Andijon viloyati prokuraturasi xodimi katta miqdorda pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 12-noyabr kuni soat taxminan 23:00 larda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyati prokuraturasi xodimi 15 000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Toshkent viloyatidagi o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 1 gektar yerni 200 ming dollar evaziga olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangani, Qoraqalpog‘istonda 29 nafar abituriyentni o‘qishga kiritish evaziga 83 ming dollar olgan shaxs qo‘lga olingani hamda Sirdaryoda “ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarodan 400 dollar pora olgan hokim o‘rinbosariga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)