirma yetti nafari logopedik mashg‘ulotlar bilan qamrab olingan. Darslar nutqiy jarayon bilan bog‘liqligi va har bir bolaning alohida kamchiliklari bo‘lgani sabab bir guruhda sakkiz-o‘n o‘quvchining bo‘lishi me’yor hisoblanadi.

    Bir paytda hamma bola bilan shug‘ullana olish uchun hozirda uchta alohida guruhlarda sakkiz nafardan, jami 24 bola bilan nutqning turli nuqsonlari bo‘yicha shug‘ullanaman. Duduqlanish nuqsoni bor uch bola bilan alohida guruhda mashg‘ulot olib boraman.

    Darslarga qamrab olinmagan o‘quvchilar ham qolib ketmaydi. Har chorak yakunida nutq nuqsonlari bartaraf etilgan, o‘rgangan tovushlarini keyinchalik ham to‘g‘ri talaffuz etishiga ko‘zim yetgan o‘quvchilarni guruhlardan chiqaraman va ularning o‘rniga navbatda turgan bolalarni kiritaman.

    Haftada uch kun va 45 daqiqadan davom etadigan logopedik mashg‘ulotlar maktab darslariga xalal bermaydi. O‘quvchilar tuzilgan dars jadvaliga asosan mashg‘ulotlarga keladi. Ushbu jadvaldan ota-onalarning xabari bo‘ladi.

    “Bolam erkalanib gapiradi-da. O‘tib ketar-a? Darslarga kelishi shartmi?’’

    Farzandi biror tovushni aytolmasa, ayrim ota-onalar buni erkalanishdan deb o‘ylaydi. Logopedik darslarga qatnashi kerakligini aytsak, bu erkalanib gapiradi, kelishi shartmi, o‘tib ketmasmikan, deb so‘rashadi.

    Ularga bolaning nutqi yetti yoshgacha har tomonlama shakllangan bo‘lib, maktabda o‘qish va bilim olishga tayyor bo‘lgan bo‘lishi, erkaliklar esa tovushlarni noto‘g‘ri talaffuzi uchun sabab bo‘lmasligini tushuntiraman. Agar shunda ham mas’uliyatni his qilishmasa, tajribamizda bo‘lgan turli holatlarni misol qilib keltiraman.

    O‘zim maktablardagi darsimdan tashqari xususiy logopedik markazda ham konsultantlik qilaman. Nafaqat yosh bolalar, balki o‘rta va yuqori yosh vakillari ham turli nutq nuqsonlari bilan maslahat olish uchun keladi. Nutqiy kamchiliklarni istalgan yoshda to‘g‘rilashning imkoni bor. Ammo yosh qancha katta bo‘lsa, nuqsonlarni to‘g‘rilash shuncha ko‘p vaqt va mehnatni talab qiladi. Buning uchun o‘sha odamning o‘zida kuchli ishonch va xohish ham bo‘lishi kerak.

    Sakkiz yoshli bolaning nutqida kamchilik paydo bo‘lganiga hali ko‘p yil o‘tmagan bo‘ladi. Nuqson shu yoshda bartaraf etilmasa-yu, o‘n sakkizga kirganda o‘sha odamning o‘zi bunga ehtiyoj sezib kelganda qay birini bartaraf etish osonroq bo‘lardi deb o‘ylaysiz? Yosh katta bo‘lavergan sari tovushlarning mustahkamlanishi shuncha ortadi.

    Qolaversa, nutqdagi kamchiliklar bolalik paytida bo‘lsa-yu, vaqtida bartaraf etilmasa, unga ruhiy tomondan salbiy ta’sir qilib, bolaning jamiyatga moslashishiga xalaqit beradi.

    Maktabdagi logopedik darslar mutlaqo bepul. Agar shulardan keyin ham logopedik mashg‘ulotlarimizdan bosh tortishsa, o‘zlarining xohishiga ko‘ra rad etishgani haqida ariza olaman.

    Tovushni to‘g‘ri shakllantirish va mustahkamlash ota-onaga ham bog‘liq

    Majlisda ota-onalarning har biriga farzandlarining vaqtida, qoldirmasdan mashg‘ulotlarga kelishini ta’minlashi shartligini tayinlayman. Logoped sifatida qo‘yadigan eng asosiy talabim ham shu.

