Oliy Majlis Senatining yangi binosida Prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Prezident sifatida qasamyod qabul qilgan Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mamlakatida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish borasidagi taklifga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning o‘zi, islohotlar mantig‘i talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surilgan — bu konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish.
“Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz.
Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Prezident sifatida qasamyod qabul qilgan Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida prezident saylovidagi raqiblariga minnatdorlik bildirgani, quruq va yolg‘on gaplar, tagi puch raqamlar ziyon keltirishi to‘g‘risida gapirgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)