Foto: Facebook / Aziz Abduhakimov
Bu jarayonlarni e’tirof etgan O‘zbekiston hukumati “yashil” kun tartibidagi masalalarni ilgari surish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. “Bu bizning bugungi va kelajak avlodlar oldidagi insoniy burchimizdir”, — deya u Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqidan iqtibos keltirgan.
O‘zbekiston milliy miqyosda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha kompleks strategiya hamda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirmoqda. 2021-yildan boshlab mamlakatda har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. 2030-yilga kelib iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki barobarga, qayta tiklanadigan energiya ulushini esa kamida 25 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston 2010-yilga nisbatan 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat oladi (bundan avval 10 foizga kamaytirish rejalashtirilgan edi). Ushbu maqsadga erishish uchun kam uglerodli rivojlanish milliy strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
“Mintaqaviy miqyosda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi hamkorlari bilan birgalikda qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va unga tutash hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida qat’iy choralar ko‘rmoqda”, — deydi bosh vazir o‘rinbosari.
Ana shu chaqiriqlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida 2022-yili Nukus shahrida BMT shafeligida “yashil” energiya bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aziz Abduhakimov konferensiya ishtirokchilarini BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi doirasidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirgan.
“O‘zbekiston, shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan ‘Katta yigirmatalik’ (G-20) yig‘ilishida biologik xilma-xillik bo‘yicha muvozanatli va samarali Global asosni qabul qilish bo‘yicha kelishuvni olqishlaydi”, — deydi u.
Xalqaro ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun bosh vazir o‘rinbosari 2023-yilda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha yuqori darajadagi 6-assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgan.
U shuningdek, O‘zbekiston Glazgodagi sammitda qabul qilingan o‘rmonlar va yerdan foydalanish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Avvalroq BMTning iqlim bo‘yicha yig‘ilishida O‘zbekistonning tashkilotdagi doimiy vakili Orol muammosi haqida gapirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval