Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni tongda Istanbul shahrida o‘tayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda davlat rahbarlarining 2021-yilning mart oyida Toshkentda o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror sur’at bilan rivojlanib borayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lini qurish loyihasini jadal ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan. Mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etish uchun Istanbul shahriga keldi va shu kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyevni qabul qildi.
Sammitning asosiy tadbirlari 12-noyabrga mo‘ljallangan. Davlat rahbari ushbu sammitda muhim tashabbuslarni bildirishi kutilmoqda.
Izoh (0)