Sulton Sulaymon nomi o‘zbek tarixchilaridan ham ko‘ra kinotomoshabinlariga juda yaxshi tanish. Usmoniylar imperiyasining eng kuchli hukmdorlaridan biri sulton Sulaymon haqida biroz haqiqat va anchayin haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan voqealar asosida suratga olingan “Muhtasham yuz yil” seriali nafaqat o‘zbek, balki butun dunyo kino ixlosmandlari orasida juda mashhur. “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov 1494-yil 6-noyabrda tavallud topgan Sulton Sulaymonning faoliyati va aslida qanday hukmdor bo‘lgani haqida hikoya qiladi.

Sulton Sulaymon I Qonuniy eng buyuk usmonli edimi? 

1299-yilda tashkil topgan Usmoniylar imperiyasi tarixdagi eng qudratli va uzoq hukmronlik qilgan saltanatlardan hisoblanadi. Bu ulkan davlat uni boshqargan usmonlilar sulolasidan nomi bilan atalgan va imperiyaning taraqqiyotida sultonlarning xizmati beqiyos. Sulola asoschisi Usmon I Onado‘lidagi turkman qabilasi — qayilar urug‘ining yetakchisi edi.

Sulton Sulaymon ushbu saltanatning o‘ninchi sultoni bo‘lib, uning otasi sulton Salim I Yovuz qudratli hukmdor edi. Aynan Salim I usmonlilarning g‘arbda boshlangan muvaffaqiyatsizliklaridan keyin e’tiborni sharqqa — Osiyoga qaratadi. Bu paytda Yaqin va O‘rta Sharqning yana bir kuchli davlati — Safaviylar imperiyasi ham o‘z qudrat cho‘qqisiga chiqqandi.

Ikki buyuk davlat o‘rtasida boshlangan urushda sulton Salimning qo‘li baland keladi va Chaldiron jangidagi g‘alabadan so‘ng Safaviylar davlati poytaxti Tabriz egallanadi. Ammo Salim I vafotidan so‘ng Safaviylar hukmdori shoh Ismoil I Safaviy Tabrizni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da bu urushdan so‘ng Safaviylar saltanatida Usmoniylardan hadiksirash kayfiyati paydo bo‘ladi, hamda qizilbosh qo‘shinidagi shoh Ismoilning yengilmasligi haqidagi aqida ham o‘z kuchini yo‘qotadi. Qolaversa, bu g‘alaba Usmoniylarning Sharqdagi obro‘sini oshirib, Arabiston yarimoroli tomon yurish boshlashga yo‘l ochadi.

Suriya va Iroq Usmoniylar nazorati ostiga o‘tgach ancha kuchaygan Sulton Salim I Misrga yurish boshlaydi. Misrdagi Mamluklar saltanatini zabt etgan sulton o‘zini musulmon olamining xalifasi deb e’lon qiladi (mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng xalifalar Bag‘dodda emas Qohira yashardi). Shundan keyin 1925-yilga qadar usmonli sultonlari bir vaqtning o‘zida ham sulton, ham musulmon olami xalifasi hisoblangan.

Sulton Sulaymon I Qonuniy

Foto: Wikipedia

Sakkiz yil hukmronlik qilgan sulton Salim I o‘zidan ulkan hudud, qudratli va zamonaviy armiyani meros qilib qoldiradi. Uning yagona o‘g‘li sulton Sulaymon I esa otasining ishlarini davom ettirib, Usmoniylarning “oltin asri”ni yaratadi. Sulton Sulaymon, shubhasiz, Usmoniylarning eng buyuk hukmdorlaridan edi, ammo uning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun otasi sulton Salim I poydevor yaratib bergani ham rad etib bo‘lmas haqiqat edi.

Harbiy yurishlar

Sulton Sulaymon I Usmoniylar tarixidagi eng ko‘p harbiy yurishlar olib borgan sultonlardan hisoblanadi. 1520-yili taxtga o‘tirgan Sulaymon I otasidan farqli ravishda usmonlilarning g‘arbga hujumlarini qaytadan yana kuchaytiradi. Bir necha yil oldin Belgraddagi mag‘lubiyat sabab to‘xtab qolgan Sharqiy Yevropa yurishlari xuddi shu shaharning qo‘lga olinishi bilan qayta boshlanadi (1521-yil).

