Xitoy 2027-yilga qadar qurollanishga 700 ta yadro kallagini yetkazib berishni, 2030-yilga borib esa ularning sonini mingga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Pentagonning Xitoy qurolli kuchlarini rivojlantirish borasidagi yillik hisobotida e’lon qilingan, deb xabar beradi “Kommersant”.
Bundan oldingi hisobotda AQSh Xitoyda 200 ta yadro kallagi borligi va 2030-yilga borib ularni ikki barobar oshirishni rejalashtirayotganini taxmin qilgandi.
Frans-Press’ning hisobotiga tayanib yozishicha, Xitoy strategik aviatsiya qit’alararo ballistik raketalar va suvosti atom raketa tashuvchilarni o‘z ichiga olgan “yadroviy triada”ni shakllantirmoqda. AQSh Mudofaa vazirligining hisoblashicha, Xitoy raqiblariga yadroviy qurol yordamida hujum qilish niyatida emas, ammo hujumlarning oldini olishni xohlayapti.
AQSh Qurolli Kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Mark Millining ma’lum qilishicha, dunyo hamjamiyati yuqori darajadagi strategik beqarorlik davriga o‘tmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro munosabatlar tizimida endilikda uchta kuch markazi shakllanyapti — Rossiya, Xitoy va AQSh.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning ittifoqdoshlari Jo Bayden administratsiyasi tayyorlanayotgan “Yadroviy siyosat obzori”ga yadroviy quroldan birinchi bo‘lib foydalanmaslik prinsipini kiritishi mumkinligidan xavotirda. AQSh sheriklarining fikricha, bu Rossiya va Xitoyga noto‘g‘ri signal bo‘lib, ularda “jazosizlik illyuziyasini” yaratishi mumin.
Avvalroq Xitoy AQShni Tayvan bilan rasmiy aloqalarini zudlik bilan to‘xtatishga, shuningdek, sovuq urush mentalitetidan voz kechib, XXRga xayoliy raqib sifatida munosabatda bo‘lishni bas qilishga chaqirgandi.
Izoh (0)