    Interaktiv dars jarayoni

    Interaktiv dars jarayoni
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Dars turli interaktiv usullar va animatsion roliklar orqali olib borilsa, bolaning qiziqishi ortib, o‘zlashtirishi oson kechadi. Bolada qaysi tovushda kamchilik bo‘lsa, u ishtirok etgan bo‘g‘in, so‘z, sodda va murakkab gaplar va katta matnlar, she’r-u topishmoqlar ayttiriladi. Biz o‘rgatgan tovushlar faqat sinfdan chiqib ketgungacha qo‘llanmasligi kerak. Bolalarga bilimlarini mustahkamlash va amalda qo‘llash uchun ota-onaning ko‘magi ham zarur.

    Bitta guruhda sakkiz o‘quvchi bo‘lsa, logopedning ko‘zi bir paytning o‘zida ularning hammasiga qarab turishi kerak. Mashg‘ulot jarayonida har bir bolaning partasida oynalar turadi. Nutq kamchiliklarini bartaraf etish uchun “kosa”, “qo‘ziqorin”, “arg‘imchoq” va boshqa bir qancha mashqlarni bajaramiz. Oyna bolaning o‘ziga mashqni qanday bajarib turganini ko‘rsatib turuvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.

    Bolalar artikulyatsion mashqlarda o‘zini boshqa tengdoshi bilan taqqoslash holatlari kuzatilib turadi. Birida tez o‘xshasa, birida bu jarayon sekin bo‘ladi. Mashqni bajarishda qiynalayotganlar nega unda o‘xshaydi-yu, menda o‘xshamayapti deb so‘rashni boshlaydi. Shunday paytda sportchilarning mushaklari doimiy shug‘ullangani uchun baquvvat bo‘lgani kabi, sizlar ham ko‘p mashq qilsangiz, o‘xshaydi deb ko‘ngillarini ko‘tarishga harakat qilaman.

    “Kosa” mashqini bajarayotgan o‘quvchilar

    “Kosa” mashqini bajarayotgan o‘quvchilar
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Til mashqlarini qilishda maxsus zondlardan ham foydalanish mumkin. Ammo bizda bir martalik zondlarni ishlab chiqarish hali yo‘lga qo‘yilmagani uchun foydalanmaymiz. Kerakli paytda o‘rniga bir martalik paxtali tayoqcha, bolaning o‘zi uyidan idishchada olib keladigan so‘rg‘ichlarni ishlatamiz.

    Maxsus paxtali tayoqcha bilan mashg‘ulot

    Maxsus paxtali tayoqcha bilan mashg‘ulot
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Ayrim bolalarning nafas olish tizimida kamchiliklar bo‘lib, gapini bir nafasda tugatolmaydi. Ota-onalarga bunday paytlarda tavsiya etadigan, uyda bajarish samarali bo‘lgan mashqlar ham bor. Masalan, qoshiqda ovqat yoki suvni to‘kmasdan uzoq vaqt davomida puflab turish, ko‘pigi puflanadigan o‘yinchoqlarni ishlatish mumkin.

    Nutqida kamchiligi bor bola bilan vaqtini o‘tkazadigan hamma — o‘qituvchi, ota-ona, bobo-buvi, amma-xolalar tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganganda uni maqtashi, rag‘batlantirishi kerak. Shunda bolada o‘rganganlarini qo‘llash uchun xohish paydo bo‘ladi.

    Nutqi to‘liq rivojlanmagan bolaga bir necha tilni o‘rgatish va turli tilda muloqot to‘g‘ri ish emas

    Nutq kechikishi kuzatilayotgan bolalarda bog‘cha darslari, uydagi va boshqa muloqotlar ham bitta tilda bo‘lishi kerak. Bola bilan kam gaplashish natijasida uning nutqi yaxshi rivojlanmaydi. Ayrim ota-onalar ko‘p til o‘rgansa yaxshi bo‘lib ketadi deb, hatto maktabga chiqmagan farzandini til to‘garaklariga beradi.

    Hali o‘zbek tilida tovushlarni aytolmaydigan bola bog‘chada ruscha, to‘garakda inglizcha, uyida esa o‘zbekcha gapirishi va tinglashi nutqning yanada kechikishiga sabab bo‘lishi mumkin. Til o‘rgatishni bolaning nutqi to‘liq chiqqandan keyin maslahat beramiz.