Sulton Sulaymonning nafaqat Sharqiy Yevropa yurishidagi, balki faoliyati davomidagi eng katta g‘alabalaridan biri bo‘lmish Mohach jangi natijasida Bolqon yarimoroli to‘liq usmonlilar nazorati ostiga o‘tadi. Biroq sultonning Vena qamali muvaffaqiyatsiz tugaydi va ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Avstriyaga qarshi ikkinchi yurish ham omadsiz yakunlangach Sulaymon I Avstriya imperatori Ferdinand bilan tinchlik sulhi tuzadi.

Sharqda, Safaviylar davlatiga qarshi sulton Sulaymon uch marta yurish uyushtiradi. Safaviylar hukmdori shoh Tasmasp har safar usmonli qo‘shini bilan ochiq jangga kirishdan qochadi va partizanlik kurashi olib boradi. Nihoyat 1554-yilda shoh Tahmasp bilan tinchlik shartnomasi tuzilib, sulton Sulaymon tomonidan egallangan Tabriz Safaviylarga qaytariladi. Buning evaziga esa Safaviylar shohi Bag‘dod va Mesopotamiyaga bo‘lgan da’volaridan voz kechadi.

Sulton Sulaymon I Mohach jangida

Foto: OERU

Dengiz floti

O‘rta Osiyo ko‘chmanchilari avlodlari bo‘lgan usmonlilar dastlab o‘z harbiy flotiga ega emasdi. Usmonlilarning dengizchilik merosiga sulton Salim I asos soladi. 1518-yilda tashkil qilinishi boshlangan turk floti O‘rta Yer va Qora dengizlarda, shuningdek, Hind okeanida ham harakat qila boshlaydi. Aynan ushbu flot bilan sulton Sulaymon I yana bir muzaffar yurishi — Rodos orolini egallab olishni amalga oshiradi. Olti oylik qamaldan so‘ng zabt etilgan bu orol uchun usmonlilar yuz mingdan ziyod askar safarbar etadi. Shafqatli Sulaymon I taslim bo‘lgan ritsarlarga kema ajratib, ketishiga ruxsat beradi. Orol aholisi besh yilga soliqlardan ozod qilinib, ularga cherkovlari buzilmasligi haqida va’da beriladi.

G‘arbda Barbarossa nomi bilan tanilgan usmonli dengiz kuchlari kapudoni (admiral) Xayriddin posho davrida turklar O‘rta Yer dengizi sharqida mutlaq ustunlikka erishadi. Usmoniylar floti 1538-yili bo‘lib o‘tgan Prezvez dengiz jangida Venetsiya, Genuya, Ispaniya va Papa viloyatining birlashgan kuchlarini mag‘lub etadi.

Sulaymon I davrida yanada kuchaygan turk floti Hind okeani orqali suzib, Hindistonning Boburiylar hukmronligi ostidagi shaharlariga yetib boradi. Sulton Sulaymon va Akbarshoh bu dengiz yo‘li orqali bir necha bor o‘zaro maktub ham almashadi.

Usmonli floti, shuningdek, Hind okeaniga kirib kelgan Portugaliya kemalari bilan kurash olib boradi va bir qancha muvaffaqiyatlarga erishadi. Xususan, turklar portugallardan Hindiston janubi-g‘arbidagi Diu shahrini tortib oladi.

Sulaymon Qonuniy

Buyuk Sulaymonning bu nomni olishiga uning bir qancha huquqiy islohotlarni o‘tkazgani sabab bo‘ladi. Sulton Usmoniylar imperiyasining huquq tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqadi va Safaviylar bilan savdoga qo‘yilgan embargo(taqiq)ni olib tashlaydi. Sulton barcha askarlarga yurishlar paytida dushman hududida bo‘lsa ham har qanday oziq-ovqat yoki boshqa narsalar uchun pul to‘lash haqida buyruq beradi.