    Nutqiy kamchiliklar: Talaffuzdagi nuqsondan — so‘lakning oqib ketishigacha

    Dislaliya, disgrafiya, alaliya, afaziya, rinolaliya va dizartriya — ko‘p uchraydigan nutqiy nuqsonlardir. Dislaliyada tovush talaffuzida turli nuqsonlar bo‘lishi kuzatiladi. Agar dislaliya vaqtida bartaraf etilmasa, bu yozishdagi harf kamchiliklari — disgrafiyaga olib keladi. Alaliyada nutqning to‘liq rivojlanmaganligi yoki kechikishi kuzatilsa, afaziyada bosh miyaning organik jarohatlanishi natijasida shakllangan nutqning yo‘qolishi sodir bo‘ladi.

    Aralash harflardan ma’lum so‘zlarni yasash jarayoni. Bu mashq disgarifiyaning oldini olish yoki bartaraf etish uchun qilinadi

    Aralash harflardan ma’lum so‘zlarni yasash jarayoni. Bu mashq disgarifiyaning oldini olish yoki bartaraf etish uchun qilinadi
    Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

    Duduqlanish og‘zaki nutq jarayonida artikulyatsion apparat a’zolari mushaklarining tortishuvi natijasida kelib chiqadigan nuqson bo‘lsa, rinolaliyada artikulyatsion apparat a’zolarida tug‘ma yoki orttirilgan nuqson paydo bo‘ladi. Bunda burun, halqum sohalarida turli falajliklar, suyakning qiyshiq bo‘lishi, burun sohasida har xil o‘smalar, tanglay, lab yoriqlari bo‘lishi kuzatiladi.

    Dizartriya — artikulyatsion nutq apparati inervatsiyasining organik jarohatlanishi nuqsoni. Uning natijasida miyadan nutq apparatiga signal uzilib-uzilib keladi va bolaning so‘laklari oqib ketishi, doim og‘izda nimadir bordek gapirish, ovqat chaynolmaslik holatlari kuzatiladi.

    Nutqiy kamchiliklardan eng ko‘p uchraydigani va bartaraf etish osonrog‘i — dislaliya hisoblanadi.

    Jarrohlik amaliyoti ham qo‘llaniladi

    Til yuganchasi juda kalta, qalin bo‘lsa, jarrohlik amaliyoti yaxshiroq chora bo‘lishi mumkin. Yuganchaning kalta yo qalinligi tilning tepaga ko‘tarilishiga imkon bermaydi va tovushlar talaffuzi ham nuqsonli bo‘lib chiqadi. Yigirma bir yillik logopedik tajribamga asoslanib, birinchi ko‘rganimdayoq bola til yuganchasining holati haqida xulosa qila olaman.

    Til yuganchasining o‘ta darajada kaltaligi

    Til yuganchasining o‘ta darajada kaltaligi
    Foto: Wikipedia

    Faqat jarrohga yuborishga shoshmayman. Chunki til yuganchasi cho‘ziluvchan bo‘lib, mashqlar orqali ham me’yor darajasiga kelib qolishi mumkin. Ular ham foyda bermasagina, ota-onalarga jarrohlik amaliyotidan foydalanishlarini aytaman. Shunda ham o‘z xohishlariga ko‘ra jarrohga olib borishlari mumkin.

    Bundan tashqari, yuqorida aytib o‘tilgan rinolaliya nuqsonini jarrohlik amaliyotisiz bartaraf etishning imkoni yo‘q.

    Duduqlanishga sabab bo‘luvchi omillar: qo‘rqish, immunitetning pastligi, nerv sistemasidagi kamchiliklar

    Duduqlanuvchi bolalar gapirganda havo yetmay qoladi. Ko‘z oldingizga o‘pka tasvirini keltiring. Tepa qismi kichikroq, pasti esa keng va kattaroq bo‘ladi. Duduqlanuvchi bolalar ana shu o‘pkaning faqat tepasidan nafas oladi. Bu nafas yuzaki bo‘lib, olinganda yelkalar ham ko‘tariladi.

    Duduqlanuvchi bolalar gapirayotganda nafasini yetkazolmay qoladi. Nafasni tez olib, sekin chiqarish me’yor bo‘lsa, ular tez olib, tez chiqaradi. Ota-onalar farzandida duduqlanishni sezgan zahoti logoped, nevropatolog, psixonevrolog mutaxassislarga olib borishi va ularning tavsiyalariga doimiy amal qilishi kerak.

    Duduqlanishi bor bolalar bilan nafas mashqlarini bajarish yaxshiroq samara berishi mumkin. Nafas nozikroq bo‘lgani uchun mashqlarni mutaxassis nazorati ostida bajarilishi kerak.

    Duduqlanish o‘g‘il bolalarda ko‘proq uchraydi. Bu kasallik qo‘rquv va stress natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, hamma qo‘rqishi mumkin, ammo hammada ham duduqlanish kuzatilavermaydi. Bu immunitetning pastligi, nerv sistemasining noto‘g‘ri ishlashi natijasida kelib chiqadigan kasallik.

    Har qanday holatda ota-onalar ham yosh bolalariga iloji boricha qo‘rqinchli o‘yinlarni o‘ynash, filmlarni ko‘rishga imkon bermasligi lozim. Bu duduqlanishning oldini olish uchun ular tomonidan tashlanadigan qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.

    15.11.2021, 16:23   Izoh (0)   66320
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    TBC Bank va Bahodir Jalolov firibgarlarga qarshi jangga chiqdi 


    110% grant va xalqaro amaliyotlar: Central Asian University va AKFA Medline University Hospital rezidentura dasturiga qabul davom etmoqda


    Bekobodda "Biznesni rivojlantirish banki"ning  zamonaviy bank xizmatlari markazi ish boshladi


    Hyundai Tucson: 24 oyga bo‘lib to‘lash imkoniyati — qulay, tez, foydali


    Acıbadem shifoxonalar tarmog‘ida bolalarda saraton va qon kasalliklarida suyak iligi transplantatsiyasi


    Buxoro, G‘ijduvon, zindon, misvok va madrasa – 100 savolga 1 javob


    Investitsiya nima va u insonlarga nima uchun kerak?


    InfinBank Visa kartalari bilan endi WeChat Pay va Alipay orqali to‘lash mumkin


    InfinBank pul o‘tkazmalari geografiyasini kengaytirmoqda


    “O‘zbekinvest” EISK AJ va Slovakiyaning EXIMBANKA SR o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi


    InfinBLACK bilan qadimiy shaharlar bo‘ylab sayohatlar


    Uzbekistan Airways bilan Kuala-Lumpur va Bangkokga sayohatni rejalashtiring


    Mikrokreditbank xalqaro moliya institutlari bilan muhim kelishuvlarga erishdi


    Uzbekistan Airways Seulga kunlik aviaqatnovlarni taklif qiladi


    Texnologiyaning yangi bosqichi — HUAWEI Mate XT va HUAWEI Mate 70 Pro bilan tanishing

     

    Tavsiya etamiz

    Vashington Tehronga qarshi harbiy kampaniyadan Xitoy va Rossiyani jilovlashda foydalanmoqchimi? Mintaqamizni nimalar kutadi?

    19 iyun, 22:05

    Chelyabinskka qulagan meteorit — 540 kiloli osmon jismi qanday topilgan edi?

    19 iyun, 13:31

    Qariyb yarim asrlik mehnat yoxud Eron qanday qilib raketa derjavasiga aylandi?

    18 iyun, 20:05

    Raddiyaga raddiya: “Yuksalish” harakati va “O‘zsuvtaʼminot” AJ bir-birini yolg‘on maʼlumot tarqatishda ayblamoqda

    17 iyun, 00:10
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Klublar o‘rtasidagi JCH. Messining jarimadan kiritgan goli “Inter Mayami”ga g‘alaba taqdim etdi, “PSJ” esa kutilmaganda Braziliya klubiga mag‘lub bo‘ldi (video)

    Sport | 20 iyun, 08:45

    Eron tashqi ishlar vaziriga suiqasdning oldi olindi

    Dunyo | 20 iyun, 08:27

    Britaniyalik ayol eriga giyohvand moddalar sotib olish uchun ish joyidan 260 ming dollar o‘g‘irladi

    Dunyo | 19 iyun, 23:55

    “ChatGPT’dan foydalanish insonning aqliy qobiliyatlarini pasaytiradi” — tadqiqot

    Dunyo | 19 iyun, 23:45

    “AQSH va Eron Isroil hujumlari boshlanganidan so‘ng bevosita muzokaralar olib borgan” — OAV

    Dunyo | 19 iyun, 23:35

    CBS: Tramp Fordodagi uran boyitish markaziga zarba berishi mumkin

    Dunyo | 19 iyun, 23:25

    Klublar o‘rtasidagi JCH. “Palmeyras” “Al-Ahli”ni mag‘lub etdi

    Sport | 19 iyun, 23:15
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.