Sulaymon soliq tizimini ham isloh qiladi. Sulton Salim I tomonidan joriy qilingan qo‘shimcha soliqlar bekor qilinadi va odamlar daromadiga qarab o‘zgarib turadigan shaffof soliq stavkalari tizimi amaliyotga kiritiladi. Barcha usmonli fuqarolari hatto eng yuqori mansab egalari ham qonunga bo‘ysundiriladi.

Sulaymon Qonuniy Usmoniylar saltanatida zamonaviy ma’muriy boshqaruvni 450 yil oldinroq joriy qilgan edi. U imperiyada ozchilikni tashkil qiluvchi xristian va yahudiylarni himoya qilib, nasroniy qullarni qullikdan ozod qiladi.

Haram, vorislik hamda o‘sha Hurram sulton

Sultonning Sulaymonning rasman ikki xotini bo‘lib, ularning birinchisi Mohi Davron sulton, ikkinchisi ukrainalik(ba’zi manbalarda polshalik) kanizak Hurram sulton (Roksolana) edi. Birinchisidan Mustafo nomli bir o‘g‘il ko‘rgan sulton Sulaymon, ukrainalik ayolidan yetti nafar o‘g‘il ko‘radi.

Roksolana (Hurram sulton)

Foto: Google Images

Turklar tomonidan ishlangan o‘sha mashhur filmda ko‘rsatilganidek, buyuk va adolatparvar sulton oila borasida muvaffaqiyatli bo‘lolmaydi. Sulton ikkinchi xotini tarqatgan mish-mishlar natijasida o‘zining valiahdi Mustafoni o‘ttiz sakkiz yoshida qatl ettiradi. Bu voqea nafaqat sulton Sulaymon faoliyatidagi eng katta xato bo‘ladi, balki imperiya tarixida ham eng yanglish qaror edi. Chunki shahzoda Mustafo o‘rniga taxtga o‘tirgan sulton Salim II na akasiga, na buyuk bobosiga o‘xshardi. Aksincha, ichkilikbozlikka ruju qo‘ygani bu sulton tarixda “Mast Salim” nomi bilan qoladi.

Hurram va Sulaymon o‘rtasidagi muhabbat tillarda doston bo‘ladi, ammo bu oshiqlik saltanat uchun ancha zarar keltiradi. Shahzodadan tashqari usmonlilarning mashhur buyuk vazirlaridan biri bo‘lmish Ibrohim Parg‘aliy posho ham ikkinchi sulton xonim olib borgan siyosiy o‘yinlar ortidan qatl etiladi.

So‘nggi yurish va sir tutilgan o‘lim

1566-yilda sulton Sulaymon bir o‘zining so‘nggi yurishi tomon otlanadi. Sulton Vengriya hududlari uchun bir necha yildan beri kurash olib borayotgan Avstriyaga hal qiluvchi zarba bermoqchi edi. 1566-yil 8-sentabrda bo‘lib o‘tgan Sigetvar shahri yonidagi jangda usmonli qo‘shini g‘alaba qozonadi. Ushbu g‘alabadan bir kun oldin buyuk usmonli sultoni, o‘z saltanatida adolat va tenglikni ta’minlashga intilgan Sulaymon I Qonuniy vafot etgan edi.

Sultonning o‘limi askarlar ruhini tushirib yuborib, mag‘lubiyatga sabab bo‘lmasligi uchun bu xabar sir tutiladi. Sigetvar va uning atrofi usmoniylar qo‘liga o‘tgachgina buyuk Sulaymonning o‘limi haqida xabar beriladi va hukmdorning jasadi Istanbulga keltiriladi. Shu tariqa eng buyuk usmonlilardan biri hayoti o‘z poyoniga yetadi.

Muhtasham yoxud buyuk Sulaymon I Qonuniy Usmoniylar imperiyasi hududi va obro‘sini sezilarli darajada oshiradi. Bundan tashqari u Usmonli san’atining “oltin davri”ni boshlab beradi. Sultonning o‘zi ham she’rlar yozib turgan. Uning davrida Sharq va G‘arb uslublarini birlashtirgan adabiyot, me’morchilik, falsafa, san’at yuksaladi.